Aylamak bo'lmas ado oning haqin yuz ganj ila

O'qituvchi zimmasiga hayot talablariga to'la javob beradigan va o'z zamoniga munosib kishilarni tarbiyalashdek ma'suliyatli vazifa yuklatilgan. Quyosh o'z nuri bilan butun tabiat, borliqni jonlantirgani kabi, o'qituvchi, murabbiy ham bor mahorati, ilmi bilan o'quvchi-yoshlar qalbini ilm ziyosi bilan to'ldirishga ahd qilgan buyuk kasb egasidir. Hayot go'zalligi, turmush farovonligi, insonlar odobliligi, qolaversa, istiqbolimiz muallim mehnati bilan bevosita bog'liq.
Abdulla Avloniy "Har bir millatning saodati, davlatning tinchi va rohati yoshlarning yaxshi tarbiyasiga bog'liqdir", deb yozgan edi.
Darhaqiqat, ustoz, murabbiy, o'qituvchi - bu so'zlarni eshitganimiz sari ko'z oldimizda ma'suliyatli kasb egalari, yillar davomida o'quvchilarga bilim berib ko'zidan nuri ketgan, sochlariga oq oralagan insonlar gavdalanadi. Shuning uchun bo'lsa kerak, bu kasb egalarini boshqacha hurmat qilishadi, e'zozlashadi.
Sharq mutafakkirlari ham ustozga bo'lgan hurmatni doim targ'ib qilganlar. Bu borada Alisher Navoiy hazratlarining quyidagi misralari barcha zamonlar uchun dolzarbdir:
Haq yo'linda kim sanga bir harf
                             o'qutmish ranj ila,
Aylamak bo'lmas ado oning haqin 
                                      yuz ganj ila.
Ustozning vazifasi faqat bilim berish bilangina chegaralanmaydi. U - qalbni tarbiya-laydi, nafsni jilovlaydi, yoshlarni ma'naviy kamolotga yetaklaydi. Ustoz - mehribon murabbiy, ham do'st, ham yo'l ko'rsatuvchi maslahatchi hisoblanadi. U shogirdining ko'zidagi nur, qalbidagi orzu va ongidagi umidni ko'ra biladi. Shuning uchun ham ustozni ko'pincha "qalb tabibi" deb atashadi.
Globallashuv, axborot oqimlari kuchaygan hozirgi davrda ustozlarning zimmasiga yanada yuksak mas'uliyat yuklangan. Yoshlar faqat bilimli emas, balki ma'naviyatli, vatanparvar, bag'rikeng bo'lib tarbiyalanishi uchun ustozlar o'zlarini doimiy ravishda rivojlantirib borishlari zarur. Zero, ustozning birgina nasihati, birgina samimiy so'zi shogird hayotini butunlay o'zgartirishi mumkin.
Umuman aytganda, ustoz - qalblarga ilm nurini yoyuvchi, jamiyatga ezgulik urug'ini sochuvchi, millat kelajagini shakllantiruvchi ulug' zotdir. Har bir inson ustozlarini qadrlashi, ularga hurmat ko'rsatishi, duolarini olishga intilishi lozim. Zero, ustozning duosi - hayotga baraka, ilmga fayz, kelajakka nur olib kiradi.Bugungi kunda ustozni qadrlash - nafaqat ma'naviy qarz, balki jamiyat ravnaqini ta'minlovchi muqaddas burchdir.
1981-yilda tumandagi 45-maktabni tugatgan edik. Oradan qirq besh yil o'tibdi. Yaqinda sinfdosh qizlar bilan uchrashib qoldik. O'quvchilik davrimizni, bizga ta'lim va tarbiya bergan ustozlarimizni birma-bir yodga oldik.
Jajjigina o'g'il-qizlarning qo'liga ilk qalam-ni tutqazgan birinchi ustozimiz Xolida Zokirovaning mehr-muhabbatga yo'g'rilgan siymosi ko'z oldimdan ketmaydi sira. O'sha paytlari boshlang'ich sinf o'qituvchilari barcha fanlarni o'zlari o'tishar edi. Ustozimiz ona tili, o'qish, matematika fanlarini biz o'quvchilarga puxta o'rgatish bilan bir qatorda mehnat, musiqa va jismoniy tarbiya fanlaridan ham talab darajasida o'tganligi bois, biz o'quvchilar barcha fanlarni zo'r qiziqish bilan o'zlashtirishga astoydil harakat qilar edik. Ustozimizning fidoyiligi, jonkuyarligi bilan butun sinfimiz o'quvchilarining yozuv husnixati ham birdek chiroyli edi.   
Boshlang'ich sinflarda olgan puxta bilim va ko'nikmamiz bilan yuqori sinfga o'tar ekanmiz, ona tili va adabiyot fanidan Karim Halimov, matematika fanidan Farhod Negmatov, rus tili va adabiyoti fanidan Venera Musaverovna, fransuz tili fanidan Lyubov Yakovlevna, tarix fanidan Mahkamtosh Rustamova, fizika fanidan Sami G'aniyev, geografiya fanidan Mashrab Abdurahimov, biologiya fanidan Maryam Ibragimova singari o'qituvchilarimiz saboq bergan edi. 
Biz o'quvchilar jonajon maktabimizni, har bir fanni sevar edik, har bir ustozimizni cheksiz hurmat qilar edik. Ustozlarimizning bizga bergan ta'lim-tarbiyasi, mehr-muhabbati tufayli sinfdoshlarimiz orasida  meditsina fanlari doktori, yuristlar, shifokorlar, maktabgacha va maktab ta'limi fidoyilari, jurnalistlar, tadbirkorlar yetishib chiqib, ular o'zlarining mehnatlari bilan jamiyatimiz ravnaqiga o'z hissalarini qo'shib kelmoqdalar.
Mana oradan qariyb qirq-ellik yil vaqt o'tibdi. Ming afsuski, ustozlarimizning ayrimlari endilikda oramizda yo'q. Shunday bo'lsada, bizga saboq bergan, katta hayot ostonasiga qadam qo'yishimizda yo'l-yo'riq ko'rsatgan qalbi daryo ustozlarimizning nomlarini doimo qalbimizda saqlab qolamiz. 
Darhaqiqat, har bir inson ilk saboqni maktabdan, mehribon o'qituvchisidan oladi. Biz uchun ibrat namunasi, yuksak insoniy fazilatlar timsoli bo'lgan aziz va mo'tabar ustozlar sha'niga eng go'zal so'zlar, ezgu tilaklarimizni izhor etsak arziydi. 
Aziz ustozlar, siz borsizki, hayotimiz nurafshon, ertangi kunimiz - farzandlari-mizdan, ularning kelajagidan ko'nglimiz to'q. Fursatdan foydalanib, tumanimizda faoliyat ko'rsatayotgan barcha o'qituvchilarimizni,  nuroniy ustozlarimizni 1-oktabr - O'qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimizdan muborakbod etamiz. Sizlarga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilaymiz. Doimo sog'-omon bo'ling, aziz ustozlar!
Gulsara TINIBEKOVA.