AJAL OG"USI

Mutaxassislarning tahliliga ko‘ra,  giyohvandlik yuqori asab tizimini qo‘zg‘atib, ishdan chiqargach, insonning  ruhiy va jismoniy salomatligiga  putur yetkazadi. Shuningdek, organizmdagi  moddalar almashinuvi jarayoni buziladi va oxir-oqibat butun vujud zaharlanadi. Bora-bora inson organizmi bunday moddalarni iste’mol qilmasa, qisman yoki butunlay ishdan chiqadi.  Bu masalaga ayniqsa, so‘nggi paytlarda OAV orqali juda ko‘p marta to‘xtalinib, ogoh bo‘lish haqida bong urilmoqda.
Bundan tashqari,  beozor deya hisoblangan ayrim dori turlari ham borki, quyida ularning inson sog‘lig‘iga zarari haqida ma’lumot bermoqchimiz. Masalan, ayrim uyqu keltiruvchi va tinchlantiruvchi vositalar (trankvilizatorlar), shuningdek, hech bir zarari yo‘q deb hisoblanuvchi ayrim dori vositalari ham giyohvandlikka yo‘l ochib berishi mumkin.  Shuning uchun gohida uyqusizlikdan qiynalib, bunday vositalarni  o‘z holicha qabul qiluvchilar orasida dori-darmon giyohvandligi deb ataluvchi holatning mavjudligi aniqlangan. Afsuski, bunday giyohvandlik ham inson sog‘lig‘ini butkul izdan chiqaradi. Aniqrog‘i, bunday dorilarga xuddi chekish yoki ichishga o‘xshab o‘rganib qolinsa, oqibatda undan qutulish juda qiyin kechadi.
Shu o‘rinda soha mutaxassislarining fikrlariga to‘xtalsak: ma’lum bo‘lishicha, narkotik moddalarni iste’mol qilish xususiyatlari uch qismga bo‘linar ekan:
- birinchidan, narkotiklarni qanday usul bilan topish va iste’mol qilish uchun to‘xtatib bo‘lmaydigan istak yoki ehtiyojning kuchayib borishi;
- ikkinchidan, ularni iste’mol qilish me’yorini tobora ko‘paytirib borishga intilish;
- uchinchidan, shaxsning ruhiy hamda jismoniy holatining narkotiklarga qisman yoki butunlay bog‘lanib qolishi.
Tan olish kerak, dunyoning rivojlangan mamlakatlarida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar bilan bog‘liq jinoyatlarga qarshi kurashga alohida e’tibor qaratilgan. Shu ma’noda,  davlatimiz tomonidan ham mamlakatimizda bunday illatning oldini olish hamda unga qarshi kurashish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.  Misol tariqasida, 1999 yilda qabul qilingan “Narkotik vositalar va psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi  O‘zbekiston Respublikasi Qonunini olsak. Ushbu hujjat aynan 1961 yilda  Nyu-Yorkda qabul qilingan “Narkotik vositalar to‘g‘risida”gi yagona Konvensiya, 1971 yilda Venada qabul qilingan “Psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi  Konvensiya hamda 1998 yilda Venada qabul qilingan “BMTning  narkotik vositalar va psixotrop moddalarning  noqonuniy aylanishiga qarshi kurash to‘g‘risida”gi  Konvensiya talablariga  to‘la mos keladi.
O‘zbekiston Respublikasi bilan Turkiya, Pokiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston, Rossiya, Ukraina, Italiya kabi davlatlar o‘rtasida ikki tomonlama manfaatli shartnomalar imzolandi. Shuningdek, O‘zbekiston hamda Yevropa davlatlarining o‘zaro hamkorlik doirasi yanada kengayib, Yevropa Ittifoqi bilan mintaqaviy hamkorlikka mo‘ljallangan “Yevropa Ittifoqining  Markaziy Osiyoda narkotikka qarshi kurash borasidagi faoliyati dasturi” ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlarida aeroportlar, avtomobil va temir yo‘llar tutashgan joylarda, shuningdek, dengiz, daryo portlarida tashkiliy-texnikaviy va konsultativ yordam ishlarini amalga oshirishga jiddiy kirishildi.
Bundan tashqari, giyohvandlik vositalarini ekib yetishtirish, tayyorlash, saqlash, o‘tkazish kabi jinoyatlarga qarshi kurash borasida huquqni muhofaza qiluvchi organlarning amalga oshirayotgan ishlari, bu yo‘nalishdagi prokuror nazorati ahvoli muntazam o‘rganilib, hay’at yig‘ilishlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning muvofiqlashtiruvchi kengashlari va tezkor yig‘ilishlarida muhokama qilinib, qat’iy choralar ko‘rilmoqda.
Ammo, afsuski, ayrim kimsalar tomonidan bu turdagi ajal og‘usini arzimagan pul evaziga yashirincha chegaradan olib o‘tishga urinishlar hali-hanuz uchrab turibdi. Bunday holatlarning oldini olish esa milliy xavfsizlik xizmati, ichki ishlar organlari, bojxona hamda chegara qo‘shinlarining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Shunday bo‘lsa-da, giyohvandlikka qarshi kurash nafaqat hu¬quqni muhofaza qiluvchi organlarning, balki keng jamoatchilik
ning ham bevosita vazifasi bo‘lib qolmog‘i lozim. Bir so‘z aytganda esa, uyimizni, farzandlarimiz hamda yaqinlarimizni “oq ajal” balosidan o‘zimiz asrashimiz shart. Bu ishni bizga birov chetdan kelib qilib bermaydi.
Hozirgi kunda giyohvandlik global muammolardan biridir. Asr vabosi deb baholanayotgan “oq ajal” qanchadan-qancha insonlarning baxtiga zomin bo‘layotgani, giyohvand moddalarni iste’mol qilishga odatlanish oqibatida nogiron, jismoniy va aqliy nuqsoni bor bolalar dunyoga kelayotgani haqida o‘ylasak, yanada sergak tortamiz. Og‘uning quliga aylanib qolayotgan zamondoshlarimizni to‘g‘ri yo‘lga qaytarish barchamiz uchun foydalidir. Shunday ekan, oilalarimiz tinchligi, farzandlarimiz kelajagiga rahna solayotgan, jiddiy xavfga aylangan giyohvandlikka qarshi birgalikda kurashishimiz shart.
Ayni kunlarda asr vabosiga aylangan giyohvandlikka qarshi kurashish jamiyatimizning har bir fuqarosi oldida turgan muhim va dolzarb vazifadir. Giyohvandlik vositalarining katta miqdorda yetishtirilayotgani va sayyoramiz bo‘ylab shiddat bilan tarqalayotgani kelajagi uchun qayg‘uradigan har bir millatni tashvishga solishi shubhasiz. 
 Giyohvandlarning deyarli hammasi yurak va o‘pka yetishmovchiligi, artritdan aziyat chekishadi. Giyohvand moddalar bir necha bor qabul qilgandan so‘ng uyqusizlik boshlanadi, quvvatsizlik, ishtahaning yo‘qolishi, ozib ketish kabilar sodir bo‘ladi. Xotira susayadi, mushaklarda og‘riqlar, tirishish, bosh og‘rig‘i, yurak faoliyatining tushib ketishi, psixoz... Bo‘g‘imlarning zirqirab og‘rishi va jismoniy og‘riqqa inson zoti chidashi qiyin. Bemorga barcha a’zolari ish faoliyatini tugatgandek, u o‘lib qoladigandek tuyulaveradi. Vaqtida giyohvand moddani topa olmagan giyohvand o‘zining joniga qasd qilishdan ham toymaydi.
O‘z hayotini izdan chiqargan bemor bor-budini narkotik moddalar xaridiga sarflaydi. Kasallik borgan sari kuchayib, bemorni jismoniy va ma’naviy jihatdan yemiradi. Bu orada bemor OITS, OEF, virusli S gepatiti kabi o‘ta xavfli kasalliklarni orttirib olishi va bu turdagi kasallikni tarqalishida vositachi bo‘lib qolishi ham mumkin. Eng dahshatlisi, giyohvand «doza»ni qabul qilish uchun turli buzg‘unchiliklar qilmasligiga, hatto eng og‘ir jinoyatlar sodir etmasligiga hech kim kafil bo‘la olmaydi. Darvoqe, bemorlarning deyarli barchasi giyohvand moddalarni chekib yo hidlab sarxush bo‘lish orqali o‘rganadi. So‘ngra «dori»ning kamligi va kissaning qurib qolishi natijasida botqoqqa yanada chuqurroq botadi. Ya’ni, giyohvand moddani igna bilan tomirga yuborish yo‘liga o‘tadi. Ayrim hollarda miqdorini oshirib yuborishi oqibatida kasallik insonning muqarrar o‘limi bilan yakunlanadi.
Eng achinarlisi, og‘uning quliga aylanib qolganlar salomatligini, ruhiy muvozanatni yo‘qotadi. Bu esa, faqat uning o‘zi uchungina emas, oila a’zolari va yon-atrofdagi odamlar uchun ham xavflidir. Shunday ekan, giyohvandlikka qarshi kurash barchamizni birdek o‘ylantirishi lozimligini dildan his qilamiz. Yurtimizning har bir fuqarosi bu masalaga o‘zining Vatan oldidagi, qolaversa, oilasi, farzandlari oldidagi burchi sifatida qarashi zarur.
Bu turdagi kasalliklarning oldini olish maqsadida yurtimizda talay ishlar amalga oshirilayotir. Nikohlanuvchi yoshlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish borasida mahallalarda olib borilayotgan tushintirish, targ‘ibot ishlari shular jumlasidandir. Bu tadbir sog‘lom oila qurilishiga va sog‘lom ma’naviy muhitning shakllanishiga, ham jismonan, ham ruhan sog‘lom zurriyot dunyoga keltirishga olib kelmoqda. Ko‘z ochib yumguncha o‘tadigan umrni shamolga sovurmasdan, uning har bir lahzasidan oqilona foydalanish, hayotdan lazzat qidirib emas, zavqlanib yashash odamni kamolga yetkazadi. Ana shu oddiy haqiqatni anglab yashagan inson hech qachon kam bo‘lmaydi.
Og‘uning quliga aylanganlarni davolashdan ko‘ra, giyohvandlikka chalinishning oldini olgan ming marta afzal. Demak, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ularni ichkilikbozlik va giyohvandlik illatlaridan, boshqa turli hakolatli tahdidlar hamda biz uchun yot bo‘lgan diniy va ekstremistik ta’sirlardan, tuban “ommaviy madaniyat” xurujlaridan himoya qilish barchamizning insoniy burchimizdir. Har bir inson Vatan bag‘ridagi kichik Vatan bo‘lgan oilada kamol topadi. Oilada yaxshi muhitni yaratish maqsadida mahallaning ta’sirchan kuchga ega bo‘lishi muhimdir. Shu bois ham yurtimizda yoshlar tarbiyasiga bevosita daxldor bo‘lgan mahalla tizimi joriy etildi va uning zimmasidagi mas’uliyatni yanada oshirish choralari ko‘rilmoqda. Joriy yilning “Sog‘lom ona va bola yili” deb nomlanishida ham o‘ziga xos ma’no bor. Zero, sog‘lom muhitda tarbiya ko‘rgan farzand turli xil illatlarning domiga osongina ilinib qolmaydi, u sog‘lom fikrlaydi, yashash uchun, albatta, oxiri berk ko‘chani emas, sog‘lom hayot tarzini tanlaydi.
O.B.Baxronov  Toshkent harbiy prokuraturasi katta tergovchisi adliya mayori