Davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarida bolalarni AKT vositalari orqali ingliz tiliga o'rgatish

Hammamizga ma'lumki XXI asr aql va zakovat, fan va texnika asridir. Texnika vositalari inson faoliyatining barcha jihatlarini jadallik bilan qamrab olmoqda. Xususan, bugungi kunda axborot kommunikatsiya texnologiyasi barcha ta'lim tashkilotlarida, shu bilan birga davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarida ham muhim o'rin egallamoqda. Davlatimiz tomonidan ta'lim jarayonini axborotlashtirish, uning moddiy bazasini boyitish, o'quv jarayonida axborot kommunikatsion texnologiyalaridan samarali foydalanish uchun kerakli zamonaviy dasturiy vositalar bilan ta'minlash yuzasidan ko'plab tadbirlar amalga oshirilmoqda. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 21-martdagi Zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish va rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida  PQ-1730-son Qarori qabul qilinganligi hamda maktabgacha ta'lim tashkilotlarining moddiy texnika bazasini mustahkamlash uchun aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilganligi buning yaqqol misolidir.
Maktabgacha ta'lim bu uzluksiz ta'limning bosh bo'g'inidir. Shuning uchun ham bolalarni maktab ostonasiga tayyorlash, hamda ularning ongiga bilim olishning qanchalik ahamiyatli ekanligini singdira olish, tarbiyachilarning zimmasiga muhim mas'uliyat yuklaydi. Shuningdek, ilg'or pedagogik texnologiyalar asosida ingliz tili mashg'ulotlarini olib borish davr talabidir. Zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari asosida tashkil etilgan mashg'ulotlarda tarbiyalanuvchilar oddiy mashg'ulotlarga nisbatan faol ishtirok etadi va ingliz tili darsining samaradorligi oshadi. Shuni hisobga olish kerakki, hozirgi zamon bolalari ilg'or texnologiyalar davrida voyaga yetishmoqda va bularni ta'lim jarayonida texnika vositalaridan to'laqonli foylalanishlariga imkon yaratadi. Buning uchun maktabgacha ta'lim tashkilotlarida bolalarga ingliz tilini milliy tariximiz va an'analarimizga sodiq qolgan tarzda kompyuter jamlanmasi, radio, televizor, magnitafon va internet vositalari orqali o'rgatilsa, maqsadga muvofiq bo'ladi.  Zamon talabiga mos ravishda ingliz tili darsini o'tish bolalarning dunyo qarashini rivojlantirishga turtki bo'la oladi. Shunday ekan, ingliz tili darslarini samarali pedagogik usullar yordamida tashkil etish tarbiyachilarning maqsad sari ildam odimlashlarida yetakchi vosita bo'lib xizmat qiladi. Umuman olganda, kompyuter ingliz tilini o'zlashtirish jarayonida bolalarga muhim yordamchi vositadir. Kompyuter yordamida pedagoglar o'z faoliyatlari davomida ko'rgazmali materiallar namoyish etish, turli xil o'yinlardan foydalanish hamda bolalarning intellektual salohiyatini rivojlantiruvchi vositalar uyg'unligini ta'minlash imkoniyatiga ega bo'ladilar.
Ta'lim tizimida o'z ahamiyatini yo'qotayotgan hozirgi an'anaviy ta'lim shaklini yangi pedagogik texnologilar asosidagi kompyuterli ta'lim egallamoqda. Shuning uchun butun e'tiborni hozirdan boshlab yurtimiz kelajagi bo'lgan yosh avlodning kompyuter savodxonligini mustahkamlashga qaratish zarur.
Bu borada mamlakatimizdagi ko'pgina  davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarida olib borilayotgan ta'lim-tarbiya ishlarida axborot kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) vositalaridan foydalanish yaxshi samara berishi isbotlanmoqda. AKT vositalaridan faqat ta'lim vositasi sifatida emas, balki tarbiyalanuvchilarning fikrlash doirasini, xotirasini, dunyo qarashini rivojlantiradigan didaktik o'yin vositasi sifatida foydalanish ham muhim ahamiyatga egadir.
Shuni alohida ta'kidlash joizki, o'quv mashg'ulotlarining AKT vositasida tashkil etilishi bolalarning bilim olishga qiziqishini oshiradi; berilgan materiallarni o'zlashtirishni yengillashtiradi, ularda mustaqil fikrlash ko'nikmalarini shakllantirishga imkon yaratadi. Har qanday boladan o'z predmeti doirasida yetarli darajada kompyuter savodxonligiga ega bo'lishi va undan oqilona foydalanishi talab etiladi. Bu esa axborotlashgan ta'lim jarayonida o'ziga xos didaktik ahamiyatga ega.
AKT - bu ma'lumotni bir ko'rinishdan ikkinchi, sifat jihatidan yangi ko'rinishga keltirish, axborotni yig'ish, qayta ishlash va uzatishning usul va vositalari majmuasidan foydalanish jarayonidir. Uning turlari ko'p bo'lib, ular quyidagilar:
Davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarida AKT vositalaridan foydalanish zamonamizning an'anasiga aylanib, tarbiyachilarga ingliz tilini o'qitishni jadallashtirishda va ularning bilim ko'nikmalarini rivojlantirishda qo'l kelmoqda. Respublikamizning barcha oliy ta'lim muassasalarida kompyuter sinflari, lokal tarmoq va internet tarmog'iga ulanish imkoniyati mavjud. Lekin shuni ta'kidlash lozimki, bunday axborotlashtirilgan tizimni barcha maktabgacha ta'lim tashkilotlarida uchratish qiyin. Shu sababli, barcha maktabgacha ta'lim tashkilotlari AKTdan foydalansa va videoa-aloqa vositalari bilan jihozlanib, korporativ tarmoqdan foydalanish ko'lamini yanada oshirsa, ma'lumotlar almashinuvi sifatini yangi bosqichga olib chiqadi. Masofaviy elektron tizimi orqali bog'cha tarbiyachilari real vaqtdagi video va audio ta'lim resurslarini masofadan yozib olishi va istalgan vaqda o'qitish jarayonida foydalanishi mumkin. Ingliz tilida so'zlashuvchi xorijiy mamlakatning maktabgacha ta'lim tashkilotlari bilan video aloqa o'rnatgan holda malaka almashishi yoki u yerdagi bolalar bilan to'g'ridan to'g'ri aloqa o'rnatishi mumkin. Bunday ilg'or texnologiyalardan foydalanish, kelajak avlodning fikrlash doirasini yanada rivojlantiradi va ingliz tilida muloqot qilishga chorlaydi. Maktabgacha ta'lim tashkilotlarida zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish, hozirgi halqaro ta'lim talablariga javob beradi, qolaversa, zamonaviy ta'lim texnologiyalari asosida ingliz tilidan sifatli bilim olishga chorlaydi.
Demak, Davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarida bolalarga ingliz tilini o'rgatish jaryonida multimedia texnologiyasi va vositasidan foydalanish mashg'ulotlarning samaradorligini oshirish bilan bir qatorda ular xotirasini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Avvalom bor, hozirdanoq bolalarimiz yangi multimedia texnologiyasi, kompyuter texnologiyalariga moslashib borishlarini tashkil etish zarur. Chunki, AKT - bu maktab yoshigacha bo'lgan bolalar uchun muhim bo'lib, ingliz tilini o'rganish samaradorligini yuksaltirishda asosiy omil hisoblanadi. Hamda tanqidiy ijodiy fikrlashni va ingliz tilida so'zlashish motivatsiyasini shakllantiradi. Shuning uchun ham, hozirgi vaqtda maktabgacha yoshdagi bolalarga yangi pedagogik texnologiyalar asosida mashg'ulotlar o'tkazish, ularning kompyuter savodxonligini oshirish, hamda axborot jamiyati hayotiga psixologik tayyorgarliklarini shakllantirish masalalari muhim vazifalar sirasiga kiradi.
Rufat ABDUXOLIQOV, 
Samarqand davlat chet tillar instituti 
3-bosqich talabasi.