Bugunning gapi QOG'OZBOZLIKNI YO'Q KO'RGANI KO'ZIM...

Yaqinda ish yuzasidan tuman tibbiyot birlashmasining Poliklinika bo'limiga bordim. Mustaqillik mahallasiga birkitilgan shifokorga uchrashishimni aytishdi. Aytilgan xona eishigini ochib kirar ekanman, bir yosh shifokor yigit mahalla shifokorida kasallik varaqasi ekanligini aytdi. Kartochka beradigan qizlarga uchrashgan edim: "O'sha yigitning o'zi Mustaqillik mahallasiga birkitilgan", deyishdi. Yana o'sha yosh shifokorga murojaat qildim va Mustaqillik mahallasining Bobur ko'chasi sizga qarashli ekan-ku dedim. U shundan so'ng istab-istamay: Unday bo'lsa qizlardan kartochkangizni olib keling, dedi-da uzr so'rash o'rniga indamay o'z ishini davom ettirdi.
Men yana qizlarga murojaat qilib, kasallik varaqasini  topib berishlarini iltimos qildim. Shu paytning o'zida hamshira qizning telefoni jiringlab qoldi va telefondan: "Silarning yonlaringga bittasini jo'natdim, kartochkasini topib boshqa bir vrachga uchrashsin, men kasallik tarixini yozishni bilmayman, qolaversa, mening vaqtim yo'q ...", degan ovoz eshitildi.
Shifokor yigitning telefondagi gaplarini eshitib hayron qoldim. Nahotki, bemorlarning taqdiri shunga o'xshagan mas'uliyatsiz va bilimsiz insonlarga qolgan bo'lsa, deya ta'kidladim. Hamshira qizlar ham noqulay ahvolda qolishdi:
- Xafa bo'lmang, bu yigit hali o'qishni ham to'liq tugatmagan yosh vrach bo'lsa, asta-sekin o'rganadi-da. Yuring men o'zim sizni boshqa bir vrachga olib boraman, o'sha vrach ishingizni hal qilib beradi,-dedi hamshira qiz.
Darhaqiqat, ancha sarsonchiliklardan so'ng o'sha shifokor (ismi-sharifini ham so'ramabman) kasallik varaqasini yozib berdi va endilikda administratorga uchrashishimni aytishdi. Tuman kasalxonasining eski binosida joylashgan ushbu bo'limning ikkinchi qavatiga ko'tarilar ekanman, kadrlar bo'limidagi qizlar kasallik varaqasiga yana bir vrach imzo qo'yishi lozim ekanligini aytishdi. U vrachni ham o'z ish xonasidan topolmadim. Shundan so'ng dushanba kuni ertalabdan o'sha vrachning qabuliga shoshildim. Afsuski, vrach kasallik varaqasiga chiqqan ekan. Uning o'rnida o'tirgan keksa yoshli vrach esa birovning o'rniga imzo chekmasligini aytdi. Lekin, meni o'zining kasallarni qabul qilish daftariga qayd qilish maqsadida ismi-familiyamni so'raganligini qanday tushunish mumkin?!
Kasalxonadagi sarsonchiliklardan zo'rg'a qutulib, Davlat xizmatlari markazida joylashgan FHDYO bo'limiga bordim va 19-raqam bilan navbatda turdim. Shu payt yonimdagi "Taraqqiyot" MFYda yashovchi bir kishi zorlanib qoldi:
- Ota-onam vafot etganiga qariyb 7 yil bo'lyapti. Kadastrdagilar ota-onangiz vafot etganligi haqidagi ma'lumotnomani olib keling, so'ngra uy-joyingizni sizning nomingizga o'tkazib beramiz, deyishgan bo'lsa, FHDYO bo'limidagilar esa vaqtimiz bo'lsa, ota-onangizning ma'lumotnomasini arxivdan izlab ko'rishimiz kerak, deyishmoqda. Axir ayni paytda hamma hujjatlar onlayn tarzda berilayotgan bo'lsa, bizning idorama-idora sarson bo'layotganligimizni qanday baholash mumkin?
Shu orada navbatimiz kelgan payti xizmatdagi qiz yugurib boshqa xonaga kirib ketdi. Hamma uni kutib betoqat bo'la boshladi. Ma'lum bo'lishicha, o'sha xonada ikki yoshni nikohdan o'tkazish tadbiri bo'layotgan ekan. FHDYO bo'limi mutaxassisi nikohdan o'tkazish tadbirini tugallab, bir pasdan so'ng yana o'z o'rnida o'tirib ishini davom ettirdi. Mijozlarning unga bo'lgan e'tirozi yoqmadi shekilli menga ham sovuq muomala qildi:
- Hujjatni olish uchun oldinroq harakat qilishingiz kerak edi,- dedi va qog'ozni uzatib boshliqqa imzo qo'ydirishim lozimligini ta'kidladi.
Boshliq xonasiga kirish uchun ham 5-6 kishi navbatda turishgan ekan. Navbatimiz kelib boshliqqa imzo qo'ydirgach yana kompyuterda o'tirgan qizga qog'ozni uzatdim. U ma'lumotnomani kompyuterdan chiqarib berib, yana boshliqqa kirib imzo va muhr qo'ydirishimni tushuntirdi. Yana FHDYO bo'limi mudirasiga kirib, o'sha ma'lumotnomaga imzo qo'ydirib chiqdim va yelkamdan tog' ko'tarilgandek, o'zimni yengil his qildim. Qog'ozbozlikdan, imzobozlikdan qutulganimga shukur qildim va ko'chaga chiqib, oltin kuzning top-toza havosidan chuqur nafas oldim.
Ming afsuski, Xalq bankidagi ahvol bundan ham battar edi. Kassalarda navbatda turgan odamlar bir-biriga yopishib olishgan, kimdir to'lov uchun pul topshirsa, kimdir qo'lidagi pulini AQSH dollariga almashtirish uchun shoshishar edi. Bu yerdagi tirbandlikka, ayniqsa, xonadagi badbo'y havoga chidab turishning o'zi bo'lmas edi. Navbatim kelib shu narsa ma'lum bo'ldiki, 3 kun mobaynida yelib-yugurib to'g'rilagan hujjatim uchun nafaqa pulini olishga 60 kun mobaynida murojaat qilishim zarurligini, men esa o'n kun muddatga kech murojaat qilganligimni aytishdi...
Nima ham derdik, qonun hamma uchun barobar. Lekin, meni ayni paytda nafaqa pulini ololmaganim emas, balki, idorama-idora yurib sarson-sargardon bo'layotgan xalqimiz, qolaversa, qog'ozbozlikka mukkasidan ketgan ayrim mansabdorlar va ularning odamlarga qilayotgan muomalasi kishini qattiq ranjitadi. Axir, egallab turgan mansabing ham, allaqanday qog'ozlaring ham inson qadridan ustun emas-ku.
Shunday ekan, xalqqa xizmat qilayotgan har qanday mas'ul shaxs insonlarga qo'lidan kelganicha yordam bermog'i, ayniqsa, muomala madaniyatiga rioya qilish lozimligini aslo unutmasligi kerak.
Gulsara TINIBEKOVA.