NAMUNALI OTA-ONA BO'LA OLYAPMIZMI?

So'nggi kunlarda maktab o'quvchilari bilan bog'liq turli holatlarni kuzata turib, yurtimizdagi barcha ota-onalarga bir savol bilan murojaat qilishni istadim: bugun biz namunali ota-ona bo'la olyapmizmi? Namunali ota-ona kim o'zi?

Ijtimoiy tarmoqlarda farzandlarimiz tarbiyasi, aniqrog'i tarbiyasizligi bilan bog'liq ko'plab videolar tarqalmoqda. Birida o'g'il bola o'quvchi hech tap tortmay ustozi va qiz bola sinfdoshlari oldida kurakda turmaydigan mavzuda gapirishga haddi sig'ayotgan bo'lsa, boshqasida bir-bir bilan mushtlashayotgan o'g'il-qizlarga guvoh bo'lish mumkin. Afsuski, bunday holatlar kam emas.

Kelajagimizni ta'minlashda har tomonlama yetuk avlodni tarbiyalash, mustaqil fikrlaydigan, ezgu fazilatlarga ega yoshlarni voyaga yetkazish bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biriga aylanib bormoqda. 

Xo'sh, bunda bugungi ota-onalarning o'rni va xizmatlari qanday bo'lyapti? Bugungi namunali ota-onalarning hayotiy mezonlari nimalardan iborat?

Qayd etish joizki, Vazirlik tomonidan ishlab chiqilgan "Namunali ota-ona" mezonlarida bu haqida quyidagicha muhim ta'riflar keltirib o'tilgan.

Unga ko'ra, o'z farzandining ta'lim-tarbiyasi bilan muntazam shug'ullanadigan, uni tinglash uchun doim vaqt topa oladigan, farzandida o'qishga bo'lgan ishtiyoqni oshirib, unga motivatsiya beradigan ota-onalar bu borada yetakchilik qiladi.

Farzandi ongida ma'naviy qadriyatlarni shakllantira oladigan, uni umuminsoniy va milliy qadriyatlar hamda jamiyatdagi qonun va qoidalarga hurmat ruhida tarbiyalaydigan, bu borada o'zi shaxsiy namuna bo'la oladigan ota-onalar ham ushbu mezonga to'la mosdir.

Farzandining bo'sh vaqtini kimlar bilan va qanday o'tkazayotganini doimiy nazorat qilib boradigan, uni ta'lim oladigan maktab jamoasiga nisbatan hurmat ruhida tarbi-yalayotgan insonlar namunali ota-onalardir.

Sababi, yuqorida keltirib o'tilgan o'quvchilar ishtirokidagi salbiy holatlarning tag zamirida ota-onalarning o'z farzandi tarbiyasi, kelajak taqdiriga befarqligi va uning bo'sh vaqtini qanday o'tkazayotgani bilan qiziqmasligi yotibdi.

Istardimki, ota-onalarimiz, mahalla-ko'y va bobo-buvilarimiz bolalarimiz bilan ko'proq suhbat olib borishsa, ularning hayot, odob-axloq, kelajak orzulari, qiziqishlari haqida bolaning o'zi bilan muloqot olib borsa.

Farzand tarbiyasidagi muvaffaqiyat kaliti bu albatta unga bo'lgan muhabbat, g'amxo'rlik va hurmatdir. Farzand har jihatda namunani ota-onasidan oladi. Namunali ota-ona bo'lishning shartlari esa juda oddiy va shu bilan birga juda murakkabdir. Ammo uning mevasi shirin, bu -  farzand kamoloti va baxtidir.

Shunday ekan, aziz ota-onalar! Zimmangizga yuksak va mas'uliyatli vazifa yuklatilgan, oilangizda o'rnatilgan namunali tartib va ijobiy muhit nafaqat farzandingiz tarbiyasiga, balki sizning kelajagingizga bevosita ta'sir etishini unutmasligingizni so'rab qolaman.

                   Sadaf Toshpo'latova,  40-maktabningamaliyotchi psixologi.