“BOY ILA XIZMATCHI” YANA YOZILADIMI?

O‘zbek adabiyotida o‘chmas iz qoldirgan Hamza Hakimzoda Niyoziyning “Boy ila xizmatchi” asarini o‘rta va katta yoshdagi yurtdoshlarimiz yaxshi bilishadi. Bu asar asosida badiiy film ham yaratilgan. O‘tgan asrning qirqinchi yillaridan boshlab to to‘qsoninchi yillargacha bu spektakl shaklida ham mamlakatimizning barcha teatrlarida qo‘yilgan. Asarda Solihboyning o‘z xizmatkori Gʻofur bilan o‘rtasida bo‘lib o‘tgan ziddiyatli voqealar hikoya qilinadi. Oddiygina qilib aytganda boy bilan kambag‘al o‘rtasidagi kelishmovchiliklar o‘z aksini topgan. O‘sha davrdagi tabaqalanishning salbiy oqibatlari asarda yaqqol ko‘rsatib berilgan. 
Mamlakatimizda joriy yil “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb e’lon qilindi. Albatta bundan barcha hursand. Chunki bu sohaga davlat miqyosida e’tibor qaratilayapti. Jadid bobolarimiz ko‘p bor ta’kidlaganidek, ilm-ma’rifat mamlakatni rivojlantiradi. Shu boisdan ham yurtimizda oliy o‘quv yurtlari soni yildan-yilga oshib borayapti. Bularning hammasi yaxshi albatta. Biroq bizni o‘ylantiradigan masalalardan biri bu tabaqalanishning jamiyatda paydo bo‘lishidir. Ayni paytda poytaxtda va viloyatlar markazida alohida boylarning bolalari ta’lim-tarbiya oladigan xususiy maktablar paydo bo‘ldi. Har bir bola uchun ota-ona bir oyda uch, uch yarim millon so‘m pul to‘laydi. Ertalabdan to kechga qadar o‘quvchi bolalar mana shu xususiy maktablarda ta’lim olishadi. Sharoitlar ham albatta shunga yarasha. Shunday sharoitda o‘qigandan so‘ng har qanday o‘quvchi ham albatta bilim oladida.
Endi davlat maktablariga bir e’tiborni qarataylik. Maktablarda har bir sinfda o‘rtacha 35-40 nafar o‘quvchi o‘qiydi. O‘qituvchi ularning har biri bilan mustaqil bemalol ishlay olmaydi. O‘tilgan darsni ham so‘rashning imkoni yo‘q. Sababi o‘qituvchi 45 minut davomida o‘tilgan darslarni o‘quvchilardan so‘rab ularning bilimini baholashi va yangi darsni o‘tishi kerak. Agar bir sinfda 15-20 nafar o‘quvchi bo‘lganda edi, o‘qituvchi bemalol ulardan o‘tgan darsni so‘rashi va yangi darsni tushuntirgan bo‘lardi. Biz ko‘pincha nima uchun repitetorga borgan bola oliy o‘quv yurtiga kiradiyu, davlat maktabida o‘qigan o‘quvchi kira olmaydi degan savolni bir-birimizga beramiz. O‘z-o‘zidan ma’lumki, repetitor o‘quvchini tanlab olishda avvalo uning bilimini tekshirib oladi. Agar bilimsiz bo‘lsa bunday o‘quvchini qabul qilmaydi. Bu tajribada ko‘rilgan misol. Darsga qiziqmagan, oliy o‘quv yurtiga kirishni ham istamagan o‘quvchilarni davlat maktabida istaymi yo‘qmi o‘qituvchi o‘qitishga majbur. Vaholanki, o‘quvchi darsga kelishni ham, bilim olishni ham istamaydi. Shu boisdan ham bunday o‘quvchilarning bilimini har qancha tajribaga ega bo‘lmasin oliy toifali o‘qituvchi ham oshira olmaydi. Repetitorlarni ko‘p yaxshi bilim beradi deb doimo maqtashadi. Birinchi sinfdan boshlab endigina maktab ostonasiga qadam qo‘ygan, hali harfni tanimagan bolaga eng zo‘r repetitor ham sabr-toqat bilan harf o‘rgata oladimi? Albatta bunday ishni uddalash har qanday repetitorning qo‘lidan kelmasa kerak. Yuqoridagi aytganimizdek, repetitorlar faqatgina iqtidori bor, bilimga qiziquvchan, kelgusida oliy o‘quv yurtlariga maqsad qilgan o‘quvchilarni tanlab olishadi. Shu boisdan ham ularning obro‘si borgan sari oshib bormoqda. 
Maktablarda sifatli ta’limni joriy qilish uchun eng avvalo o‘qituvchilarning bilim saviyasini oshirish talab etiladi. Bu haqda ko‘p yillardan buyon turli fikrlar aytilmoqda. O‘qituvchining oylik maoshi ming dollar bo‘lishi kerak degan gaplarning yangraganiga ham ancha vaqt bo‘ldi. Ularning obro‘sini oshirish, gaz, elektr singari kommunal sohalarda imtiyozlar berish, oylik maoshlari oshirilsagina pedagogning o‘z kasbiga bo‘lgan munosabati o‘zgaradi. Bu isbot talab qilmaydigan oddiy haqiqat ekanligini unutmaslik kerak. 
Xullas, jamiyatdagi tabaqalanish kimga foyda keltiradi? Buning uchun xususiy maktablar bilan davlat maktablaridagi o‘qituvchilarga to‘lanadigan oylik maoshlarini bir xil qilib qo‘yish kerak. Ana shundagina tabaqalanishdan yiroq bo‘lish mumkin. Agar tabaqalanish davom etaversa Hamzaning “Boy ila xizmatchi” dra
masining zamonaviy shakli yozilishi turgan gap. Buni aslo unutmaslik kerak.
Jo'shqin