VATAN HIMOYACHILARI BOR BO'LSIN!

Vatan himoyachisi bo'lish har bir yosh yigitlarimizning orzusi hisoblanadi. Negaki, ular ona Vatanimizning sarhadlarini himoya qilish bilan bir qatorda xalqimizning osoyishtaligini saqlash, musaffo osmonimiz va baxtli kelajagimizni ta'minlashdek ezgu maqsad yo'lida o'zlarining ona xalqimiz, Vatanimiz oldidagi yuksak burchlarini ado etadilar.  
Sattorov Jahongir ham ana shunday yoshlarimizdan biri.U tumanimizdagi 3-umumiy o'rta ta'lim maktabida tahsil olgan. Hozirda Toshkent Jamoat xavfsizligi universitetining 2-kurs talabasi. Akam bilan men juda faxrlanaman. Akamning aytishiga qaraganda, uning bu o'qishni tanlaganining asosiy sababi 2014-yilda vafot etgan dadajonim bo'lgan. Harbiy sohada o'qish dadajonimning orzusi bo'lgan ekan. Lekin ayrim sabablarga ko'ra o'qiy olmagan. 
Akam esa dadajonimning ushalmagan orzusini amalga oshirdi,- deya faxr bilan ayta olaman. Akam o'qishga kirish uchun ayniqsa, matematika va fizika fanlaridan  tinimsiz tayyorlandi. U 2020-yil maktabni muvaffaqiyatli bitirdi va o'zi tanlagan o'qishga hujjat topshirdi. Afsuski, o'sha yili o'qishga kira olmadi. Buni eshitib o'qishdan umidi so'ndi, tayyorlanmay qo'ydi. Shu orada o'qishni tashlab ishlab ham ko'rdi. Lekin onam va yaqinlarimiz bunga qarshilik qildi va yana tayyorlanishga da'vat etishdi. Akam o'sha yili yana o'z ustida ishlay boshladi va o'qishni o'z oldiga maqsad qilib qo'ydi. 
2021-yilda esa o'zini bilimi bilan o'qishga kirdi. Men bu bilan akamni maqtamoqchi emasman. Shundan xulosa qilish mumkinki, hech kim umidini so'ndirmay maqsadi tomon olg'a intilishi kerak. Bunda uning yaqinlari ham doimo qo'llab-quvvatlashi kerak. Akamni qo'llab-quvvatlagan barcha yaqinlarimizga va onajonimizga o'z minnatdorchiligimizni bildiramiz. Shu qatori akamni matematika fanidan tayyorlagan ustozi   Aziza Shodiyevaga  ham minnatdorchilik bildiramiz. 
Men ham ayni paytda 3-umumiy o'rta ta'lim maktabining 10-sinf o'quvchisiman. Akam singari a'lo o'qish va kelajakda o'zim sevgan kasbni egallash mening orzuim. Biz akam bilan faxrlanamiz. Akam singari harbiylik kasbini egallayotgan yuzlab yurtimizning mard o'g'lonlari kelajakda haqiqiy Vatan himoyachilari bo'lib yetishishiga ishonchim komil. Ana shunday Vatan posbonlari bor ekan, osmonimiz hamisha musaffo, Yurtimizda tinchlik hukmronlik qilaveradi.
Iroda Sattorova, 
  • 3-maktabning 10-sinf o'quvchisi.