FUQAROLARNING DAVLAT ORGANLARIGA MUROJAAT QILISH HUQUQI

O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 40-moddasida "Har kim bevosita o'zi va boshqalar bilan birgalikda davlat organlariga hamda tashkilotlariga, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlariga, mansabdor shaxslarga yoki xalq vakillariga arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega.

Arizalar, takliflar va shikoyatlar qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda ko'rib chiqilishi shart".

Murojaat qilish huquqi har bir shaxsga tegishli, uni jamoaviy shaklda ham amalga oshirish mumkin.

Ariza - huquqlarni, erkinliklarni va qonuniy manfaatlarni amalga oshirishda yordam ko'rsatish to'g'risidagi iltimos bayon etilgan murojaat.

Taklif - davlat va jamiyat faoliyatini takomillashtirishga doir tavsiyalarni o'z ichiga olgan murojaat.

Shikoyat - buzilgan huquqlarni, erkinliklarni tiklash va qonuniy manfaatlarni himoya qilish to'g'risidagi talab bayon etilgan murojaat.

Murojaatlarni ko'rib chiqish "Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to'g'risida"gi Qonun bilan tartibga solinadi.

Ariza yoki shikoyat masalani mazmunan hal etishi shart bo'lgan davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxsiga kelib tushgan kundan e'tiboran 15 kun ichida, qo'shimcha o'rganish va (yoki) tekshirish, qo'shimcha hujjatlarni so'rab olish talab etilganda esa, 1 oygacha bo'lgan muddatda ko'rib chiqiladi.

Taklif davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxsiga kelib tushgan kundan e'tiboran 1 oygacha bo'lgan muddatda ko'rib chiqiladi.


 I.Umarov,

tuman adliya bo'limi bosh 

maslahatchisi.