QISH MAVSUMIDA G'ALLANI OZIQLANTIRISH VA PARVARISHLASH


Bug'doydan yuqori don hosili yetishtirishda mineral o'g'itlar bilan bir qatorda organik o'g'itlar ham katta ahamiyatga ega. Tuproq unumdorligini oshirishning eng muhim vositalaridan biri bu - almashlab ekish tizimida go'ng va boshqa organik o'g'itlardan samarali foydalanish hisoblanadi. Ayniqsa, dehqonchilik intensiv tarzda rivojlanayotgan bugungi kunda organik o'g'itlarga bo'lgan talab ortib bormoqda. Organik o'g'itlar samaradorligi ularni mineral o'g'itlar bilan birgalikda qo'llanilganda sezilarli darajada ortadi. Organik (mahalliy) o'g'itlar tuproq unumdorligini ko'tarish bilan bir qatorda, mineral o'g'itlar samaradorligini ham oshiradi. Muntazam tarzda organik o'g'itlardan foydalanish tuproq haydalma qatlamini ozuqa moddalarga boyitish bilan bir qatorda, uning barcha xususiyatlarini yaxshilaydi. Ozuqa balansining kamida 40% organik o'g'itlar hisobiga to'g'ri kelishi lozim. G'allachilikda qo'llaniladigan asosiy organik o'g'itlarga: go'ng, torf, turli kompostlar va yashil o'g'itlar kiradi. Organik o'g'itlar ko'pincha asosiy o'g'it sifatida shudgorlash oldidan qo'llaniladi.
Go'ng - asosiy, eng keng tarqalgan organik o'g'it hisoblanadi. Uning tarkibida o'simlik uchun zarur bo'lgan - azot, fosfor, kaliy, kalsiy, magniy, temir, bor, molibden singari barcha ozuqa moddalari mavjud. Go'ngdan oqilona foydalanilganda tuproqning agrofizik, agrokimyoviy, suv va havo xossalari keskin yaxshilanadi, sho'rlanish va tuproq kislotalik darajasining bug'doy o'sishi va rivojlanishiga, mikroorganizmlarning hayot faoliyatiga salbiy tasiri kamayadi. Ko'p yillik ilmiy tadqiqot natijalariga ko'ra, gektariga 20 tonnadan go'ng qo'llanilganda kuzgi bug'doy don hosildorligi 6-12 s/ga oshadi. Go'ng mineral o'g'itlar bilan birga qo'llanilganda, samaradorlik yanada yuqori bo'ladi. Organik o'g'itlar yangi, chirimagan holda qo'llanilganda ko'pincha daladan yoqimsiz xid tarqalib, atrof-muhitga salbiy ta'sir ko'rsatadi. Shuningdek, bunday dalalarda bir yillik begona o'tlarning sezilarli darajada ko'payib ketishi kuzatiladi. Shuningdek, organik o'g'itlarni chiritilgan, organo mineral kompostlar holatida qo'llash katta iqtisodiy samaradorlikka ega. Bunda kompost tayyorlashda chorva hayvonlar go'ngiga ma'lum miqdorda fosforli va kaliyli o'g'itlar qo'shib tayyorlanadi. G'allachiliкda go'ng asosan kuzda shudgor va ekish oldidan hamda o'sish davri davomida sharbat usuli bilan oqizish tarzida qo'llaniladi. Organik o'g'itlar me'yori tuproq unumdorligi, organik o'g'it zaxirasi hamda o'simlikning ehtiyojiga qarab belgilanadi. Respublikamizning sug'oriladigan yerlarida kuzgi bug'doy uchun organik o'g'itlar, jumladan chorva hayvonlari go'ngining qo'llash me'yori 15-20 t/ga sifatida belgilangan. Eroziyaga moyil, unumdorligi past yerlarda go'ngning me'yori 25-30 t/ga sifatida belgilanganda samarasi yuqori bo'ladi.
Azotli oziqlantirish. Mineral o'g'itlar ichida eng keng tarqalgani va ahamiyatlisi azotli o'g'itlar hisoblanadi. Bug'doydan mo'l hosil yetishtirishda azotli o'g'itlar muhim rol o'ynaydi. Chunki, azot o'simlikdagi oqsil moddasining asosiy komponenti bo'lib, deyarli barcha birikmalarning tarkibiga kiradi. Kuzgi bug'doy rivojlanishining dastlabki bosqichidan boshlab, diyarli barcha bosqichida azotga ehtiyoj sezadi. Azotli o'g'itlar o'simlikning o'sish va rivojlanish jarayoniga ijobiy ta'sir etadi, o'simlikni tashqi muhitga immunitetini oshiradi, mahsulot sifatini yaxshilaydi. Ayniqsa, o'simlikda hosil elementlari shakllanayotgan vaqtda azotga bo'lgan ehtiyoji yuqori bo'ladi. Chunki, bo'z tuproqlarda chirindi miqdori nisbatan kam bo'lib, tuproqda azot yetishmovchiligi kuzatiladi. Azotli o'g'itlar samaradorligini oshirishning muhim omillaridan biri, o'g'itlar tarkibidagi azotning miqdorini to'g'ri hisobga olishdir. Masalan, ammiakli selitra tarkibida 34% nitrat va ammiak shaklidagi sof azot mavjud. Mochevina tarkibida esa 46% ammiak shaklidagi sof azot bor. G'allachilikdagi muhim vazifalardan biri, azotli o'g'itlardan to'g'ri foydalanish, tuproq unumdorligi va o'simlikning ehtiyojiga qarab vegetatsiya davomida to'g'ri oziqlantirishni tashkil etish hisoblanadi. Kuzgi bug'doy kuzda, bahorda va boshoqlash davrida azot bilan yetarli miqdorda ta'minlanishi o'simlikning yaxshi tuplanishiga, o'sish-rivojlanish jarayonlarining maqbul kechishiga ijobiy ta'sir ko'rsatadi. Azotli o'g'itlar yetarli qo'llanilganda bug'doyning boshoqlari yirik bo'lib, boshoqchalar va donlar soni ortadi, donlari to'liq bo'ladi. Shuningdek, 1000 dona don vazni, donning yaltiroqligi ortib, donlarning sifati yuqori bo'ladi va undan sifatli un olinadi. Kuzgi g'alla ekinlarida yillik azotli o'g'itlar me'yori sof holda gektariga 180-200 kg miqdorda belgilanganda, azotli o'g'itlarning 75-80 kg/ga tuplash davrida, 75-80 kg/ga naychalash davrining boshlanishida, 30-40 kg/ga ni boshoqlash davrlarida oziqlantirish maqsadga muvofiq. Bunda dastlabki oziqlantirish ishlarini mexanik tarkibi yengil qumoq tuproqlaridan boshlab, keyingi navbatda esa o'rta va tog'oldi mintaqasiga berish maqsadga muvofiq. Bunda kuzda ekish oldidan yoki ekish bilan birga berilgan fosforli o'g'itlar tarkibidagi azot (25 kg) miqdori hisobga olinishi lozim.
B. Mamatmurodov, 
Q. Berdiqulov, 
B. Ishniyozov,
 tuman O'simliklar karantini va himoyasi bo'limi Fitosanitar nazorati davlat inspektorlari.