ISROFCHILARDAN BO‘LMANG!

Turmushimiz farovonlashgani sari hayotimizga turli ne’matlar qatori xilma-xil liboslaru kiyim-kechaklar ham kirib kelmoqda. Buni kun sayin ko‘payib borayotgan kiyim do‘konlariyu kutilmaganda sizni kiyimu poyabzal sotadigan telegram kanaliga qo‘shib, ijtimoiy tarmoq orqali savdo-sotiq qiladigan ishbilarmonlardan ham bilish mumkin. E’tiborlisi, bunday tarmoqlarning a’zolari ham, kuzatuvchilari ham minglab topiladi. 
E’tibor qaratilsa, xalqimiz odatda ko‘chaga boshqa, uyga, to‘y va marosimlarga boshqacha kiyinadi. Ayniqsa, biror to‘y-hashamga taklif etilsa, ba’zi ayollar libos tanlashni bir necha oy oldin boshlaydilar. Go‘yoki hammaning nigohi ularga qadala-digandek imkon qadar jimjimador ko‘ylak tanlashga intiladi. Achinarlisi, mana shu marosimlarga olingan kiyimlar nari borsa, bir yo ikki kiyilib, so‘ngra taxmonlardan o‘rin olib keraksiz matohga aylanadi. 
Oramizda kiyim javonlarini to‘ldirib, kiyinishga mukkasidan ketganlar ham bor. Bundaylar uchun egnidagi libosi  urfdan qolsa, boshqasini xarid qilaveradi. Bu gap-so‘zlar faqat ayollarga tegishli desak yanglishamiz. Chunki bugun er-yigitlarimiz kiyinishda xotin-qizlarimizdan qolishayotgani yo‘q. Turkiya yoki Yevropaning so‘nggi urfdagi kiyimlarini falon pulga olib, tez-tez alishtirib turadiganlari ham topiladi. Topish-tutishi yaxshi bo‘lgach, xohlaganini qiladi-da, buning nimasi yomon deyishingiz mumkin. Biroq javonlarda taxlanib yotgan kiyim-kechaklar, ularga sarflanayotgan pullarning isrofi yo‘qmikin?
Barcha ne’matlarning isrofi bo‘lganidek, ortiqcha kiyimlarning ham isrofi bor. Bu haqda Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Yenglar, ichinglar, kiyinglar va sadaqa qilinglar, isrof va mutakabbirlik bo‘lmasa bas”, dedilar. Yana bir hadisda esa  “Modomiki, senda ikki narsa: isrof va manmanlik bo‘lmasa, xohlaganingni ye, xohlaganingni kiy” deganlar (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Mo‘tabar kitoblarda Nabiy sollallohu alayhi va sallamning ham, buyuk sahobalarning ham bir kiyimlikdan boshqa liboslari bo‘lmagani haqida ko‘plab rivoyatlar bor. Ular kiyinaman desa, o‘sha davrning eng qimmatbaho liboslari bilan ziynatlanishlari mumkin edi. Biroq unday qilmadilar. O‘z nafslarini jilovlab, Islom ummatiga namuna bo‘ldilar. Hatto Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam kiyimlarini o‘zlari yamaganlari, Umar ibn Xattob roziyallohu anhu minbarda xutba o‘qiyotganlarida ustida yettita yamoq solingan yaktagi borligi rivoyatlarda keltiriladi.
Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Oysha roziyallohu anho bizning huzurimizga bir ko‘ylak va dag‘al ishton olib chiqib: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam mana shu ikkisini kiyib vafot etdilar”, dedilar». (Imom Buxoriy va  Imom Muslim rivoyati).
Bu bilan bugun ham shundoq kiyinish kerak demoqchi emasmiz. Har bir ishning me‘yori bo‘lgani kabi, kiyinishda isrofga yo‘l qo‘ymaslik kerakligini ta‘kidlamoqchimiz, xolos.  
 Alloh taolo bandalarini tejamkorlikka chorlab, isrofdan qaytaradi. Qur’oni karimning A’rof surasi 31-oyatida «Yeb-iching va isrof qilmang. Chunki U isrof qiluvchilarni sevmas»;. Isro surasi 27-oyatida esa «Albatta isrofchilar shaytonlarning birodarlari bo‘lganlar. Shayton esa, Robbga o‘ta noshukr bo‘lgandir», deya marhamat qilinadi.
Demak, isrof qilish ulkan gunoh qilgan bilan barobar bo‘lib, shaytoniy amallardan ekanligi oydinlashadi. Shunday bo‘lgach, vaqti kelib har birimiz Haq taologa barcha ne’matlariga so‘roq beramiz. Zero, Takasur surasi 8-oyatida «So‘ngra o‘sha kunda albatta (hayoti dunyoda sizlarga ato etilgan barcha) ne’matlardan so‘ralasizlar» deya marahamat qilinadi. 
Qisqasi, isrofgar bo‘lishdan ehtiyot bo‘laylik. Shu yo‘lda sarf bo‘layotgan mablag‘larimizni xayr-ehsonlarga, o‘zgalarga yordam berishdek savob amallarga yo‘naltiraylik. 
Islombek YO‘LCHIYEV.