Mustaqilligimiz fidoyilari

Hamza Hakimzoda Niyoziy - XX asr o'zbek adabiyotining yirik namoyondalaridan biri.
Hamza Hakimzoda Niyoziy 1889-yil 6- martda Qo'qon shahrida tabiblar oilasida tug'ilgan. Otasi Ibn Yamin Niyoz o'g'li (1840-1922) o'zbek va tojik-fors tillarini bilar, adabiyotga qiziqar edi. Onasi Jahonbibi Rabiboy qizi (1858-1903) ham tabib bo'lgan. Niyoziy dastlab maktabda, keyin madrasada tahsil olgan. Kambag'allarning farzandlariga bepul maktab tashkil etgan. Bolalar uchun "Yengil adabiyot" (1914), "O'qish kitobi" (1914), "Qiroat kitobi" (1915) kabi kitoblar yozgan.
Qisqa muddat Qo'qondagi rus-tuzem maktabida o'qituvchi, "Sho'roi islom" tashkilotining ozuqa shu'basida mirza, "Kengash" va "Hurriyat" jurnallarida muharrir (1917), Farg'ona viloyati madaniy-maorif bo'limida xodim (1918), Turkiston fronti siyosiy boshqarmasi ixtiyoridagi O'lka musulmon siyosiy truppasida rejissor (1919), "Dor ushshafaqa" maktabida mudir (1920), Buxoro viloyati maorif va harbiy targ'ibot-tashviqot shu'basi qoshidagi teatr truppasida rahbar (1921), Xorazm viloyatidagi kasaba soyuzlarining madaniy-ma'rifiy muassasalarida mudir (1921-1924), Farg'ona maorif qo'mitasi qaramog'idagi ong-bilim shu'basida mudir o'rinbosari (1924) singari turli lavozimlarda xizmat qilgan.
Niyoziy 1917-yilgi bolsheviklar inqilobini qo'llab-quvvatlagan. U 1920-yilda Sovet Ittifoqi Kommunistik Partiyasiga (Bolsheviklar) qo'shildi va boshqa narsalar qatorida Qizil Armiya askarlarining o'yin-kulgilari uchun teatr qo'shinini tashkil qildi. Niyoziy o'zbek tilidan tashqari boshqa ko'plab tillarni, jumladan arab, fors, rus va turk tillarini ham bilgan.
1926-yildan erkin ijod bilan shug'ullangan, ammo rahbar idoralarning topshirig'i bilan 1928-yil avgustdan Shohimardonda targ'ibot-tashviqot ishlari olib borgan.
Hamzaning adabiy ijodi 1905-1906-yillarda boshlangan. Niyoziyning dastlabki asarlarida kuchli sotsial-demokratik yo'nalishlar va ijtimoiy adolasizlik keskin qoralangan. Uning asarlarida asosan ayollar huquqlari, ijtimoiy tengsizlik va xurofotning keng tarqalishi kabi istak ijtimoiy masalalari yoritilgan.
Hamza 1908-yil qo'shni o'lkalarda nashr etilgan ilg'or gazetalar va ulardagi taraqqiyparvarlik g'oyalari bilan tanishgan. Ma'rifatli kishilar ta'sirida "milliy she'rlar" yoza boshlagan. Hamza shu yili "eski podsholar turmushidan" olingan "Haqiqat kimda?" degan "roman" ham yozgan (bu asar o'sha vaqtdayoq yo'qolgan). Hamza 1905-yildan mumtoz shoirlarga ergashgan holda g'azallar yoza boshlagan. 1914-yilda tartib berilgan qo'lyozma devoniga shoirning 1905-1914 yillarda "Nihoniy" taxallusi bilan yozgan 214 ta she'ri kiritilgan. Shoirning "Gul" (1913-1916), "Milliy ashulalar uchun milliy she'rlar majmuasi" (1915-1917) she'riy to'plamlaridagi "Yig'la, Turkiston", "Yaxshi holin yo'qotgan oqibatsiz Turkiston", "Ko'zni oching, qardoshlar", "Darmon istamas" kabi she'rlarida milliy uyg'onish g'oyasi katta mahorat bilan ifodalangan.
1908-1910-yillarda Hamza adabiy va ijtimoiy faoliyatini jadidchilik harakati bilan uzviy bog'lagan. Hamza yangi usuldagi maktablar ochish va bu maktablar uchun yangi tipdagi o'quv qo'llanmalari yaratish yo'li bilan xalqni ma'rifatlashtirish maqsadida Qo'qon va Marg'ilonda ochgan maktab o'quvchilari uchun "Yengil adabiyot", "O'qish kitobi" (1914) va "Qiroat kitobi" (1915) o'quv qo'llanmalarini tayyorlagan.
Hamza katta yoshdagi kishilar uchun "Milliy ashulalar uchun milliy she'rlar majmuasi" umumiy nomi ostida "gul" to'plamlarini e'lon qilgan (1915-1919). Hamza mazkur majmualari (8 bo'limdan iborat) bilan o'zbek she'riyatiga yangi mazmun va yangi g'oyalar olib kirgan va ayniqsa, jadid adabiyoti taraqqiyotiga katta hissa qo'shgan.
Hamza ijodining mazkur 2-davrida nasr va dramaturgiya sohasida ham jiddiy izlanishlar olib borgan. Uning "Yangi saodat" (1914-yil nashri - 1915) asari ayrim olimlar tomonidan o'zbek adabiyotidagi roman janrining ilk namunasi sifatida talqin qilinib kelingan, lekin bu asar aslida ma'rifatchilik g'oyalari bilan sug'orilgan qissa bo'lib, unda kambag'al yigitning (Olimjon) ilm tufayli oilaviy baxt-saodatga erishganligi mahorat bilan tasvir etilgan.
Hamza 1914-1916-yillarda "O'ch" (1914), "Zaharli hayot yoxud Ishq qurbonlari" (1915), "Ilm hidoyati", "Mulla Normuhammad domlaning kufr xatosi", "Ochlik qurbonlari" (1916), "Muxtoriyat yoki avtonomiya" (1917) singari kichik sahna asarlarini yozgan.
"O'zbek sovet adabiyoti"ning, teatrining asoschisi Hamza sovet mafkurasi hukmronlik qilgan davrda "o'zbek sovet adabiyoti"ning, teatrining asoschisi sifatida ko'kka ko'tarilgan. Hamza nomi bilan bog'lanib kelingan O'lka sayyor drama truppasi aslida Skobilev (Farg'ona) sayyor truppasi deb atalib, unga G'afur Musaxonov rahbar bo'lgan. Hamza shu truppada dramaturg, rejissor va suflyor bo'lib xizmat qilgan. Shu vaqtda u "Kim to'g'ri?", "Tuhmatchilar jazosi", "Boy ila xizmatchi", "Ishchilar hayotidan" (1918), "Loshmon fojiasi" (1916-1918, 3 bo'limli), "Farg'ona fojiasi" (1918-1920, 4 bo'limli), "Qizil qon ichida yosh go'daklar", "Mahbus to'raning holi" (1919) singari pyesalarni yozgan (bu asarlarning aksari bizgacha yetib kelmagan). Agar Hamza "Zaharli hayot" dramasida shu davrdagi tomoshabin didini inobatga olib, hatto fojiali holatlar tasvirida ham melodrama va syentimentalizmdan keng foydalangan bo'lsa, "Tuhmatchilar jazosi", ayniqsa, "Boy ila xizmatchi" singari pyesalarida realizm tomon yaqinlashgan, ammo Hamza ko'p o'tmay, targ'ibot va tashviqot yo'nalishidagi "Pastki sho'rolar saylovi munosabati ila yozilg'on Cho'pcharlar", "Pastki sho'rolar tuzmasida saylovg'a kirolmagan bir eshon o'pkasiga javoban", "Burungi saylovlar" (1926) singari pesa va inssenirovkalarni yozishga katta e'tibor bergan. Hatto Sovet davlatining jahon inqilobi to'g'risidagi soxta g'oyasiga ishonib, "Jahon sarmoyasining eng oxirgi kunlari" (1927) pesasini yozgan. Hamza shu davrda jadidchilik g'oyalari va jadid adabiyoti mezonlaridan uzoqlashgani sayin avval erishgan badiiyat marralarini ham boy bera boshlagan, biroq 1926-yil Hamza o'zbek dramaturgiyasida muayyan iz qoldirgan 2 asar: "Maysaraning ishi" komediyasi va "Paranji sirlaridan bir lavha yoki Yallachilar ishi" dramasini yaratgan. Sinfiylik va partiyaviylik adabiy asarning qimmatini belgilovchi asosiy mezon hisoblangan davrlarda Hamzaning "Boy ila xizmatchi" pyesasi butunlay qayta yozib chiqilgan. Sosialistik realizm metodi talablari asosida "qayta tiklangan" bu asar uzoq yillar davomida Hamza dramaturgiyasining yuksak namunasi sifatida taqdim etilib kelingan.
1928-yildan unga nisbatan ta'qib va tazyiq ko'rsatila boshlaydi. Moddiy va ma'naviy qiyinchilikni boshdan kechiradi. Inqilobning ashaddiy tarafdori bo'lgan Niyoziy dinga qarshi harakatlari uchun Shohimardon shahrida millatchilar va islom fundamentalistlari tomonidan toshbo'ron qilib o'ldirilgan.
Hamza Hakimzoda Niyoziy - XX asr o'zbek adabiyotining yirik namoyon-dalaridan biri, ma'rifatparvar shoir, o'qituvchi, jamoat arbobi, dramaturg, jurnalist, kompozitor, rejissyordir. Hamzaning o'zbek adabiyoti va madaniyatiga qo'shgan hissasi beqiyosdir.