Adliya xabarlari QONUNCHILIKNI BUZISH QANDAY JAVOBGARLIKKA OLIB KELADI?

- Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to'g'risidagi qonunchilikni buzish qanday javobgarlikka olib keladi?

- Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to'g'risidagi qonunchilikni buzish ma'muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo'ladi.

O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 43-moddasiga asosan Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qabul qilish va ko'rib chiqishni qonunga xilof ravishda rad etish, ularni ko'rib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzish, yozma yoxud elektron shaklda javob yubormaslik, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to'g'risidagi qonunchilikka zid qaror qabul qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari tiklanishini, murojaat munosabati bilan qabul qilingan qarorning bajarilishini ta'minlamaganlik - mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo'ladi.

O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 144-moddasiga asosan Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qabul qilish va ko'rib chiqishni qonunga xilof ravishda rad etish, ularni ko'rib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzish, yozma yoxud elektron shaklda javob yubormaslik, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to'g'risidagi qonunchilikka zid qaror qabul qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari tiklanishini, murojaat munosabati bilan qabul qilingan qarorning bajarilishini ta'minlamaganlik yoki murojaat munosabati bilan ma'lum bo'lib qolgan jismoniy shaxslarning shaxsiy hayoti to'g'risidagi yoxud yuridik shaxslarning faoliyati to'g'risidagi ma'lumotlarni ularning roziligisiz oshkor etish, xuddi shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to'g'risidagi qonunchilikni boshqacha tarzda buzish jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlariga, erkinliklariga yoki qonun bilan qo'riqlanadigan manfaatlariga yoxud jamiyat va davlat manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab bo'lsa, - bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Jismoniy shaxsni, uning vakilini, ularning oila a'zolarini, yuridik shaxsni, uning vakilini va yuridik shaxs vakilining oila a'zolarini ular davlat organiga, davlat muassasasiga yoki fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlariga murojaat qilganligi munosabati bilan yoxud bildirilgan fikri va murojaatidagi tanqid uchun, xuddi shuningdek boshqacha shaklda tanqid qilganligi uchun mansabdor shaxs tomonidan ta'qib etish bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. 

Akmal OTAMURADOV,

                                                 tuman adliya bo'limi bosh maslahatchisi.