Xalq ta'limi fidoyilari IBRATLI UMR SOHIBI

Ba'zi insonlar haqida gap ketganda, "Yaxshi insonning farzandi yaxshi bo'ladi " yoki "Qaniydi mening ham farzandim shunday bo'lsa?!", - deya havas qilishadi.
Darhaqiqat, dunyoda shunday insonlar borki, ularning har bir so'zi purma'no, qilayotgan ishlari ezgulik va insonparvarlikka yo'g'rilgan. Ular yashayotgan hayot yo'li esa kelajak avlodga ibrat namunasidir. Maqolamiz qahramoni Dagar Shodmonov ham ana shunday kamtarin inson, tajribali, fidoyi ustozlardan.
Dagar Shodmonov 1961-yil Samarqand viloyati Oqdaryo tumani "Avazali" MFYga qarashli Qurilish qishlog'ida tug'ilgan. O'rta maktabni bitirgach, 1979-yilda S.Ayniy nomidagi Samarqand Davlat pedagogika institutining ona tili va adabiyot fakultetiga o'qishga kirdi. 1986-yilda oliygohni yakunlab, o'sha yiliyoq tumanimizdagi 14-umumta'lim maktabida "Yoshlar etakchisi" vazifasi bilan o'z ish faoliyatini boshladi.
1991-yil tumandagi 13-umumta'lim maktabida ona tili va adabiyot fanidan dars bera boshladi va shundan buyon ushbu bilim dargohida o'zining bor bilimini o'quvchilarga astoydil o'rgatib kelmoqda. Ustozning o'gitlaridan, ko'rsatgan yo'l-yo'riqlaridan ilhomlangan o'quvchilar kitobxonlik, ijodkorlik va she'rxonlik yo'nalishlarida tumandagi boshqa maktab o'quvchilariga ham o'rnak bo'lishmoqda. Dagar Shodmonov kasbiga bo'lgan cheksiz hurmat va sadoqati tufayli shogirdlarini o'z farzandlaridek ardoqlab, ezgu maqsadlar sari yo'naltirdi va jamiyatimiz ravnaqi yo'lida mehnat qiladigan fidoyi, izlanuvchan yoshlar qilib tarbiyalashdek ibratli ishlarni maqsad qilib oldi. U kishi o'zining uzoq yillik o'qituvchilik faoliyati davomida bor bilim va mahoratini va insoniylik fazilatlarini, ko'z nuri va qalb qo'ri, butun borlig'ini yosh avlod ta'lim - tarbiyasiga bag'ishladi. Dagar Shodmonovdan ta'lim olgan bir necha o'quvchilari hozirda ustozi bilan bir maktabda faoliyat ko'rsatmoqda.
Jonkuyar ustoz oilada ham mehribon ota, samimiy umr yo'ldosh. Turmush o'rog'i Gulsin opa bilan bir o'g'il, uch qizni tarbiyalab voyaga yetkazishdi. Ayni paytda esa nabiralarning sevimli bobosi. O'g'li tumandagi 12-umumta'lim maktabida MMIBDO' bo'lib ishlaydi. Qizlari ham namunali oilalarning kelinlari. Dagar aka o'zining baxtini albatta farzandlari, qolaversa, shogirdlarni kamolida ko'radi. Ayni paytda ustoz Dagar Shodmonov nafaqada bo'lishga qaramasdan hamon o'zining sevimli maskani 13-umumta'lim maktabida faoliyat ko'rsatib kelmoqda.
- Xalqimiz farzandlariga ona tili va adabiyot fanlarining sir-asrorlarini o'rgatish, kelajagimiz egalari bo'lgan yosh o'g'il-qizlarni ona-Vatanimizga mehr-muhabbat va sadoqatli inson qilib tarbiyashdek ezgu maqsad yo'lida astoydil harakat qilaveraman, - deydi ustoz Dagar Shodmonov faxr bilan. - Ta'lim-tarbiya bergan shogirdlarimning kamolini korish men uchun katta baxt, qolaversa, biz o'qituvchilarning mashaqqatli, ammo sharafli mehnatiga berilgan bahodir.
Darhaqiqat, kelajak maktabdan boshlanadi. Biz ham kamtarin va o'z kasbining fidoyisi bo'lgan ustoz pedagog Dagar Shodmonovning sharafli va mas'uliyatli ishlariga ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz. Zero, shunday fidoyi insonlar bor ekan, millat kelajagi buyuk, farzandlarimiz barkamol bo'lib ulg'ayaveradi.
Viloyat Xoliqova,
13-umumta'lim maktabining ijodiy-madaniy masalalar bo'yicha targ'ibotchisi.
Мавзуга оид:

Nodavlat tashkilotlari qanday faoliyat yuritadi?
- 25 янв, 13:30

SHE'R QANDAY YOZILADI?!
- 12 авг, 14:00

21-oktabr O`zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun
- 21 окт, 10:27