Oqova suv tozalash inshootlari qanday ishlaydi?

Oqova suvlarni tozalash murakkab muhandislik va biotexnologik jarayon bo'lib, u bir necha asosiy bosqichdan iborat. Inshootga kelib tushgan suv tabiat bag'riga yoki qayta foydalanishga yo'naltirilgunga qadar uzoq va qat'iy nazorat ostidagi bosqichlardan o'tadi.
Birinchi bosqich - mexanik tozalash deb ataladi. Kanalizatsiya tizimi orqali kelayotgan oqova suvlar tarkibida turli xil yirik chiqindilar, plastik idishlar va qumlar bo'ladi. Maxsus panjaralar va elaklar yordamida yirik chiqindilar tutib qolinadi. Shundan so'ng, suv qum tutgichlarga yo'naltirilib, unda og'ir mineral zarrachalar va qumlar tubga cho'ktiriladi. Suv tarkibidagi mayda muallaq moddalar cho'kadi, yuzadagi yog' va moylar esa ajratib olinadi.
Ikkinchi va eng asosiy bosqich - biologik tozalashdir. Mexanik tozalangan suv tarkibida ko'zga ko'rinmas, lekin tabiat uchun zararli bo'lgan organik birikmalar qoladi. Ularni yo'qotish uchun tabiatning o'z kuchidan, ya'ni muayyan mikroorganizmlar va bakteriyalardan foydalaniladi. Aerotenk deb nomlanuvchi maxsus havzalarda suvga tinimsiz kislorod haydaladi. Kislorod muhitida faol loy tarkibidagi bakteriyalar suvda erigan organik moddalarni yeb, ularni parchalaydi. Bu jarayon tabiatdagi daryolarning o'z-o'zini tozalash xususiyatining sun'iy va bir necha barobar tezlashtirilgan shaklidir. Biologik jarayondan so'ng suv ikkilamchi tindirgichlarga o'tadi va u yerda faol loy suvdan ajraladi.
Uchinchi bosqich - zararsizlantirish va chuqur tozalash. Biologik tozalashdan o'tgan suv deyarli shaffof holatga kelsa-da, uning tarkibida turli kasallik keltirib chiqaruvchi mikroblar saqlanib qolishi mumkin. Shuning uchun suv yakuniy bosqichda xlorlash, ultrabinafsha nurlar bilan ishlov berish yoki ozonlash orqali zararsizlantiriladi. Zamonaviy inshootlarda ekologiyaga zarar yetkazmaslik uchun ko'pincha ultrabinafsha nurlardan foydalanish texnologiyasi joriy etilmoqda.
Tozalash jarayonida hosil bo'ladigan loy va cho'kmalar ham e'tibordan chetda qolmaydi. Ular maxsus generatorlarda qayta ishlanib, quritiladi va qishloq xo'jaligi uchun xavfsiz o'g'it olishda foydalaniladi.
Oqova suvlarni tozalash faqatgina muhandislarning ishi emas, balki umummilliy masaladir. Suvni isrof qilmaslik, kanalizatsiya tarmoqlariga maishiy chiqindilarni tashlamaslik orqali  murakkab inshootlarning ishini yengillashtirishga va tabiatni asrashga hissa qo'shgan bo'lamiz. Zero, suv - hayot manbai, uni toza saqlash esa kelajak oldidagi burchimizdir.
Begzod  Bannaxonov,
Samarqand viloyati hududiy qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi nazorati inspeksiyasining oqova suvlarni chiqarib yuborish va tozalash xizmatlari ko'rsatilishini nazorat qilish shu'basi bosh mutaxssisi.