TADBIRKORLIK SUB'YEKTLARI QANDAY TARTIBDA RO'YXATDAN O'TKAZILADI?

Davlat ro'yxatidan o'tkazish uchun ariza beruvchi internet orqali o'tkazishda "biznesni ro'yxatdan o'tkazish" - davlat xizmatini tanlaydi va davlat ro'yxatidan o'tkazish uchun belgilangan ariza shakllari bo'yicha yuridik shaxs tashkil etmagan tadbirkorlik sub'yektlarining  va  yuridik shaxslarning so'rovnomasini shakllantiradi.
Ariza beruvchi so'rovnomani shakllantirishni istalgan bosqichda to'xtatish yoki davom ettirish huquqiga ega.
Davlat ro'yxatidan o'tkazish uchun so'rovnomaga quyidagilar ilova qilinadi:
1. davlat tilidagi ta'sis hujjatlari;
2. monopoliyaga qarshi organning dastlabki rozilik berilganligi to'g'risidagi qarori - davlat ishtirokidagi xo'jalik yurituvchi sub'yektlar uchun;
3. opshirish dalolatnomasi - qo'shib yuborilganda;
4. taqsimlash balansi - bo'lishda va ajratib chiqarishda
Ro'yxatdan o'tkazuvchi organga so'rovnomani qog'ozda rasmiy-lashtirilgan hujjatlarning "PDF" (portable document format) formatida skaner qilingan nusxalari shaklida ilova qilgan holda jo'natiladi. Ro'yxatdan o'tkazuvchi organga o'zi kelib murojaat qilinganida qog'oz hujjatlarning asl nusxalari bir nusxada taqdim etiladi. Agar Tizim foydalanuvchisiga - ro'yxatdan o'tkazuvchi organ mas'ul xodimiga hujjatlar o'zi kelib ariza beruvchining vakili tomonidan taqdim etilsa, shuningdek uning shaxsini tasdiqlovchi hujjat (pasport, harbiy bilet, haydovchilik guvohnomasi, shaxsini va O'zbekiston Respublikasidagi yashash joyini tasdiqlovchi boshqa hujjat) va ariza beruvchi vakilining vakolatlarini tasdiqlovchi hujjat (ishonchnoma, shartnoma, tadbirkorlik sub'yekti - yuridik shaxs muassislarining qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan qarori, qonun hujjatlariga muvofiq boshqa hujjatlar) taqdim etiladi.
Davlat ro'yxatidan o'tkazish, qayta ro'yxatdan o'tkazish uchun "Davlat boji to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan stavka bo'yicha davlat boji to'lanadi.
Davlat ro'yxatidan o'tkazishni, qayta ro'yxatdan o'tkazishni rad etish uchun asoslar mavjud. Bular davlat boji to'lanmaganligi yoki uning to'liq bo'lmagan miqdorda to'langanligi, tegishli bo'lmagan ro'yxatdan o'tkazish organiga murojaat qilinganligi, ulushning (hissaning) boshqa shaxsga o'tishi bilan bog'liq o'zgartirish va qo'shimchalarni qayta ro'yxatdan o'tkazishda, muassisning muassislar ro'yxati o'zgarishiga roziligi mavjud emasligi, ta'sis hujjatlarini barcha ishtirokchilar tomonidan imzolanmaganda, aksiyadorlik jamiyatlari bundan mustasno, tadbirkorlik sub'yekti tomonidan ta'sis hujjatlarida ko'rsatilgan manzil ma'lumotlari soliq va kadastr organlarining ma'lumotlar bazalarida mavjud bo'lmaganda, tadbirkorlik sub'yekti o'z tashkiliy-huquqiy shaklini qonunchilik hujjatlarida mavjud bo'lmagan turga o'zgartirishni so'rab murojaat etganda va boshqa holatlarda rad etiladi.
Z.Abulqosimov,
tuman adliya bo'limi davlat xizmatlari
 markazi xodimi.