Jannatga eltuvchi yo'l - ilm va tarbiya
Qiz farzand - oilaning ziynati, jamiyatning kelajagi. Uni ilmli, odobli va ma'rifatli qilib tarbiyalash nafaqat bir oilaning, balki butun jamiyatning kelajagiga qo'yilgan mustahkam poydevordir. Chunki bugungi qiz - ertangi ona, tarbiyachi va kelajak avlodning yo'l ko'rsatuvchisidir.Islom dinida ilm olishning fazilati ulug'langan. Qur'oni karimning ilk nozil bo'lgan oyatlarida ham "O'qi!" degan amr kelgani bejiz emas. Ilm insonni jaholatdan, to'g'ri bilim esa xato yo'ldan asraydi.
Qiz bolaning ta'lim olishi uning faqat kasb egallashi uchun emas. Ilmli qiz hayotni anglaydi, yaxshini yomondan ajrata oladi, oilasiga, farzandlariga va jamiyatga foydali bo'lishga intiladi. Ayniqsa, ona bilimli va tarbiyali bo'lsa, uning farzandlari ham ilmga, odobga va ezgulikka mehr qo'yib ulg'ayadi.
Rasululloh S.A.V. marhamat qilganlar:
"Ilm izlash har bir musulmonga farzdir."
Bu hadis ilm olishning naqadar muhim ekanini ko'rsatadi. Demak, qizlarni o'qitish, ularning bilim olishiga sharoit yaratish - kelajak avlodni tarbiyalashga xizmat qiladigan ezgu ishdir.
Ota-onaning qiz farzandga beradigan eng katta meroslaridan biri - yaxshi tarbiya va foydali ilmdir. Mol-dunyo kamayishi yoki yo'qolishi mumkin, ammo ilm inson bilan birga yuradi va undan boshqalarga ham manfaat yetadi.
Shuning uchun qizlarimizni faqat chiroyli kiyinishga yoki dunyoviy manfaatlarga emas, ilmga, kitobga, hunarga, odobga va ezgulikka rag'batlantiraylik. Ularning orzularini qo'llab-quvvatlab, savollariga javob beraylik, kitob o'qishga mehr uyg'otaylik. Zero, ilmli va soliha qiz - oilaning baxti, jamiyatning boyligi va kelajak avlodning tarbiyachisidir. Qizga berilgan ilm - bir insonning emas, butun avlodning kelajagiga berilgan sarmoyadir.
Shunday ekan, qizlarimizning ilm olishi uchun qilingan har bir ezgu harakatni kelajak sari qo'yilgan qadam, deb bilaylik. Chunki ilm, odob va yaxshi tarbiya - insonni dunyoda ham, oxiratda ham saodatga yetaklovchi yo'llardandir.
Maryam HAYDAROVA,
Yangiqo'rg'on MFY otinoyisi.
Мавзуга оид:
Yoshlar – jamiyat taraqqiyotining hal qiluvchi kuchi
- 03 апр, 10:20
BAXT KALITI O'ZIMIZDA
- 11 янв, 13:53





