Qalblarga nur sochgan muallima

Har bir insonning hayotida nur taratib, yo‘l ko‘rsatuvchi, mehr berib turuvchi mo‘tabar zotlar bo‘ladi. Men uchun bu inson — Negmatova Gulnoza. U kishi mehr, sabr va samimiyligi bilan qalbimda ikkinchi ona darajasiga ko‘tarilgan ustozimdir.
Gulnoza Negmatova 1976-yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan. 1998-yilda Samarqand Davlat Universitetini tamomlab, ona tili va adabiyoti yo‘nalishida faoliyat boshlagan. O‘qituvchilik faoliyatlari davomida 23-24-umumta’lim maktab va litseylarda samarali mehnat qilib, ko‘plab shogirdlarni tarbiyaladi. 2023-yildan buyon Toshkentdagi Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabida yosh avlodga ma’naviyat va ilm ziyosini ulashib kelmoqda.
Ustozning darslari oddiy grammatik qoidalar emas — qalb va ongni tarbiyalovchi saboqlardir. Har bir shogirdining ichki dunyosini tushunishi, e’tibor bilan yondashishi, o‘ziga xos mehribonligi u kishini o‘z kasbining fidoyisi sifatida yanada yuksaltiradi. Bugun Gulnoza Negmatovaning ko‘plab shogirdlari turli sohalarda muvaffaqiyat qozonib, ustozlari bergan bilim va tarbiyaning mevasi bo‘lib yashamoqda.
Mening hayotimda u kishining o‘rni ayniqsa beqiyos. Universitet imtihonimga olib borib, tashqarida duo bilan kutgani, ruhlantirgani — bu chin ustozga xos g‘amxo‘rlikdir. U kishiga havas qilaman, ularga o‘xshashni orzu qilaman. Chunki Gulnoza Negmatova — halollik, sabr, ehtiyotkorlik, mehr va kamtarlik fazilatlarining yorqin namunasidir.
Bugun ustozimning mehnati faqat darslarda emas, balki yuzlab shogirdlarining hayotida, yutuqlari va to‘g‘ri tanlagan yo‘llarida aks etmoqda. Biz uchun u — yo‘lchi yulduz, ma’naviy tayanch va duosi qabul ustozdir. Allohdan ularga sog‘lik, baxt va baraka tilayman. Chunki haqiqiy ustozning qadriga yetish, uning mehnatini qadrlash — shogirdning eng ulug‘ burchidir. Negmatova Gulnoza opa esa ana shu ulug‘ nomga munosib, duoga loyiq ustozdir.
Dilnoza ABDUQODIROVA
O’zbekiston Davlat jahon tillari unversiteti
Xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi.
Nodavlat tashkilotlari qanday faoliyat yuritadi?
- 25 янв, 13:30
SHE'R QANDAY YOZILADI?!
- 12 авг, 14:00




