FERMER XO'JALIGINING JAMIYATDAGI O'RNI

Barchamizga ma'lumki, qishloq xo'jaligi mamlakatimiz iqtisodiyotida yetakchi o'rinni egallaydi. Mamlakatda ishlab chiqarilayotgan yalpi ichki mahsulotning salmoqli qismi shu sohada yetishtiriladi. Aholining 60 foizdan ortiq qismi qishloqda yashaydi. Shuning uchun sohani rivojlantirish masalasiga mamlakatimiz mustaqilligining dastlabki kunlaridanoq katta e'tibor berila boshlandi, ya'ni qishloq xo'jaligini rivojlantirish va uning samaradorligini oshirish maqsadida qator qonunlar, farmonlar va qarorlar qabul qilindi, natijada ushbu soha o'z samarasini bera boshladi. 
Respublikamiz qishloq xo'jaligida fermer xo'jaliklarini tashkil etish jarayoni kengayib bormoqda. Bu iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish jarayonining negizini tashkil qiladi. Ma'lumki, fermer xo'jaliklari qishloq xo'jaligida tadbirkorlikni rivojlantirishda muhim o'rin tutadi. Fermerlar bozor iqtisodiyoti sharoitida boshqa tadbirkorlar kabi mustaqil faoliyat ko'rsatadilar, ularda yer va boshqa mulklarga egalik hissiyoti rivojlanib boradi.
Tajribali fermerlar, fidoyi dala mehnatkatkashlari hozirgi o'ta mas'uliyatli pallada sifatli bajarilgan agrotexnika tadbirlari tufayli yaratilajak mo'l hosil, undan keladigan daromaddan, eng avvalo, o'zlari, qolaversa, jamiyatimiz katta naf ko'rishini yaxshi biladi, qishloq xo'jaligini yanada rivojlantirish bo'yicha olib borilayotgan islohotlarni chuqur his etadi. 
Muhtaram Prezidentimizning 2018 yil 28 fevraldagi "Paxta xomashyosi va boshoqli don yetishtirishni moliyalashtirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarori taqdirini zamin bilan bog'lagan mirishkor fermerlarning ishga bo'lgan munosabatini tubdan o'zgartirdi.
Bu Qaror qishloq xo'aligi xodimlari tomonidan "tarixiy qaror" deya e'tirof etilgan mazkur hujjatga binoan, unumdorligi past, oxirgi 3 yil davomida  gektaridan 15 sentnerdan kam hosil olingan yerlarda paxta yetishtirilmaydigan bo'ldi. Bundan tashqari, paxta va boshoqli don xarid narxlari o'tgan yillardagiga nisbatan qariyb 2 baravarga oshirilishi barobarida, ushbu mahsulotlarni yetishtiruvchi fermer xo'jaliklarining xizmat ko'rsatuvchi tashkilotlar oldidagi qarzlari, shu jumladan, ichki tarmoq qarzdorligi hamda byudjet va davlat maqsadli jamg'armalari oldidagi qarzlarini, to'lash muddati hisoblangan penya va jarimalar hisobdan chiqarilgan holda 3 yil muddatga uzaytirildi.
Shuningdek, fermer xo'jaliklari va suv iste'molchilari uyushmalarining nasos agregatlari tomonidan iste'mol qilinadigan elektr energiyasi qiymati Davlat budjetidan subsidiyalar hisobidan qoplanishi belgilanib berildi.
Fermer xo'jaliklarida ishlab chiqarishni yanada samarali rivojlantirish uchun ularning faoliyatining barcha tomonlarida sodir bo'lgan va bo'layotgan jarayonlar va ularning natijalarini har taraflama chuqur o'rganish natijasida mavjud imkoniyatlarni aniqlash hamda ularni ishlab chiqarishga jalb etish bo'yicha yo'l-yo'riqlarni ko'rsatish zarur. Bu zamon talabidir. Ushbu muammolarni hal qilishda iqtisodiy tahlilning roli nihoyatda kattadir. Zero, fermerlar agrar islohat tizimining birinchi qaldirg'ochlaridir. Ularning qanotini sindirmaslik, ularni asrash, avaylash, parvarish qilish kerak. 
A.Kuylanov,
 tuman adliya bo'limi bosh maslahatchisi.