Xalq ta'limi fidoyilari "KATTA MUALLIM"
Men boshlang'ich sinflarda o'qib yurgan kezlarimdayoq ustozim, onamdek mehribon o'qituvchim Xosiyat opa Mirzayevaga havas qilib: "Qizim, katta bo'lsang kim bo'lmoqchisan", degan savolga hech ikkilanmasdan siz kabi muallima bo'laman, der edim. Mana oradan yillar o'tib, niyatlarim ijobat bo'lib, o'qituvchidek sharafli kasb egasi bo'lib yetishdim. Va yillar davomida ustozimni har bir o'giti hayotim davomida dasturilamal bo'ldi. Faoliyatim davomida ta'lim sohasining ko'plab jabhalarida mehnat qildim. Taqdir taqozosi bilan ustozim Xosiyat opa Mirzayeva bilan ham birga faoliyat yuritishimga to'g'ri keldi. Shuni quvonch bilan ta'kidlash kerakki, bizning sevimli o'qituvchimiz hamon yoshlar bilan bir safda, boshlang'ich sinf o'qituvchilariga o'rnak bo'lib faoliyat yuritmoqda. Rahbarlik faoliyatimda ham ustoz bilan yelkama-yelka mehnat qilish baxtiga muyassar bo'lganimdan, baxtiyor shogird ekanligimdan faxrlanaman. Negaki, ustozimning o'gitlari, maslahat va yo'l-yo'riqlariga amal qilib kam bo'lmadim. - Singiljonim,- der edilar u kishi, - siz endi ta'lim sohasida rahbar bo'lib ishlar ekansiz, xato qilishga haqqingiz yo'q, xodimlar bilan do'stona munosabatda bo'lsangiz, ular bilan muomala madaniyatiga amal qilsangiz, aslo adashmaysiz, - der edilar. Biz shogirdlar ustozimizning kuchi, bilim va tafakkuriga hamon havas qilamiz. Ota-onalar u kishiga farzandlarini berishga ilhaq bo'lib turishadi. Yana bir gap, ustoz faoliyat yuritayotgan Arpaariq MFYga qarashli Qoraxo'ja qishlog'ida joylashgan 4-maktab filiali o'quvchilari hamda o'qituvchilari, ota-onalar u kishini hurmat va ehtirom bilan "Katta muallim", deya murojaat qilishadi.
Boshlang'ich ta'lim - bilimlar poydevori. Buni yaxshi bilgan ustoz pedagog o'zining ko'p yillik ish tajribasiga tayangan holda darslarni mukammal darajada o'tish bilan bir qatorda turli xil to'garaklar, qo'shimcha mashg'ulotlarning barcha-barchasiga ulgurishga astoydil harakat qiladi. Shu boisdan bo'lsa kerak: "Men, Mirzayevaning shogirdiman",- deya faxr va g'urur bilan gapirishadi u kishining shogirdlari.
Darhaqiqat, Xosiyat Mirzayevaning pedagoglik faoliyati ibratga loyiqdir. Hozirgi kunda ham yoshi 70 dan oshib ketgan ustozimiz tumanimizdagi 4-umumiy o'rta ta'lim maktabida boshlang'ich sinf o'qituvchisi sifatida faoliyat olib bormoqda. Ayni kunlarda katta muallimamiz, aziz ustozimiz Xosiyat opa Mirzayevaning tavallud kunlari. O'zining butun umrini keljagimiz vorislari bo'lgan yosh avlod ta'lim-tarbiyasiga baxshida etgan jonkuyar va fidoyi ustoz o'zining tabarruk 72 yoshini qarshi olmoqda. Biz ustozga uzoq va mazmunli umr, sihat-salomatlik tilab qolamiz. Yana ko'p yillar biz shogirdlar va o'quvchilar davrasida e'zoz va ehtiromda yurish nasib etishligini tilab qolamiz!
Erkinoy Qarshiyeva.
Мавзуга оид:
XALQIMIZGA XIZMAT QILAYLIK!
- 29 фев, 13:39
Xalq ta'limi fidoyilari IBRATLI UMR SOHIBI
- 29 май, 14:24
Nodavlat tashkilotlari qanday faoliyat yuritadi?
- 25 янв, 13:30
MAKTAB TOMON ILK QADAM…
- 27 авг, 12:44



