Guruch tashuvchining Hyundai Groupʼga asos solishi

Tasavvur qiling, bugun velosipedda doʻkonlarga guruch tarqatayotgan yigit bilan suhbat qursangiz, u sizga nimalar haqida soʻzlagan boʻlar edi? Ehtimol, yashashning oson emasligi, ertangi kunning mavhumligi, hasrat va armonlar, noaniq rejalar...


Koreya yarimorolining shimolida 1915-yilda tugʻilgan, chekka qishloqdagi serfarzand oilaning toʻngʻichi boʻlgan Chung Ju Yungni hamma ʼguruch tashuvchiʼ deb chaqirardi.


Ogʻir mehnat, akalik masʼuliyati uni erta ulgʻaytirdi. Boshlangʻich taʼlimdan soʻng Chung Ju Yungni maktabdan chiqarib olishdi, temiryoʻl qurilishiga tashlashadi. Bu unga qattiq alam qildi.


Orzular ustun keldi: navqiron Chung Ju Yung ularning ortidan yirik shahar Seulga yoʻl oladi. U avvaliga doʻkonlarga guruch tarqatadi. Bir muddat mablagʻ toʻplab, 1940-yilda kichik avtomobil ustaxonasini ochadi. Bu yer bugun biz bilgan Hyundai Group korporatsiyasining beshigi edi.


Chunning laqabi - Asan. U 1990-yillarda Shimol bilan oʻrnatilgan diplomatik aloqalardan soʻng Shimoliy Koreyaga rasman tashrif buyurgan janublik ilk rasmiy mehmon boʻldi. Tashrif sharafiga ikki davlat oʻrtasidagi ulkan poʻlat koʻprik hamda 1000 nafar qoramol Asanning ona yurtiga sovgʻasi boʻldi.


Nega qoramol?


Gap shundaki, u oʻn sakkiz yoshida oilasiga qarashli sigirni sotib, Seulga qochib kelgan, keyinchalik hammasi iziga tushib, oilasini himoyasiga olgan edi. Keksa Asan yarim asrdan oshiqroq vaqt oʻtib qishlogʻiga ming bosh qoramol bilan qaytgani xayrli boʻldi.


Asanni "poʻlat iroda sohibi" deyishadi. Bugun Hyundai Group jahonning eng yirik kemasozi, avtomobilsozlik va oʻndan ziyod sohalarda yetakchilardan sanaladi.


Guruch tashuvchining hayotini oʻzgartirgan 5 jihat


Qora ishchi. Uni koreyaliklar hanuz qora ishchi sifatida esga olishadi. Ha, u shunchalar mehnatkash edi. Milliarderlik yillarida ham oddiy ishchilar orasida qora mehnat qilishdan qaytmagan.


Erta uygʻongan. Chung Ju Yungning oilasi har kuni tonggi 5:30 da nonushta qilgan. Oʻzi esa farzandlaridan bir soat avval uygʻongan.


Kuchli ishonch. Orzu va uning roʻyobini kuchli istak bogʻlab turadi, degan edi u.


Yaqinlarini qadrlagan. Muvaffaqiyatli kunlar boshlanishi bilan Asan aka-uka, yaqinlarini - oilani bir yerga jam qilgan, ularga bosh boʻlgan va hamjihatlikda ish qilgan.


Yon berishdan avval urinib koʻrgan. Bu ishni uddalashga hech urinib koʻrdingmi? U doimo shu savolni berar edi. U doim ishchilarni muammoga emas, yechimga diqqat qilishga chorlagan. Jurʼat va qatʼiyat Chung Ju Yung feʼl-atvorining asosi boʻlgan.


Vatanparvarlik. ʼMashinalar - gʻildirakka oʻrnatilgan milliy bayroqlar. Agar biz yaxshi avtomobil ishlab chiqarsak va uni eksport qilsak, u butun jahonga Koreya texnologiyasi hamda sanoatimizning qudrati haqida xabar beradiʼ, degan edi biznesmen.       
Мавзуга оид: