Mulohaza, muhokama va taklif TA'LIM SOHASIDAGI YECHIMINI KUTAYOTGAN MUAMMOLAR

Mamlakatimizda ta'lim sohasiga keyingi yillarda katta e'tibor qaratilmoqda. Buning uchun davlat tomonidan juda katta mablag' ajratilib, soha uchun imtiyoz va imkoniyatlar kengaytirilmoqda. Maktabgacha ta'limdan oliy ta'limgacha qamrov oshirildi. Yangi muassasalar ochildi va bu boradagi ishlar davom etmoqda. Ayniqsa, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbus asosida umumta'lim maktablarida ta'lim-tarbiya olayotgan hozirgi yosh avlodni munosib ravishda kamolga yetkazish, ularning kamida 2 ta til va kasb-hunarni egallashlariga erishish borasida qilinayotgan sa'y-harakatlar diqqatga sazovordir. Bu borada Oqdaryo tajribasi mamlakatimiz maktablari bo'ylab joriy qilinganligi ham alohida e'tiborga molikdir.
Ming afsuski, bugungi kunda ta'lim sohasida yechimini kutayotgan ayrim muammolar ham borki, bu haqda alohida to'xtalib o'tish lozim. Ma'lumki, tumanimizdagi mavjud maktablarning 2 tasida rus sinflari ham tashkil qilingan bo'lib, mazkur sinflarda barcha fanlar rus tilida olib boriladi. Shunday ekan, rus sinflari rus tilidagi darsliklar bilan ta'minlanishi, ularga dars o'tadigan fan o'qituvchilari rus tilida dars o'tishlari talab etiladi. Ming afsuski, o'quv yilining 1-choragi tugab borayotgan bo'lishiga qaramasdan ayrim rus sinflarida tahsil olayotgan ko'plab o'quvchilarga darslik kitoblari yetishmayotgan ekan.
Buni qanday izohlash mumkin? Ota-onalarning aytishlariga qaraganda, endilikda ular yetishmayotgan darslik kitoblarini o'z mablag'lari hisobidan elektron variantda ko'paytirib olishlari lozim ekan. Bu holat albatta mazkur sinflarda ta'lim olayotgan o'quvchilarning va ularning ota-onalarining qat'iy e'tiroziga sabab bo'lmoqda. Undan ham ayanchli tomoni shundaki, rus sinflari o'quv yili boshidan buyon geografiya, fizika singari ayrim fanlarni o'zbek tilida o'qishayotganligini qanday baholash mumkin? Nima emish, kadr yetishmas ekan. Shu zamonda kadr yetishmasligi yoki darslik kitob yetishmasligi aqlga sig'maydigan bahona ekanligi hammaga ayonku. Axir, bugungi kunga qadar maktabdagi ushbu muammolarni o'z vaqtida hal qilmagan maktab direktorining e'tiborsizligi tufayli ko'plab o'quvchilar dars mashg'ulotlarini o'zlashtirishda qiyinchiliklarga duch kelishmoqda. Yuqorida aytganimizdek, ayrim fanlardan kadrlar yetishmasligi bahonasida rus tilidagi darsliklarni o'zbek tili o'qituvchilari tomonidan o'tilayotganligi ham kechirib bo'lmas holdir.
Tuman markazidagi maktablarda bo'layotgan bu kabi kamchiliklardan esa maktabgacha va maktab ta'limi bo'limi mutasaddi rahbarlari nahotki bexabar bo'lishsa? Biz ularning bu boradagi kamchilik va muammolarni bartaraf etilganligi to'g'risidagi xabarlarini kutib qolamiz.
Zero, kelajagimiz vorislari bo'lgan yosh avlodning zamonaviy ta'lim-tarbiya olishlari uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish dolzarb vazifamizdir.
JO'SHQIN.






