O'quvchilarim yozgi ta'tilga chiqishni xohlashmayapti...

Dunyo iqtisodiy bilimlar tomon, ya'ni rivojlanishning asosiy omillari bo'lmish bilim va inson kapitaliga tobora yaqinlashib bormoqda. Shu boisdan ham, yoshlarni kelajakka tayyorlashda STEAM ta'limi muhim ahamiyat kasb etadi.
STEAMning maqsadi - o'quvchilar tafakkurini rivojlantirish hamda ularni fan, texnologiya, muhandislik, matematika va san'at kabi fanlardan olgan bilimlarini samarali qo'llashga o'rgatishdan iborat. Shu bilan birga, STEAM ta'limi murakkab o'quv loyihalarini amalga oshirishda fanlarni o'zaro uyg'unlikda o'rganish imkonini beradi. Ushbu ta'lim dasturini amaliyotga joriy etishdan maqsad o'quvchilarning olgan bilimlarini zaruriy sharoitlarda amalda qo'llay olish darajasini yuksaltirishdan iboratdir.
Bugungi kunda yurtimizda yoshlarga keng imkoniyatlar yaratib berilgan. O'sib kelayotgan yosh avlodning ham jismonan, ham ma'nan kamol topishida yangi-yangi g'oyalar, tashabbuslar ilgari surilmoqda. Ayniqsa, yosh avlod ta'lim-tarbiyasida, ularning dunyoqarashi shakllanishida boshlang'ich ta'limning roli kattadir.  
Tumanimizdagi 30-umumiy o'rta ta'lim maktabida boshlang'ich sinflarga ko'p yillardan buyon dars beraman. To'g'risi, o'quvchilarimning aksariyati dam olish kunlarini xush ko'rar edi. Lekin, keyingi paytlarda ularning maktabga bo'lgan mehri o'zgarganini sezdim. O'quvchilarimning har biri bilan alohida suhbatlashishga harakat qildim. Aniqlashimcha, bu o'zgarishga yaqinda o'tkazilgan ochiq darsim ham sababchi bo'lgan ekan. 
Yaqinda Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan "Ona Vatan aziz!" mavzusida ochiq dars hamda o'quvchilarim bilan "Nima haqida o'ylasam ekan?" mavzusidagi mashg'ulotni "STEAM" dasturi asosida tashkil etgan edim. Bu ta'lim tizimi tabiiy fanlar, texnologiya, muhandislik, san'at va matematika uyg'unligida o'quvchilarning iqtidorini, bilimga bo'lgan qiziqishini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli ekan. Darsimiz "Vatan aziz, jasorat mangu!" shiori ostida olib borildi. Ochiq darsda elektron doska, turli ko'rgazmali qurollar, o'quvchilar ixtirolari, tarqatma materiallardan unumli foydalandim. Shuningdek, mashg'ulotda o'tgan o'quv yilida bolalarning turli fanlar bo'yicha olgan bilimlarini mustahkamlashga qaratilgan turli xil didaktik o'yinlar, sahna ko'rinishlari va musiqiy chiqishlar namoyish etildi. Har bir o'quvchiga alohida rol ijro etishi uchun imkoniyat yaratildi. Ular o'zlarini haqiqiy san'atkordek, qahramondek his qilib, vazifasini a'lo darajada bajardi. O'z iste'dodlarini namoyon etdi va mashg'ulot so'nggida munosib taqdirlandi. Ochiq darsga tajribali ustozlar va ota-onalar ham taklif etilgandi. Bolalarning chiqishlari barchaga birdek manzur bo'ldi. 
Xullas, shu mashg'ulotdan keyin o'quvchilarimning maktabga bo'lgan qiziqishi yanada ortibdi. Ayrim ota-onalar menga qo'ng'iroq qilib, minnatdorlik bildirdi va farzandlari bu kabi ochiq darslar tez-tez o'tkazilishini istayotganini ta'kidlashdi. 
Afsuski, shu kunlarda yozgi ta'til yaqinlashib bormoqda. O'quvchilarim-ning aksariyati esa darslar tugamas-ligini, dam olgisi kelmayotganini aytishdi. Bu galgi ta'til 3 oy - uzoq muddat davom etishini anglab, hatto ayrimlari yig'lab  ham oldi.
Xulosa qilib aytganda, boshlang'ich ta'lim - bilimlar poydevoridir. Biz o'qituvchilar kelajagimiz vorislariga zamon talabalari darajasida ta'lim berar ekanmiz, yuqoridagi singari o'tkazila-yotgan tadbirlarimiz ularni ona-Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyala-shimizda muhim ahamiyat kasb etishiga ishonaman.
Oybahor ERGASHYEVA,
30-maktabning boshlang'ich ta'lim o'qituvchisi.