Ilg'or ish tajriba XORIJIY TILGA E'TIBOR - KELAJAKKA E'TIBOR

2007-yil maktabni a'lo baholarga tugat-ganimdan so'ng   2008-yili  Samarqand Davlat Chet Tillar Instituti Roman german fakulteti Fransuz tili filologiyasiga o'qishga kirganman. 2012-yil institutni  a'lo baholarga tugatdim. 2012-yil Oqdaryo tuman Agrosanoat va servis kasb hunar kollejiga (hozirgi 1-son kasb-hunar maktabi) fransuz tili fani o'qituvchisi sifatida ishga kirganman va 2021-yilgacha shu dargohda ishlaganman. 2019-yilgacha fransuz tilidan 2020-yil rus tilidan  talabalarga dars o'tganman.
2019-yildan tumandagi 32-umumta'lim maktabiga ishga kirganman va o'quvchilarga fransuz tilidan dars berganman. 2021-yil Toshkentdagi Abdulla Avloniy nomli qayta tayyorlash institutida ingliz tili fani bo'yicha o'qiganman. 2021-yildan buyon 32-umumta'lim maktabida fransuz va ingliz tillaridan dars berib kelmoqdaman.
Yaqinda Muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning 32-maktabga tashrifi chog'ida aynan xorijiy til xonasiga kirganidan men ham, o'quvchilarim ham juda xursand bo'ldik. Ayniqsa, Prezidentimizning bizga bergan motivatsiyalari, takliflari va maslahatlari bizni yanada kuchliroq izlanishga, ilm olishga, bundanda yaxshiroq bilim berishga kuch-g'ayrat bag'ishladi.
Maktabimizda asosiy xorijiy til ingliz tili edi. Meni asosiy mutaxassisligim fransuz tili bo'lishiga qaramasdan, darslarimiz kamayib ketganligi sababli ingliz tilidan qayta o'qib shu tildan dars berib kelayotgan edim. Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan men yana fransuz tili fanidan o'qitish imkoniyatiga ega bo'ldim. Buning uchun   Prezidentimizga o'z minnatdorchiligimni bildiraman. 
Biz o'tgan o'quv yilining fevral oyidan boshlab SamDCHTI bilan hamkorlikda o'quvchilarimizga fransuz tilini to'garak dars sifatida o'rgatib kelmoqdamiz. Bu tilni o'quvchilarimiz juda qiziqish bilan o'rganishdi. Ayniqsa, turizm firmalari bilan hamkorlikda xorijiy sayyohlarni jalb qilganligimiz o'quvchilarimizda bu tilga bo'lgan qiziqishni kuchaytirdi. O'quvchlarimiz qisqa fursat ichida o'zlari  mustaqil ravishda turistlar bilan fransuz tilida muloqot qilishni o'rganishdi. 
Darslarimizni sifatli olib borishimiz uchun SamDCHTI bilan hamkorlikda o'quvchilarimiz zamonaviy darsliklar bilan ta'minlandi. Darsliklarimiz bo'yicha Prezidentimiz juda yaxshi takliflar berdi. Ya'ni   ingliz va fransuz tili darsliklarimiz tarjimasiz chiqarilgan. Shu kitoblarni tarjimasi bilan chiqarishni taklif qildilar. Bu juda yaxshi taklif bo'ldi. Chunki o'quvchi-larimiz darsliklardan foydalanganda qiynalishmaydi. Maktabimizda yangi o'quv yilidan boshlab 7-sinf o'quvchilariga haftasiga 2 soatdan fransuz tili, 3 soat ingliz tili dars mashg'ulotlarini o'tish yo'lga qo'yildi. Bu esa o'quvchilarimizni xorijiy tillarni yanada puxta va mukammal egallashlarida muhim ahamiyat kasb etishiga ishonchim komil.                           
Dilshoda Mirzayeva,
       32-maktabning xorijiy til o'qituvchisi.