PISA O'QUVCHILARNI MUSTAQIL FIKRLASHGA CHORLAYDI

PISA (inglizcha Programme   for  International  Student Assissment) - turli  davlatlarda   15  yoshli o'quvchilarning  savodxonligi   (o'qish, matematika, tabiiy   fanlar) hamda bilimlarini   amaliyotda qo'llash  qobiliyatini  baholovchi dastur  bo'lib, bu dasturda  qatnashishdan maqsad  raqobatbardosh  kadrlarni   yaratish uchun  mustahkam zamin yaratishdan iborat.
PISA o'zining  dunyo   bo'ylab  qamrovi  va   muntazamligi bilan ahamiyatli. Hozirgacha  saksondan   ortiq  mamlakatlar PISAda  ishtirok   etmoqda.
PISA dasturining  maqsadi nima, u qanday  zaruriyat   tufayli  paydo bo'lgan?
XXI asr axborot   texnologiyalari  asri. Bu asr o'z  mutaxassislaridan oldingidan farq qiluvchi  kompetensiyalarni talab qiladi. XX asrda  va undan oldin kuchli xotira, ensiklopedik bilim, o'z   sohasida ko'proq ma'lumotni bilgan muta-xassislar yuqori qadrlangan bo'lsa, endi bu bilimlar hal qiluvchi ahamiyatga ega bo'lmay   qoldi. Qidiruv tizimlari, online ensiklopediyalar, sohalar bo'yicha mukammal online bazalar  yaratildiki, endi bu ma'lumotlarni eslab qolish   zaruriyati ikkinchi darajali vazifa bo'lib qoldi. Hozirgi  zamon   mutaxassisida bu bilimlarni tahlil   qilish, ulardan yangi   ma'lumotlarni  hosil qila olish, xalq tili bilan aytganda, “kosa tagidagi nimkosa”ni ko'ra olish kompetensiyasi birinchi o'ringa ko'tarilmoqda. PISA testlari xuddi shu o'zgarishlarni ta'lim tizimida aks  ettirish, maktab o'quvchilarining haqiqiy hayotda kerak  bo'ladigan hodisalarni  tahlil qilish, ulardan xulosa chiqarish va muloqotga kirishish ko'nikmalarini qay darajada egallayotganini aniqlash maqsadida o'tkaziladi.
PISAning asosiy yonalishlaridan biri bu -  o'qish savodxonligi bo'lib, bu  insonning matn  shaklida berilgan ma'lumotlarni tushuna olish ko'nikmasi, jamiyat hayotida faol qatnashish jarayonida o'qigan ma'lumotlaridan o'z maqsadlari yo'lida foydalana olish layoqatidir.
Bu yo'nalishning maqsadi o'quvchining berilgan badiiy asardan parcha, biografiya, xat, hujjat, gazeta va   jurnallardan olingan maqolalar, turli qo'llanmalar, tarkibida matnni ochib berishga  mo'ljallangan diagrammalar, rasmlar, jadvallarni tushunish, mazmuni haqida fikr yurita olish va o'qiganlari haqida o'z  fikrini bildira olish kabi kompetensiyalarni aniqlash   hisoblanadi.
Yangi nashrdan chiqqan 8-sinf ona tili darsligidagi mavzularda o'quvchilarni PISA talablariga moslashishi nazarda   tutilgan. Darslikning   314-sahifasida ''Haqiqat  va  majoz'' matni  berilgan.
Bir kishi quturgan tuyadan  jonini qutqarish  uchun jar ustiga egilgan ikki shoxga osilib, jar yoqasiga oyoq qo'yadi. Lekin oyog'i ostidagi  indan   to'rtta ilon bosh chiqarib   turganini  ko'rib  qoladi. Jarning  ostiga nazar   tashlasa, u yerda ulkan bir   ajdaho og'zini katta ochgancha uning   tushishini kutib turganligiga, yuqoriga qarasa, oq va qora sichqonlar u osilib turgan shoxlarni  to'xtovsiz kemirayotganliklariga  ko'zi tushadi. Bu ahvoldan qutilish chorasini o'ylab turganida shunday yonginasida asalari uyasini  ko'radi va barmog'ini  asalga botirib, yalay ketadi. Asalning  shirinligi   uning  boshini shu darajada aylantirgan ediki, natijada u o'zining   qanday  ahvoldaligini unutib qo'yadi: oyoqlarini to'rt  ilonning  boshiga   qo'yganligi va bu ilonlar uni har lahzada chaqib olishlari  mumkinligi, sichqonlar  shoxlarni kemirib bitirishlari va  shox   sinsa, u ajdaho  komiga tushishi  muqarrarligi xayolidan ko'tariladi. Jaholat pardasi aql nurini to'sib qo'yadi  va  oz fursat o'tmay, u jarga qulab halok bo'ladi.
Topshiriqlar ustida  ishlash.
Bu hikoyatda oq va qora sichqon, to'rt ilon, asal, ajdaho  majoziy ma'no   ifodalamoqda. Ular nimaning ramzi ekanini  ayting.
1. Oq va qora sichqon  -  kecha va kunduz.
2. To'rt ilon -  olam asosini  tashkil   qiluvchi  unsurlar( suv, olov, tuproq, havo).
3. Asal - o'tkinchi dunyo.
4. Ajdaho -  o'lim.  
Matnning asosiy  g'oyasi  quyidagicha:
Bu dahshatli va chuqur jar tashvishi   hech  qachon  tugamaydigan   hayot.
Oq va qora sichqonlar - odam jarning umrini kamaytirish uchun tinimsiz  almashib turgan kecha  va kunduz.
To'rt  ilon- borliqning  asosini   tashkil qiluvchi  to'rt  unsur: ulardan birortasi  o'z   muvozanatini  yo'qotsa, inson darhol  mavh  bo'ladi.
Ajdaho - hech kim qochib qutula   olmaydigan  o'lim.
Matn  mazmuni  orqali o'quvchilarga  har bir ishimizni o'ylab amalga oshirishimiz zarurligi, jaholat pardasi aqlimizni egallab olmasligi kerakligi uqtiriladi. 

Guljahon QURBONOVA,

                     35-maktabning ona tili va adabiyot fani oqituvchisi.