Bog‘chada ishlayotganlarni oylik maoshi qachon oshadi?

Yaqinda tahririyatda maktabgacha tarbiya masalalari bilan bog‘liq bo‘lgan matbuot anjumani o‘tkazdik. Savol-javoblarda shu narsa ma’lum bo‘ldiki, ayni paytda bog‘cha mudirasining oylik maoshi 1 800  ming so‘mni, tarbiyachilarniki esa 1 600 ming so‘mni tashkil etarkan. Mudira ham, tarbiyachi ham ertalab soat 7:00 dan boshlab to 17:00 gacha bolalar bilan ishlaydi. Yuqoridagi oylik kamlik qilmaydimi? Biz shu savol bilan ko‘plab bog‘cha mudiralari va tarbiyachilarga murojaat qildik. Ularning aytishiga qaraganda bu masala bo‘yicha tegishli tashkilotlarga bir emas, o‘n martalab murojaat qilingan. Biroq ahvol o‘zgarmayapti deyishdi ular.

Haqiqatdan ham bog‘cha mudiralarining gaplarida jon bor. Yuqoridagi maosh bilan ro‘zg‘or boqish ancha mushkul. Buning ustiga bolalar bilan ishlashda mas’uliyat yuqori bo‘lishi kerak. Moliya vazirligidagi mutasaddilar ham bu borada jiddiy o‘ylab ko‘rib, bolalar bog‘chalarida ishlayotgan yurtdoshlarimizning oylik maoshlarini oshirish haqida amaliy ishga kirishlari lozim. Hech bo‘lmaganda mudiralarning oylik maoshi 3 million so‘mni, tarbiyachilarniki esa 2 500 ming so‘mni tashkil etsa, har holda adolatdan va insofdan bo‘lardi. Bir so‘z bilan aytganda moliyachilarga bu borada insof tilaymiz.

Kenja botir.