G‘o‘za shirasi-trips hasharotlaridan himoya qilish bo‘yicha tavsiyalar

Shiralar g‘o‘za bargining shirasi bilan oziqlanib, o‘simlikka zarar yetkazadi. Natijada poya va ildizda oziq moddalar (uglevodlar) miqdori kamayadi. Qattiq zararlangan barglar shakli o‘zgaradi va buralib qoladi. Bu holat o‘simlikning o‘sishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Zararlangan o‘simliklarda hosil 15–20% gacha kamayishi mumkin.

G‘o‘za shiralari ayniqsa poliz yoki g‘o‘za shirasining kuchli turlari tomonidan zararlanadi. Bu shiralar 1,4–2,2 mm hajmda bo‘lib, rangi ko‘kimtir-yashil bo‘ladi. Ularning uchala turi dastlab uvat (ariq, zovur chetlari) va begona o‘tlar ustida rivojlanadi. Keyin esa urg‘ochilari qanot chiqarib, o‘z naslini paxta maydonlariga tarqatadi.

Shuning uchun bahor mavsumida (tut daraxtlarining novdalari kesib olingach) uvatlarga ikki taraflama profilaktik ishlov berish katta ahamiyatga ega.

Shiralar haroratga qarab 6–20 kun ichida rivojlanadi. Urg‘ochi shiralar 150 tagacha tirik lichinkani tug‘ib ko‘payadi. Bu lichinkalar ham 7–8 kun ichida yetuk hasharotga aylanib, yana ko‘payishda davom etadi.

Kurash choralari:

Shiralarga qarshi kurash quyidagi usullardan iborat:

1. Agrotexnik usullar:

  • Dala chetlari, ariq, zovur va uvatlarni begona o‘tlardan tozalash.

  • G‘o‘za ekilgan maydonlar atrofiga profilaktika maqsadida gektariga 500–1000 donadan oltinko‘z tuxumini chiqarish.

  • G‘o‘za unib chiqqanidan so‘ng, gektariga 1000 donadan, 10x10 sxemada 100 nuqtaga oltinko‘z tuxumlarini tarqatish. Har 10 kunda 2–3 marta takrorlash samarali bo‘ladi.

  • Oltinko‘z entomofaglari bir sutkada 50–60 dona shira va 80–100 donagacha trips tuxumi va lichinkasi bilan oziqlanadi.

2. Biologik va kimyoviy usullar:

  • G‘o‘zani barg orqali oziqlantirish uchun suspenziyadan foydalanish. Bu bargni qalinlashtirib, hasharotlarning zarar yetkazishini qiyinlashtiradi.

  • Biologik usullar samara bermasa, kimyoviy usullardan foydalanish lozim.

  • Shiralar va tripslarga qarshi insektitsid va akaritsidlarni, ayniqsa sistemali va uzoq muddat ta’sir qiluvchi neonikotinoid asosidagi (masalan: Bagira, Mospilan, Endjeo va boshqalar) dorilarni qo‘llash yaxshi samara beradi. Ushbu preparatlar tut daraxtlarining novdalari kesib olingach qo‘llaniladi.


Oqdaryo tumani O‘simliklar karantini va himoyasi bo‘limi fitosanitar nazorati davlat inspektorlari