ASSALOM, NAVRO'Z!

YurtimIlhomimga sarchashma o'zing,

Birdek aziz menga yozing, ham kuzing.

Bu kun bahoringga she'r aytmoqchiman,

Vatanim, muborak bo'lsin Navro'zing!


Aziz tumandoshlar!

Ona diyorimizga barchamiz orziqib kutgan, yasharish va yangilanish bayrami - Navro'zi olam kirib kelmoqda.

Mana shu qutlug' kunda siz azizlarga sihat-salomatlik, baxt va omad, oilangizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu-baraka tilayman.

Navro'z bayrami barcha shahar va qishloqlarimizda umumxalq sayillari tarzida o'tayotgani unga o'zgacha fayz va shukuh bag'ishlamoqda.

Navro'z bayrami ruhi, falsafasi "Insonga e'tibor va sifatli ta'lim" yilining g'oya hamda maqsadlari bilan uyg'un va hamohang ravishda namoyon bo'lmoqda.

O'zaro mehr-oqibat, saxovat va muruvvat ko'rsatish, tabarruk keksalarimizni yo'qlash, nogironlar, yordamga muhtoj insonlar holidan xabar olish, hasharlar o'tkazib tumanimizni yanada obod qilish kabi savobli ishlarimiz Navro'zning fayziga yana fayz qo'shmoqda.

Tumanimizdagi aziz insonlar bir-birlarini qutlab, dala va qirlar, bog' va maydonlarda Navro'z bayramini shodu-xurramlik bilan nishonlamoqdalar. Doshqozonlarda sumalaklar pishirib, dasturxonlarga bahor ne'matlarini tortib, sayil tomoshalar qilmoqdalar.

Fidoyi dehqon va fermerlarimiz katta orzu umid bilan yangi mavsumni boshlamoqdalar. Barchamiz ularga yilimiz qutlug' kelsin, hosilimiz mo'l bo'lsin deb ezgu tilaklarimizni bildiramiz.

Aziz va muhtaram tumandoshlar, barchangizni Navro'z ayyomi bilan samimiy tabriklayman.

Navro'z  yurtimizga abadiy tinchlik, farovonlik, to'kinlik va fayzu-barokat olib kelsin. Yurt va Vatan ravnaqi yo'lida qilinayotgan sharafli ishlaringiz, orzularingiz ijobatiga yetaklasin.

Navro'z bayrami barchamizga muborak bo'lsin!

Baxtigul Asrorova.