O'zbekiston - kitobxonlar yurti KITOB - QALB QUVVATI, TAFAKKUR QANOTI


Ushbu haftalik mamlakatimiz bo'ylab barcha viloyatlar, tuman va shaharlardagi axborot-kutubxona markazlari, ta'lim muassasalari, mahalla va tashkilotlar bilan hamkorlikda yuqori saviyada tashkil etildi. Ma'naviyatni yuksaltirish, kitobga mehr uyg'otish, yoshlar ongiga mutolaaga muhabbatni singdirish maqsadida tashkil etilgan haftalik Oqdaryo tumanida ham o'zgacha ruhda, boy mazmun va ko'tarinki kayfiyatda bo'lib o'tdi.
Haftalikning tantanali ochilish marosimi tuman Axborot-kutubxona markazida bo'lib o'tdi. Ushbu tadbirda mahalliy hokimlik vakillari, tuman 43-son Madaniyat bo`limi xodimlari, 1-son "To`rt mo'jiza" maktab o`quvchilari, adabiyot ixlosmandlari, ijodkorlar, o'qituvchilar, faol kitobxonlar va nuroniylar ishtirok etishdi. Tadbirda nuroniy kitobxon Asliddin Nurmatov kitob va kitobxonlik inson ma'naviyatining ajralmas bo'lagi ekanligi, u xalqning o'zligini anglashda, ongini uyg'otishda muhim o'rin tutishi haqida so'z yuritdi.
"Kitob va kitobxonlik - inson ma'naviyati ko'zgusi" mavzusida IIB xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan ilmiy-ijodiy davra suhbati ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Davra suhbatida yoshlarning kitobxonlikdagi o'rni, zamonaviy texnologiyalar davrida ham mutolaaga bo'lgan ehtiyoj qanday saqlanib qolishi haqida fikr almashishdi. Jinoyatchilikni oldini olishda kitobxonlikning o`rni qay darajada muhim ekanligi haqida alohida ta'kidlab o'tildi.
Kitobxonlik haftaligining ikkinchi kunida oqdaryolik taniqli shoira, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori Gulhayo Anorova bilan ijodiy uchra-shuv tashkil etildi. Shoira o'z she`rlaridan namunalar o'qib berar ekan, yosh ijodkorlarga ilhom bag'ishladi hamda o'zining hayotiy tajribalari bilan bo'lishdi.
"Yoshlar uchun ming kitob" aksiyasi doirasida esa tuman kutubxonasi o'z fondini yangi adabiyotlar bilan boyitdi. Maktab va mahalla yoshlari orasida kitob targ`ibotlari olib borildi. Ayni aksiyada ko'plab yoshlar o'z sevimli asarlarini topdi va kutubxonaga a'zolikka qabul qilindi.
Bundan tashqari kitobxonlik haftaligi doirasida "Mahalliy afsonalar orqali Oqdaryo tarixi" mavzusidagi tanlov ham katta qiziqish bilan o'tkazildi. Ishtirokchilar Oqdaryoga oid tarixiy rivoyatlar, dostonlar va afsonalarni o'rganib, ularni zamonaviy yondashuvda talqin qildilar. Bu esa yoshlarimiz-ni o'z diyorining tarixiga, og'zaki ijod namunalari va xalqona so'z boyligi-ga nisbatan mehrini kuchaytirdi.
Haftalikning so`ngi kunida Respublika ma`naviyat va ma`rifat markazi Oqdaryo tuman bo`linmasi rahbari D.Yusupova, tuman 43-son Madaniyat bo`limi xodimlari, 20, 21, 47-maktablar hamda 14-son musiqa maktabi o`qituvchi va o`quvchilari bilan hamkorlikda o`tkazilgan buyuk shoir Muhammad Yusuf tavalludiga bag'ishlangan adabiy-badiiy kecha ruhiy-ma'naviy jihatdan eng yorqin tadbirlardan biri bo'ldi. Sahnada sevimli shoirning she'rlari yangradi. Yosh ijodkorlar uning izidan borayotganini, shoir qalblarda yashayotganini namoyon etishdi. Tadbir yakunida faol kitobxonlar va tadbir ishtirokchilari Axborot-kutubxona markazi tomonidan tashakurnoma bilan taqdirlandilar. Zero, kitob - qalb quvvati, tafakkur qanoti, hayot yo'ldoshi. Uning sahifalarida inson hayotga, vatanga, insoniylikka yangicha nigoh bilan boqadi. Ana shunday ulug'vor maqsadlarni o'zida mujassam etgan Respublika kitobxonlik haftaligi - xalqimiz ma'naviy hayotida muhim qadam bo'lib xizmat qiladi.
Gulnoza Davurova,
tuman Axborot-kutubxona markazi
Axborot-bibliografiya xizmati xodimi.
Мавзуга оид: