ONAMNING KULCHASI

Kollejdan chiqib, maktabdagi ijodkorlar  to'garagiga shoshildim  .     Xonamga kirib borar ekanman, biroz ochiqqanidanmi, sovqotish hissini tuydim. Ijodkor o'quvchilar birin-ketin xonaga kirib kela boshladi. Uyga vazifalarni ko'rib chiqdim, lekin sovqotishim kuchaydi. Bir payt kimdir eshikdan mo'ralab yana orqaga tisariladi.
- Kel, kelaver! 
Zalga chiqib eshikni yopdim.
- Assalomu alaykum ammajon... Bo'ynimga osilib salomlashdi jiyanim.
- Darsim boshlanadi-da, sizga onam tushlik berib yubordi.
So'mkasidagi issiq non hidi zalni tutib ketdi. Qo'llarim isidi. Kattagina kulcha non. Dimog'mni non isi qitiqladi. Mushtipargina  onam,  meni o'ylab, berib yuborgan-da.
- Vafli, shokolad ham, - cho'ntagimga solar ekan, ko'zlari yonib gapirardi jiyanim. 
- Endi biznikiga tushlikka bormaysizmi?,- amma? 
Yuragim og'ridi. Ko'zlarimdan yosh sirqidi. Nonni hidladim. Onamning hidi keldi:  Rahmat ona!
Ko'ngilsiz voqeadan oldin, har ishga kelganimda onam tushlik tayyorlab, o'zi yemasdan meni kutib o'turardi. Biroz bo'lsada dardlashardik. Men nodon shoshardim. Maktabga kech qolaman deb. O'sha lahzalarni qadriga yetmaganimni qara.
- To'xta! Onam   yaxshimi  o'zi? Salom ayt!
- Xo'p. Bo'pti xayr. 
- Rahmat ayt!   Shivirladim,  labimdagi so'zni faqat o'zim eshitdim. 
O'quvchilar biroz g'imirlab qolishibdi. Sekingina stolimga o'tirdim.  O'quvchilardan biri o'qib kelgan kitobini aytib berishga tushdi. So'ngra mushoira qismiga yetdi. Bir o'quvchi ona haqidagi she'rini chiroyli qilib o'qib bedi.
- Kamchiliklari yo'q emas, turoqlar buzilgan, ko'rib chiqing!
- Xo'p ustoz! Biri esa musofirda yurgan dadasini sog'inganidan yozgan "Dadajonim qachon kelasiz?" she'rini chuqur hayajon bilan aytdi. O'zimcha o'yladim, men ham dadamni yaxshi ko'ramanmi, u uzoqqa ketsa shunday sog'inamanmi?... Beixtiyor o'quvchilarga tikilib qolibman. 
Bir o'quvchi savol berdi: - Ustoz, siz ham dadangiz haqida she'r yozganmisiz..?
- A!
Yana savol qaytarildi.
- Men...Yo'q. 
O'ylab qoldim, yo'q yozmabman. Chunki meni dadam bizni sog'intirib uzoqqa ketmagan-da, - kulib qo'ydimu yuragimda yana og'riq turdi. Agar dadamga onamning tarafini olib qattiq gapirmaganimda...Yo'q, men   haqiqatni aytganman!  Bu oilaga havas qilganlar qancha edi. Bir umr uning qattiqqo'l insonligini  hamma bilsada,  o'z onasini uch yil kechirmay undan xabar olmaganini, buvimning chekkan alamlarini o'z ko'zim bilan ko'rganimdanmi, yo shu holatni o'z ayoliga va farzandiga ham ravo ko'rayotganligidan dahshatga tushaman.  Ba'zida  sezdirmasamda, biror joyda ko'rishib qolsak, onam va singillarim ko'zlarimdan dard chekayotganimni sezib qoladi. Agar ammam ham (dadamning opasi) aralashib o'rtaga sovuqchilik tushurmaganda, vaziyat bu qadar chigal holatga kelmagan bo'larmidi?
Onam, u ham shaxs sifatida barcha narsaga haqli! Oxiri yorildim. Bekor qildimmi, ey Xudo?... Baribir qattiq so'z demasligim kerak edi.  Yo'q to'g'ri qildim!  Onamni olib bordim va haqiqatga tik boqdim. Ular hozir birga. Bu biroz meni tinchlantirsada, biroq xavotir ham qilaman. Ular birga yashasada men bilan rishta uzilgan, xuddi yuragimdagi tomirlar kabi...
- Ustoz , "Ota uyim"  she'ringizni   men yod olganman!  Aytib beray!
- Mayli aytchi...
- Ajoyib! Yod olganing yaxshi. Xo'rsindim...
- Qani endi yana kitob mutolaasiga. Kim qanday badiiy kitob o'qidi?
- Men, men o'qidim..
Kitob mutolaasi juda qiziganidan to'garak vaqti tugaganini sezmay qolibman.
- Xayr ustoz! Yaxshi qoling!
Xayrlashdik. Kulchanondan tishladim. Ozrog'ini yedim, qolganini so'mkamga soldim-da yo'lga otlandim. Maktab hovlisidan uzoqlashar ekanman, ko'z o'ngimdan birin-ketin yana o'sha voqea o'ta boshladi. Xayolimni yonimga kelib to'xtagan mashinaning ovozi tarqatib yubordi. 
- Qayerga.. Opa...?
- Markazga-da! 
Huv ana, men katta bo'lgan uyning uzun yo'li... 
U yerda onam yashaydi. Darvoqe, onam bergan kulchanon esimga tushdi. Uni sovuq qotgan qo'llarim orasiga olib, go'yo onamni bag'rimga bosgandek o'zimni yengil his qildim: Qachonlardir albatta uchrashamiz ona! Sizni juda sog'indim!
  To'lg'anoy.