FAXRIY USTOZLAR XONADONIDA

Eng ulug' va aziz bayramlarimizdan biri bo'lgan 1-oktyabr - O'qituvchi va murabbiylar kuni bayrami mamlakatimiz bo'ylab keng nishonlandi. Bayram munosabati bilan tumandagi 30-umumta'lim maktabi pedagoglari va o'quvchilari shu maktabda samarali mehnat      qilib, nafaqaga chiqqan faxriylar holidan xabar olishib, ularni bayram bilan qutlashdi. Ustozlar xonadonida bir piyola choy ustidagi suhbat xotiralar bilan qizg'in kechdi. Mustaqillikning dastlabki, mashaqqatli yillari xotirlandi. Marhum ustozlar yod etildi.

Maktab o'qituvchilari va o'quvchilarning tashrifidan mamnun bo'lgan nuroniy ustozlar bugungi kunda Prezidentimiz tomonidan xalq ta'limi sohasiga katta e'tibor berilayotganligini alohida ta'kidlab o'tishdi. Yurtimiz tinch-osoyishta, osmonimiz musaffo bo'lishini, jonajon ona-Vatanimizni, aziz xalqimizni o'z panohida asrashini Yaratgandan so'rab duolar qilishdi. Shuningdek, maktab o'quvchilariga o'zlarining qimmatli o'git va maslahatlarini berishdi.

M.ABDURAHMONOV,

      30-maktabning tarix fani o'qituvchisi.