"ZOOLOGIYA MUZEYI"GA SAYOHAT

"Ming   bor  eshitgandan  ko`ra   bir  bor  ko`rgan yaxshi", deyishadi  dono xalqimiz. Yaqinda 15-umum ta`lim  maktabida    o`quv  yili  davomida darsda va darsdan tashqari barcha tadbirlarda faol  bo`lgan  o`quvchilarni   rag`batlantirish maqsadida Samarqand shahridagi "O`lkashunoslik  muzeyi"ga,  Samarqand   Davlat  Universitetining  Biologiya   fakultetidagi "Zoologiya   muzeyi"ga  sayohat  uyushtirdik. "Zoologiya muzeyi" da  o`quvchilarimizni  ekskursiyavod   ochiq   chehra  bilan   kutib  olib,  bu   yerdagi  eksponatlar  haqida   qiziqarli  
ma`lumotlarni  keltirib   o`tdi.  Eksponatlarning  1- zalida   o`quvchilar  Hindistondan  olib   kelingan  bo`yi  4   metru  70 sm  keladigan   fil  suyagi,  yovvoyi   cho`chqalar  oilasi,  kemiruvchilar   turkumiga  oid  jayra, kalamush,  yumronqoziq, ondatra, nutriya, sug`ur, sichqon  turlari  bilan,   ilonlarning  eng  uzun   8  metr  keladigan turi -  piton ,   ko`zoynakli  ilon,  kulvor, chipor  ilon   kabi  ilonlarni  60  dan ortiq  turlari  bilan   tanishtirib  chiqildi. 
2-zalda   o`quvchilar qushlarning noyob turlari "Qizil kitob"ga kiritilgan yo`rg`a  tuvaloq, burgut, birqozondan tortib o`lkamizda uchraydigan chumchuqsimonlar turkumiga  kiradigan   chumchuq  turlari, olaqarga, qarg`a, hakka, chug`urchuq, qaldirg`och, zog`cha hamda tuyaqush-simonlar turkumi, lochinsimon  turkumi,  pingvinlar   turkumi, g`ozsimonlar   turkumi,  laylaksimonlar turkumi vakillari  bilan tanishishdi. 
3-zalda baliqlarning zog`ora  baliq,   oq sla, bakra, cho`rtan, oq amur, beluga, osyotr kabi  baliqlarning   70 dan  ortiq turlari o`quvchilarda juda  qiziqish  uyg`otdi. Ayniqsa, yirik  oybaliq o`quvchilarni hayratlantirdi. Ushbu zalda  maymunlarning turlarini  ko`rib zavqlanishdi. 
4-zaldagi eksponatlar o`quvchilar xotirasida uzoq vaqtlar  saqlanadigan bo`ldi. Chunki, ushbu zalda yirtqich sut emizuvchilar   vakillari:  yo`lbars, arslon, ayiq  turlari, tulki,  bo`ri,   yovvoyi  cho`chqa  va boshqa   hayvonlarni  tabiiy  qotirilgan   namunalari oldida uzoq  muddat tomosha  qilishdi.
Bir so'z bilan aytganda, o'quvchilar  ushbu   sayohatdan olam- olam   taassurotlar bilan qaytishdi. Bu ularning yuz-ko`zlaridan, zavqu-shavq  ila bir-birlariga o'z  taasurotlarini aytib berishayotganligidan ko`rinib  turardi.
Fotima BEKPO`LATOVA,     
15-maktab biologiya fani o`qituvchisi.