Yoshlarga oid davlat siyosatida tarbiyaning ahamiyati

Albatta shu o'rinda, yosh huquqshunos sifatida Konstitutsiyamizning davlatimizda tutgan yuksak ahamiyatiga to'xtalib o'tishim kerak deb hisoblayman. Albatta, har bir suveren davlatning huquqiy asoslaridan biri bu uning asosiy Qonuni Konstitutsiyasidir. Tarixiy rivojlanish bosqichlari ko'rsatganidek, har qaysi jamiyat kelajakni o'ylab yashaydi va uning poydevorini mustahkam qurishga harakat qiladi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, mustaqillik yillarida davlatimiz, jamiyatimiz, millatimiz erishgan buyuk yutuq - O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi desak mubolag'a bo'lmaydi. Negaki, Konstitutsiya tushunchasida avvalo, inson mafaatlari birinchi o'ringa qo'yiladi, undan tashqari asosiy Qomusimiz davlatni boshqarish, mamlakat yaxlitligini, gender tengligini ta'minlaydi, yoshlar huquqlarini, oila munosa-batlarini hamda ijtimoiy hayotning barcha yo'nalishlarini huquqiy jihatdan mustahkamlaydi.
Mamlakatni har tomonlama rivojlantirishda, fuqarolik jamiyatini qurishda yoshlarning alohida o'rni bor. Bejizga, Prezidentimizning "Yangi O'zbekistonni yoshlar bilan birga quramiz",- degan so'zlari bugungi kunda shiorimizga aylanmadi. Yangi Konstitutsiya loyihasini ishlab chiqish jarayonidan tortib targ'ibot loyihala-rigacha yosh kuchlar o'z hissasini qo'shib kelishmoqda. Bunga misol qilib, Yoshlar Parlamenti a'zolarini loyiha ishlab chiqishdagi ishtiroki, barcha Oliy ta'lim muassasalari talabalarining esa Konstitutsiya targ'ibotidagi munosib ishtiroklarini keltirishimiz mumkin.
Darhaqiqat, har bir davlatning kelajagi o'zi tarbiyalagan yosh avlodi qo'lida bo'ladi. Shunday ekan, Konstitutsiyamizda biz yoshlarga atab alohida "Oila, bolalar va yoshlar" deb nomlangan yangi bob (XIV bob)ning kiritilishi huquqlarimizni yanada mustahkamlash bilan bir qatorda, yorqin kelajakka bo'lgan ishonch va ishtiyoqimizni yanada oshirdi. Ushbu 5 ta (76-80-moddalar) modda tarbiyaviy jihatdan alohida ahamiyatga molikdir. Huquqiy jihatdan olib qaraydigan bo'lsak ham har bir ishga faqat sanksiyalar bilan jazolash yoki rag'batlantirish orqali erishib bo'lmaydi, albatta bu huquqning buzilishiga olib kelishi fanda isbotlangan. Ya'ni ular huquqiy neglizm va huquqiy idealizm hisoblanadi.
Tarbiya nafaqat hozirgi kunda balki qadimdanoq buyuk ajdolarimiz tomonidan ham jamiyatdagi kemtiklarni to'ldiruvchi vosita sifatida qaralgan. Mumtoz o'zbek adabiyotiga ulkan hissa qo'shgan Alisher Navoiyning quyidagi to'rtligida:
Nokasu nojins avlodin kishi bo'lsin debon
Chekma mehnatkim, latif o'lmas kasofat olami -
Kim kuchuk birla xo'tukka necha qilsang tarbiyat,
It bo'lur dog'i eshak, bo'lmas aslo odami.
Haqiqatdan ham jonzotlar orasida faqat insongina ta'lim-tarbiyasi tufayli barcha mahluqotlardan ajralib turadi. Biroq, unda yoshlikdanoq yovuzlik, adovat, hasad, tuhmat va yolg'onchilik kabi illatlar shakillansa, uni har qancha tarbiya etgani bilan bartaraf etib bo'lmaydi. Tarbiyani inson dunyoga kelishi bilanoq, balki ona qornidaligidanoq boshlamoq kerakligini g'azal mulkining sultoni Alisher Navoiy yuqoridagi misralari bilan tushuntirgan.Jadidchilik namoyonalaridan biri Abdulla Avloniyning : "Tarbiya biz uchun yo hayot-yo mamot, yo najot-yo halokat, yo saodat-yo falokat masalasidir" degan so'zlari barchamiz uchun mashhurdir. Ushbu fikr hozirgi kunda ham o'z ifodasini topmoqda.
XX asring yana bir mashhur yozuvchi va shoiri G'afur G'ulom asarlari orqali ham bola huquqlarini mustahkamlashni, mamlakatni siyosiy ahvoli yoshlar ta'lim-tarbiyasiga qaratilayotgan e'tiborga bevosita bog'liqligini yuksak mahorat bilan ochib bergan. "Yosh kuchlarni to'plash" deb nomlangan adabiy-tanqidiy maqolasida ham: "…Biz ularni ko'raylik, tarbiyalari masalasida bosh qotiraylik. Tokaygacha biz bir turkum yozuvchilarga suyanib qolaveramiz", deya ijod quvvatlarini ommalashtirishga harakat bilan bir vaqtda ularning tarbiyasiga ham e'tibor qaratadi.
Ko'rib turganimizdek, har zamonning daholari ham yoshlar tarbiyasi qanchalik muhim ekanligini ta'kidlab, buyuk ijodlari orqali buni isbotlab ham berishgan.
Laylo Bahromova,
Toshkent davlat yuridik universiteti
2-bosqich talabasi.
Мавзуга оид:

BUGUNNING TALABI, ERTANING KAFOLATI
- 19 апр, 15:28

Referendumga tayyorgarlik qizg'in
- 04 апр, 12:08

Nodavlat tashkilotlari qanday faoliyat yuritadi?
- 25 янв, 13:30

SHE'R QANDAY YOZILADI?!
- 12 авг, 14:00

21-oktabr O`zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun
- 21 окт, 10:27