Mehnatidan baxt topayotganlar "JANNAT BOYBO'TA"DA PAXTA TERIMI QIZG'IN

"Jannat Boybo'ta" fermer xo'jaligi tumanimizning eng so'lim go'shalaridan biri bo'lgan Oqdaryo daryosi sohillarida joylashgan. Hududi 103 gektar yer maydo-niga ega bo'lgan, qolaversa, tuman miqyosida peshqadamlar safida turadigan ushbu fermer  xo'jaligiga qator yillar mobaynida Manzura Qilicheva rahbarlik qilib kelmoqda. Joriy yilda xo'jalikning 58 gektar yer maydoniga g'alla, qolgan qismiga esa yurtimiz iqtisodiyotining asosiy xom ashyosi bo'lgan paxta hosili yetishtirildi. 

- Jamoa xo'jaligimiz o'z faoliyatini dastlabki yillar 10 gektar yer maydonida paxta hosili yetishtirish bilan boshlagan edik, -deydi fermer xo'jaligi rahbari Manzura Qilicheva. -  Keyinchalik atrofimizdagi fermer xo'jalik yerlari optimallashtirilib, bizning yerlarimizga qo'shib berildi. Shundan buyon mavjud ekin maydonlarida jamoamiz bilan astoydil mehnat qilib, har yili paxta va g'alla bo'yicha davlat rejalarini oshig'i bilan bajarishga erishib kelmoqdamiz. Ma'lumki, dehqonchilik mashaqqatli ish, yilning to'rt faslida ham dalalarda ish jarayoni davom etadi. Shunday bo'lsada, mashaqqatli mehnatlar evaziga yetishtirilgan hosilimiz yil yakuni bo'yicha sarhisob qilinganda, ayniqsa, zimmamizga qabul qilgan rejalarimizni oshig'i bilan bajarganimizda, yuzimiz yorug' bo'ladi va barcha charchoqlarni unutamiz. 

Darhaqiqat, joriy yilda ham xo'jalik g'allakorlari 58 gektar maydonga bug'doy ekishib,  231 tonna sara don hosili yetishtirishib, davlat rejasini ortig'i bilan bajarishdi. Xo'jalikning O. Suyarov, Sh. Pardayev, M. Ahmadov, K. Allayorov kabi o'z kasbining ustalari har bir dala yumushini sidqidildan ado etishib, erishilayotgan yutuqlarga o'zlarining munosib hissalarini qo'shib kelishmoqda. 

Ayni paytda fermer xo'jaligida paxta yig'im-terimi  avj pallasida. Mashaqqatli mehnatlar evaziga yetishtirilgan qimmatbaho sanoat xom ashyosining bir grammini ham nes-nobud qilmasdan, yog'in-sochinli kunlarga qoldirmasdan yig'ib-terib olish uchun qizg'in kurash ketmoqda. Dalalarda yetishtirilgan mo'l-ko'l paxta hosilini yig'ishtirib olish maqsadida   xo'jalikning barcha a'zolari, ayniqsa chevar terimchilarning qo'li qo'liga tegmaydi. Erta tongdanoq kunlarni tonglarga, tonglarni tunlarga ulab tinimsiz mehnat qilayotgan terimchilar bir-biridan qolishmasdan dala-larda javlon urishmoqda. Ana shunday terimchi qizlardan Xolida Rahmonova, Go'zal Husainova , Dilbar Odilova, Zarina Mama-rahimova, Shalola Obloqulova, Shahnoza Kamolovalar kuniga oq oltin xirmoniga 200-250 kilo-grammdan paxta terishib, boshqalarga o'rnak bo'lishayotir. 

Shuni alohida ta'kidlash kerakki, fermer xo'jaligida terimchilar uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilgan. Ular har kuni tushlik paytida issiq ovqat bilan ta'minlanmoqda.  Shuningdek, har besh kunda mehnat haqlari bilan bir qatorda tuman hokimligi va xo'jalik rahbari  tomonidan sovg'a-salomlar bilan rag'batlantirib borilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, fermer xo'jaligining barcha a'zolari o'z mehnatlarining qadr topganidan xursand. Zero, yurtboshimiz ta'kidlaganidek, o'z xalqini rozi qilgan har qanday rahbar el-yurt hurmatiga sazovor bo'ladi, obro'-e'tibor topadi.

Biz ham "Jannat Boybo'ta" fermer xo'jaligining mehnatkash a'zolariga ezgu maqsad yo'lida aslo horimang, deb qolamiz.

Erkinoy QARSHIYEVA.