KIMLAR YER SOLIG'IDAN OZOD QILINADI?

O'zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 436-moddasiga asosan quyidagilar jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig'idan ozod qilinadi

1). "O'zbekiston Qahramoni", "Sovet Ittifoqi Qahramoni", "Mehnat Qahramoni" unvonlariga sazovor bo'lgan, uchala darajadagi Shuhrat ordeni bilan taqdirlangan fuqarolar. Mazkur imtiyoz "O'zbekiston Qahramoni" unvoni berilganligi to'g'risidagi guvohnoma, "Sovet Ittifoqi Qahramoni" va "Mehnat Qahramoni" daftarchalari, orden daftarchasi yoki mudofaa ishlari bo'limining ma'lumotnomasi asosida beriladi;

2). Urush nogironlari va qatnashchilari, shuningdek doirasi qonunchilik bilan belgilanadigan, ularga tenglashtirilgan shaxslar. Ushbu imtiyoz urush nogironining (qatnashchisining) tegishli guvohnomasi yoki mudofaa ishlari bo'yicha bo'limning yoxud boshqa vakolatli organning ma'lumotnomasi asosida, nogironligi bo'lgan boshqa shaxslarga (qatnashchilarga) nogironligi bo'lgan shaxsning (qatnashchining) imtiyozlarga bo'lgan huquqi to'g'risidagi guvohnomasi asosida beriladi;

3). I va II guruh nogironligi bo'lgan shaxslar. Mazkur imtiyoz pensiya guvohnomasi yoki tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining ma'lumotnomasi asosida beriladi;

4). Yolg'iz pensionerlar. Yolg'iz yoki voyaga yetmagan bolalari bilan yoxud nogironligi bo'lgan bolasi bilan birga alohida uyda yashovchi pensionerlar yolg'iz pensionerlar deb tushuniladi. Mazkur imtiyoz pensiya guvohnomasi yoki O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg'armasi tuman (shahar) bo'limining ma'lumotnomasi, shuningdek fuqarolar o'zini o'zi boshqarish organlarining ma'lumotnomasi asosida beriladi;

5). Boquvchisini yo'qotgan ko'p bolali oilalar. Ota va onadan biri yoxud ota-ona vafot etgan ko'p bolali oilalar soliq solish maqsadida boquvchisini yo'qotgan ko'p bolali oilalardir. Ushbu imtiyoz O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg'armasi tuman (shahar) bo'limining ma'lumotnomasi asosida beriladi;

6). Chernobil AESdagi avariya oqibatlarini tugatishda ishtirok etganlik uchun imtiyozlar oladigan fuqarolar (shu jumladan vaqtincha yuborilgan yoki xizmat safariga yuborilgan) fuqarolar. Mazkur imtiyoz tibbiy-mehnat ekspert komissiyasining ma'lumotnomasi, nogironligi bo'lgan shaxsning maxsus guvohnomasi, Chernobil AESdagi avariya oqibatlarini tugatish ishtirokchisining guvohnomasi, shuningdek vakolatli organlar tomonidan berilgan va imtiyozlar berish uchun asos bo'ladigan boshqa hujjatlar asosida beriladi;

Uy-joy fondining ko'chmas mulk ob'yektlarida umumiy quvvati 100 kVtgacha bo'lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanuvchi shaxslar uchun soliq summasi qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari o'rnatilgan oydan e'tiboran uch yil davomida, quyosh panellari quvvatidan 25 foizdan kam bo'lmagan quvvatga ega elektr energiyasini to'plash tizimi mavjud bo'lgan quyosh panellari o'rnatilganda esa mazkur panellar foydalanishga topshirilgan oydan e'tiboran o'n yil davomida bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan oshmaydigan summaga kamaytiriladi. Ushbu imtiyoz energiya ta'minoti tashkiloti tomonidan jismoniy shaxsning qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishi to'g'risida berilgan ma'lumotnomaga asosan uy-joy fondining ko'chmas mulk ob'yektlari bilan band bo'lgan bitta yer uchastkasiga nisbatan faqat bir marotaba taqdim etiladi va jismoniy shaxs tomonidan umumiy quvvati 1 kVtdan ortiq bo'lgan qayta tiklanuvchi energiya qurilmalari o'rnatilgan taqdirda qo'llaniladi.

Ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan soliq imtiyozlari, bundan 5-bandda ko'rsatilgani mustasno, yakka tartibdagi uy-joy qurilishi, dehqon xo'jaligini yuritish uchun berilgan yer uchastkalariga bo'lgan huquqlarni davlat ro'yxatidan o'tkazishni amalga oshiruvchi organda ro'yxatdan o'tkazgan jismoniy shaxslarga beriladi. Bunda mazkur soliq imtiyozlari soliq to'lovchining tanlovi bo'yicha faqat bitta yer uchastkasiga berilishi mumkin, bundan ushbu moddaning ikkinchi qismida ko'rsatilgan shaxslar mustasno.

Ushbu moddada ko'rsatilgan soliq imtiyozlariga ega bo'lgan shaxslar soliq imtiyozlarini olish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarini yer uchastkasi joylashgan yerdagi soliq organlariga mustaqil ravishda taqdim etadilar.

 X.Yaxshiboyev,

tuman adliya bo'limi yuridik xizmat ko'rsatish markazi bosh yuriskonsulti.