OLAMNI YASHNATAR - QISHLOQ AYOLI
2022-yil 11-oktyabr kuni Oqdaryo tumani Oila va xotin-qizlar bo‘limi va mahallalardagi xotin-qizlar faollari tashabbusi bilan Oqdaryo tumani "Oqila ayollar" harakati kengashi bilan hamkorlikda “11-oktyabr - Xalqaro qizlar kuni” va “15-oktyabr - Xalqaro qishloq ayollari kuni”ga bag'ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Oqdaryo tuman hokimi o‘rinbosari - Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Yu.O‘roqova tadbirni kirish so'zi bilan ochib berdi va barcha xotin-qizlarni bayramlari bilan muborakbod etdi.
Tadbirning birinchi qismi "Qishloq ayollari - zavqli mehnat quchog‘ida" deb nomlanib, ishtirokchilar tadbirkor ayollar - N.Aslanova, G.Xoliqulova, K.Temirova, G.Shaxobiddinova, B.Hamidova, N.Boymurodova, S.Umrzoqova, M.Toyirova, Z.Ravshanovalarning faoliyatlari bilan tanishdilar.
"Ayol mehnatiga zavq bergan - uning qalbidagi san'at va muhabbat" mavzusidagi tadbirning ikkinchi qismi "O‘zbekiston" MFYdagi "Shodiyona" bazmgohida tashkil etildi. Taniqli madaniyat xodimi M.Eshmurodova, ijodkor shoiralar O.Mamatova, T.Gadoyeva, B.Temirova, hukumatimiz tomonidan namunali mehnatlari uchun taqdirlangan nuroniy onaxonlar M.To‘raqulova, O.O‘tayeva, Xalq maorifi a'lochilari K.Qilicheva, H.Abduhalilova, tadbirkor ayollar mehmon sifatida ishtirok etdilar.
"Tarona" bolalar raqs ansambli va "Omon yor" folklor ansamblining diltortar san'at namunalari yig'ilganlar olqishiga sazovor bo‘ldi.
Tadbir so‘ngida faol qizlar va namunali ayollarga faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbir bir piyola choy ustida davom etdi.