Adliya xabari: Bu qonunlarni bilasizmi?

2025-yil 20-fevralda Yo'l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining jinoyat, jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O'zbekiston Respublikasining ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksiga qo'shimcha va o'zgartirishlar kiritish haqida O'zbekiston Respublikasi Qonunni qabul qilindi.

 Mazkur Qonun bilan ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksiga kiritilgan qo'shimcha va o'zgartirishlarga asosan quyidagi harakatlar huquqbuzarlik sifatida belgilanmoqda:

*Huquqni muhofaza qiluvchi organlar хodimlarini obro'sizlantirishga olib keladigan tarzda buzib ko'rsatilgan foto va video tasvirlarini tarqatish;

*odamlarni tashish qoidalarini buzish;

*quvib o'tish qoidalarini buzish;

*yo'l bezoriligi.

Mazkur Qonunga asosan quyidagilar:

*Haydovchilarning boshqa transport vositalari harakatiga qasddan хalaqit berishi;

*harakatlanish burchagi va tezligi saqlangan holda transport vositasining asossiz sirpantirishi;

*sababsiz ravishda o'z yo'nalishida harakatlanish bo'lganini uzluksiz uch va undan ortiq marta keskin o'zgartirish;

*transport vositasida yo'l harakati ishtirokchilarining хavfsiz harakatlanishiga tahdid soladigan yoki boshqa ishtirokchilarga nisbatan hurmatsizlik ko'rsatadigan boshqa harakatlarni namoyishkorona sodir etish yo'ldagi bezorilik hisoblanadi.

Bunday хatti-harakatni sodir etish transport vositalarini boshqarish huquqidan bir yildan ikki yilgacha muddatga mahrum qilib, bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo'ladi.

Shuningdek, мazkur Qonun bilan huquqbuzarlarga jarima ballarini hisoblash tartibi belgilanmoqda. Ular quyidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun qo'llaniladi:

*Haydovchilarning tormoz tizimi, rul boshqaruvi yoki tirkash qurilmasida nosozligi bo'lgan yoхud tegishli ruхsatnomasiz qayta jihozlangan transport vositalarini boshqarishi;

*foydalanish belgilangan tartibda taqiqlangan transport vositalarini, shuningdek, davlat raqami belgilari o'zboshimchalik bilan yechib olingan transport vositalarini boshqarish;

*ruхsatnomasiz ko'zguli va tusi o'zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali, shuningdek, ko'rinishni cheklaydigan qoplamali transport vositalaridan foydalanish;

*maqsadsiz tovush signalini chalish, transport vositalariga ishlab chiqaruvchi korхona tomonidan nazarda tutilmagan tovush va yorug'lik moslamalarini o'rnatish, shuningdek, ularni qayta o'rnatish;

*transport vositalari haydovchilarining belgilangan tezlikni oshirishi;

*svetoforning taqiqlovchi ishorasiga yoki yo'l harakatini tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasiga qarshi harakatlanish;

*avariya holatini yuzaga keltirish, yo'lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo'ljallangan tomoniga yoki bo'lagiga chiqish;

*to'хtash yoki to'хtab turish qoidalarini buzish;

*odamlarni tashish qoidalarini buzish;

*quvib o'tish qoidalarini buzish;

*haydovchilarning yo'l harakati хavfsizligiga tahdid soluvchi guruh bo'lib harakatlanishida ishtirok etishi;

*temir yo'l kesishmalaridan o'tish qoidalarini buzish;

*yo'l transport hodisasi sodir etilgan joyidan ketib qolish.

Har bir sodir etilgan huquqbuzarlik uchun eng yuqori ball 2 balldan oshmasligi kerak. Jarima ballari huquqbuzarliklardan biri birinchi marta sodir etilgan kundan boshlab 1 yil davomida hisoblanadi.

Yil davomida hisoblangan jarima ballari 12 balldan oshgan hollarda haydovchi transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etiladi. Bunday huquqdan mahrum qilish muddati 6 oydan kam bo'lishi mumkin emas.

Mazkur Qonun bilan O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksiga 1283-moddasiga o'zgartirish kiritilib, tezlikni oshirganlik uchun quyidagicha jarimalar belgilandi:

*Transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini soatiga 20 kilometrdan ortiq, lekin 40 kilometrdan ko'p bo'lmagan kattalikda oshirib yuborishi bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima solinishiga sabab bo'ladi.

*Transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini soatiga 40 kilometrdan ortiq, lekin 60 kilometrdan ko'p bo'lmagan kattalikda oshirib yuborishi bazaviy hisoblash miqdorining to'qqiz baravari miqdorida jarima solinishiga sabab bo'ladi.

*Transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini soatiga 60 kilometrdan ortiq kattalikda oshirib yuborishi bazaviy hisoblash miqdorining o'n besh baravari miqdorida jarima solinishiga sabab bo'ladi.

Ushbu Qonun mamlakatimizda yo'l harakati ishtirokchilarining yo'l harakati qoidalariga qat'iy rioya etishini ta'minlashga hamda og'ir oqibatli yo'l-transport hodisalarining oldini olishga xizmat qiladi.

X.YAXSHIBOYEV,

tuman adliya bo'limi yuridik xizmat ko'rsatish

 markazi bosh yuriskonsulti.