Davlat xizmatlarini joylarga chiqqan holda ko‘rsatish tartibi belgilandi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 31.08.2023 yildagi “Davlat xizmatlarini joylarga chiqqan holda ko‘rsatishning maʼmuriy reglamenti tasdiqlash” to‘g‘risidagi 435-son qarori qabul qilindi.
Ushbu qaror bilan “Davlat xizmatlarini joylarga chiqqan holda ko‘rsatishning maʼmuriy reglamenti” tasdiqlanib, davlat xizmatlari Adliya vazirligining Aloqa markaziga (“Call-markaz”) yoki uning rasmiy veb-saytiga murojaat qilish orqali ko‘rsatilishi belgilandi.
“Call-markaz” orqali so‘rovnomalar soat 09:00 dan 18:00 gacha ish vaqti davomida qabul qilinadi.
Rasmiy veb-sayt orqali sutkaning istalgan vaqtida murojaat qilinishi mumkin.
Davlat xizmatlarini ko‘rsatish vaqti Davlat xizmatlari markazlari (vakolatli organ)ning ish vaqti doirasida belgilanadi.
“Call-markaz” masʼul xodimi ariza beruvchi nomidan so‘rovnomani to‘ldiradi va so‘rovnomadagi maʼlumotlar tasdiqlangandan so‘ng ariza beruvchiga to‘lov invoysini yuboradi.
So‘ng masʼul xodim ariza beruvchi bilan telefon orqali bog‘lanib, so‘rovnomada ko‘rsatilgan joyga chiqadi hamda maxsus texnik qurilmalar yordamida (planshet yoki kompyuterga o‘rnatilgan daktiloskopiya, printer va boshqalar) davlat xizmatini ko‘rsatadi yoki davlat xizmatlaridan foydalanish uchun ariza yuboradi (so‘rovnomada belgilangan muddatlarda).
Davlat xizmatlarini joyiga chiqqan holda ko‘rsatish yoki davlat xizmatlaridan foydalanishga ariza yuborish uchun Toshkent shahrida BHMning 50 foizi, viloyat markazlarida BHMning 40 foizi, tuman (shahar)larda BHMning 30 foizi miqdorida bir martalik to‘lov undiriladi.
O‘zgalar yordamiga muhtoj qariyalar, sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra mustaqil harakatlanish imkoniyati cheklangan hamda I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlari ko‘rsatilganligi uchun to‘lov undirilmaydi.
Shuningdek, ushbu Reglament quyidagilarga nisbatan tatbiq etilmaydi:
- milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirishga;
- O‘zbekiston fuqarosi, O‘zbekistonda doimiy yashovchi chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning identifikatsiyalovchi ID-kartasini hamda xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirishga;
- jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishga.
X.Quyboqov
 tuman Davlat xizmatlari 
markazi direktori.