Majburiy mehnat uchun qanday javobgarlik mavjud?

Majburiy mehnat uchun ma'muriy va jinoyiy javobgarlik belgilangan bo'lib, O'zbekiston Respublikasi ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 51-moddasiga asosan mehnatga biron-bir shaklda ma'muriy tarzda majburlash - bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo'ladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik ta'lim tashkilotining pedagog xodimiga nisbatan sodir etilgan bo'lsa, - bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo'ladi.

Shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 1482-moddasiga asosan mehnatga biron-bir shaklda ma'muriy tarzda majburlash, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno, xuddi shunday qilmish uchun ma'muriy jazo qo'llanilganidan keyin sodir etilgan bo'lsa, bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Xuddi shunday harakat voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan bo'lsa, bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Mehnatga biron-bir shaklda ma'muriy tarzda majburlash, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno, ta'lim tashkilotining pedagog xodimiga nisbatan xuddi shunday qilmish uchun ma'muriy jazo qo'llanilganidan keyin sodir etilgan bo'lsa,  bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi deb belgilab qo'yilgan.


A.OTAMURADOV,

                               tuman adliya bo'limi bosh maslahatchisi.