PENSIYADAGI NOHAQLIKNI BARTARAF ETSA BO'LADI(MI!?)

Ko'p yillar davomida ta'lim sohasida ishlab pensiyaga chiqdim. Nafaqa yoshiga yetib pensiyaga chiqqanimga ham 5-6 yil bo'lib qoldi. Qariyb 40 yillik mehnat stajiga ega, oliy ma'lumotli mutaxassis hamda 4 nafar farzandning onasi  sifatida 2017-2018 yillarda menga 900 ming so'm pensiya tayinlangan edi. Hozirgi kunga kelib esa 2600 so'm miqdorida pensiya olmoqdaman.

Bugungi kunda yurtimizda barcha sohalardagi bo'lgani singari pensiya ta'minotida ham jiddiy o'zgarishlar bo'layotganligi quvonchlidir. Ilgari pensiyaga chiqadigan fuqarolar hujjatlarini taxlash uchun juda ko'p qiyinchiliklarga, sarson-sargardonliklarga duch kelishardi. Ish stajlarini to'plash        uchun idorama-idora yurish, arxivlarda sarg'ayib ketgan hujjatlarini izlash uchun oylab, ba'zida esa yillab navbat kutishar edi. Hozirgi kunga kelib bu kabi ortiqcha qog'ozbozliklar, sarf-xarajatlar o'rnini raqamli texnologiyalar egallab, pensionerlarga juda katta yengilliklar yaratilmoqda. Negaki, endilikda pensiyaga chiqishda pasport va arizaning o'zi yetarli bo'ladi.

O'rni kelganda shuni alohida aytish lozimki, yuqorida ta'kidlangan imtiyoz va yengilliklar barchamizni quvontiradi, lekin biz pensionerlarni o'tgan davrdagi va hozirgi davrdagi pensiya miqdoridagi tafovut ranjitmoqda. Masalan, 2017-yillarda 35-40 yillik mehnat stajiga ega bo'lgan oliy ma'lumotli ta'lim xodimi ayni paytda 2600 so'm pensiya oladi. Bugungi kunda esa o'rta maxsus ma'lumotli tibbiy hamshiralarga ham 3-3 mln.500 ming pensiya tayinlan- moqda. Axir shu ham adolatdanmi?

To'g'ru, hozirgi davr bilan bundan 5-6 yil ilgari davr o'rtasidagi oylik maoshlar bir-biridan sezilarli darajada farq qiladi. Shunday ekan, bizning pensiya miqdorimiz, shuncha yillik mehnat faoliyatimiz bo'lsada, bugungi kundagi o'rta maxsus ma'lumotli pensionerlarnikidan ham kam miqdorni tashkil etayotganligi  achinarli holdir. Axir, pensiyaga chiqarishdagi hisob-kitoblar farqini to'g'rilash vaqti yetib kelmadimikan?

Xulosa qilib aytganda, pensiyani hisoblashdagi bu  kabi tafovutlarni bartaraf etish bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir. Bu boradagi kamchiliklarni bartaraf etishda esa tegishli tashkilot mas'ullari va xalqning ishonchli vakillari bo'lgan deputatlar bosh-qosh bo'lishsa, ayni muddao bo'lar edi.


G.TINIBEKOVA.