YOSHLAR YETAKCHISI FAOLIYATIDAN BARCHA SOHADA FAOL BO'LAYLIK

Yoshlar yetakchisi sifatida faoliyatimni boshlaganimdan buyon ko'p turli xarakterli yoshlar bilan suhbat qildim, til topishdim. Qaysilari mendan katta bo'lsa, qaysilaridir mendan yosh. Ular orasidan sharoiti og'ir hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlardan 88 nafari mening tavsiyam bilan "Yoshlar daftari"ga kiritildi. Ulardan 46 nafariga 20 sotixdan yer ajratildi. 14 nafariga subsidiya asosida asbob-uskunalar berilib bandligi ta'minlandi. 8 nafar yoshlarni to'lov kontraktlari to'lab berildi. 4 nafar yoshlarni safarbarlik chaqiruv rezervi badali qoplab berildi. 4 nafar yoshlarni haydovchilik guvohnomasi to'lovi qoplab berildi va qolgan yoshlarga ham doimiy ish o'rinlariga joylashtirish va kelajak kasblariga o'qitish bilan yordam ko'rsatildi. 
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 19-yanvardagi "Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish to'g'risida"gi PQ-92-sonli qaroriga asosan besh tashabbus olimpiadasining birinchi va ikkinchi mavsumini o'tkazdik. Olimpiada doirasida mahallamizdagi 1705 nafar yoshdan 1500 dan ziyodini qamrab oldik. Xususan mahallamizning uyushmagan yoshlaridan tashkil topgan jamoamiz "Quvnoqlar va Zukkolar" Respublika ko'rik-tanlovida ikki mavsumda ham tuman bosqichida faxrli I-o'rinni egallab, viloyat bosqichida II-o'rinni egallashdi. Ichki turizmni rivojlantirish bo'yicha 30 dan ziyod faol yoshlarimizni Xorazm, Buxoro va Qoraqalpog'iston respublikasiga sayohatini amalga oshirdik. 
"Yilning eng namunali mahalla yetakchisi" tanlovining tuman bosqichida faxrli I-o'rinni egallab, viloyat bosqichida IV-o'rinni egalladim. Tuman hokimi Sherzod Qudratov tashabbusi bilan 200 ta badiiy kitob mahallada yetakchi kutubxonasini tashkil etish uchun taqdim etildi. O'zimning tashabbusim bilan kitoblar soni 300 taga yetkazildi. Davlat xavfsizligi xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig'i tashabbusi bilan hozirgi kunda kitoblarim soni 1000 taga yetdi. Sektor rahbari, tuman IIB boshlig'i tashabbusi bilan mahallamga stol tennisi taqdim etilgan. Mahallamiz yoshlari ushbu shart-sharoitlardan unumli foydalanib kelmoqdalar.
Hozirgi kunda 21-mart Navro'z bayrami oldidan mahalladagi volontyor yoshlar bilan obodonlashtirish ishlarini olib bormoqdamiz. Bayramga o'zgacha shukuh baxshida etish maqsadida qishloqlarimizda turli bayram tadbirlari tashkillashtirilmoqda. Bayram arafasida mahalladagi 5 ta qishloq jamoalari o'rtasida "Navro'z kubogi" futbol musobaqasi ham o'tkaziladi.
Niyozxon Abdusalomov,
  O'zbekiston MFY Yoshlar yetakchisi.