HAQ SO'ZNING SEHRLI QUDRATI

Haq so'zni ayta olmoqlik ham bir san'at. Va, o'sha so'zni odamlar qalbiga, ongu shuuriga yetkazib bermoqlikni o'zi bir shijoat aslida. 
Maktabda o'qib yurgan bolalik davrlarimdayoq menda kitob, gazeta va jurnallarni mutolaa qilishga ishtiyoq baland edi. "G'uncha", "Gulxan", "Tong yulduzi", "Turkiston", "Yoshlik", "Fan va turmush", "Saodat", "Guliston", "Ma'rifat" kabi nashrlarni o'qish eng sevimli mashg'ulotim bo'lgan. Ulardan oladigan ma'naviy ozuqani boshqa hech qayerdan topolmasdik o'shanda. Ayniqsa, mening yuragimda  ijodga bo'lgan uchqun o'sha davrlarda paydo bo'lgan desam, adashmayman. Qolaversa, atrofga, borliqqa, jamiyatga teran ko'z bilan boqmoq hamda kundalik voqea-hodisalardan xabardor bo'lishda ham gazeta-jurnallarning o'rni katta. 
To'g'ri, hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlar rivojlanib, axborot oqimi kuchayib borayotgan davrda gazeta va jurnal o'qishga bo'lgan ehtiyoj sal susaygandek, nazarimda. Ammo bu nashrlar, ayniqsa, o'zimiz qiziqish bilan o'qiydigan sevimli gazeta va jurnallar beradigan ma'naviy ozuqani hech qaysi ijtimoiy tarmoq vositasi berolmaydi. Ayniqsa, tumanimiz ijtimoiy hayotida sodir bo'layotgan dolzarb voqea-hodisalar tafsilotini faqat va faqat sevimli gazetamiz - "Oqdaryo ovozi"dan topishimiz mumkin.
Tumandagi yangiliklar va yangilanishlar, bunyodkorlik ishlari va ana shu yaxshi ishlarni boshida turgan shijoatli insonlar to'g'risidagi qaynoq xabarlar bilan sevimli gazetamiz orqali tanishib borayotganimizdan biz mushtariylar juda mamnunmiz. Shuningdek, Oqdaryoning ma'rifatli, madaniyatli, qisqa qilib aytganda, oramizdagi oddiy hokisor odamlari haqida hikoya qiluvchi maqola va xabarlarni ham gazeta sahifalarida zo'r qiziqish bilan o'qib bormoqdamiz. Ayniqsa, Oqdaryo ijodkorlarining ijod gulshani bo'lgan she'r va hikoyalari hamda boshqa badiiy ijodlarining muntazam ravishda berib borilayotganligi ayni muddaodir.
Shu bois, mana shu dargohning xalqqa xizmat qilishdek ezgu niyatli, zahmatkash va uyg'oq qalb egalari bo'lmish jurnalistlarning kamtarona mehnatlari har qancha e'tirof va e'tiborga sazovordir. So'zning qudrati naqadar kuchli ekanligini bizga ko'rsatib berayotgan ana shunday xodimlar va sevimli gazetamizdan minnatdormiz. Shunday ekan, barcha aziz yurtdoshlarimizni tumanimiz ko'zgusi bo'lgan "Oqdaryo ovozi" gazetasiga yangi 2025-yil uchun obuna bo'lishga da'vat etaman.
Minglab mushtariylar nomidan qadrdon gazetamizning kelgusidagi faoliyatiga omad tilaymiz. Kelgusi yilda ham birgalikda tumanimiz rivoji yo'lida mehnat qilishda davom etamiz! 
  Erkinoy QARSHIYEVA,
                                     Xalq ta'limi a'lochisi.