1-oktabr - O'qituvchi va murabbiylar kuni SIZ BORSIZKI, HAYOTIMIZ NURAFSHON!

1981-yilda tumandagi 45-maktabni tugatgan edik. Oradan qirq ikki yil o'tibdi. Yaqinda sinfdosh qizlar bilan uchrashib qoldik. O'quvchilik davrimizni, bizga ta'lim va tarbiya bergan ustozlarimizni birma-bir yodga oldik.
Jajjigina o'g'il-qizlarning qo'liga ilk qalamni tutqazgan birinchi ustozimiz Xolida Zokirovnaning mehr-muhabbatga yo'g'rilgan siymosi ko'z oldimdan ketmaydi sira. O'sha paytlari boshlang'ich sinf o'qituvchilari barcha fanlarni o'zlari o'tishar edi. Ustozimiz ona tili, o'qish, matematika fanlarini biz o'quvchilarga puxta o'rgatish bilan bir qatorda mehnat, musiqa va jismoniy tarbiya fanlaridan ham talab darajasida o'tganligi bois, biz o'quvchilar barcha fanlarni zo'r qiziqish bilan o'zlashtirishga astoydil harakat qilar edik. Ustozimizning fidoyiligi, jonkuyarligi bilan butun sinfimiz o'quvchilarining yozuv husnixati birdek chiroyli edi.  
Boshlang'ich sinflarda olgan puxta bilim va ko'nikmamiz bilan yuqori sinfga o'tar ekanmiz, ona tili va adabiyot fanidan Karim Halimov, matematika fanidan Farhod Negmatov, rus tili va adabiyoti fanidan Venera Musavirovna, fransuz tili fanidan Lyubov Yakovlevna, tarix fanidan Mahkamtosh Rustamova, fizika fanidan Sami G'aniyev, geografiya fanidan Mashrab Abdurahimov, biologiya fanidan Maryam Ibragimova singari o'qituvchilarimiz saboq bergan edi. Ayniqsa, ona tili va adabiyot fani o'qituvchimiz o'tilgan sahna darslarida asar qahramonlarining ijobiy va salbiy tomonlarini birma-bir tahlil qilib, ko'z o'ngimizda ularning siymosini jonlantirishga harakat qilar, shoirlarning she'rlarini yod olmagunimizcha qayta-qayta so'rar edi. Rus tili, fransuz tili darslari bo'yicha chuqurlashtirilgan dastur asosida o'tilganligi bois, mazkur fanlarni ham har bir o'quvchi puxta o'zlashtirishga harakat qilar edi. 
Biz o'quvchilar jonajon maktabimizni, har bir fanni sevar edik, har bir ustozimizni cheksiz hurmat qilar edik. Ustozlarimizning bizga bergan ta'lim-tarbiyasi, mehr-muhabbati tufayli sinfdoshlarimiz orasida  meditsina fanlari doktori, yuristlar, shifokorlar, maktabgacha va maktab ta'limi fidoyilari, jurnalistlar, tadbirkorlar yetishib chiqib, ular o'zlarining mehnatlari bilan jamiyatimiz ravnaqiga o'z hissalarini qo'shib kelmoqdalar.
Mana oradan qariyb qirq-ellik yil vaqt o'tibdi. Ming afsuski, ustozla-rimizning ayrimlari endilikda oramizda yo'q. Shunday bo'lsada, bizga saboq bergan, katta hayot ostonasiga qadam qo'yishimizda yo'l-yo'riq ko'rsatgan qalbi daryo ustozlarimizning nomlarini doimo qalbimizda saqlab qolamiz. 
Darhaqiqat, har bir inson ilk saboqni maktabdan, mehribon o'qituvchisidan oladi. Biz uchun ibrat namunasi, yuksak insoniy fazilatlar timsoli bo'lgan aziz va mo'tabar ustozlar sha'niga eng go'zal so'zlar, ezgu tilaklarimizni izhor etsak arziydi. 
Aziz ustozlar, siz borsizki, hayotimiz nurafshon, ertangi kunimiz - farzand-larimizdan, ularning kelajagidan ko'nglimiz to'q. Fursatdan foydalanib, Sizlarni 1-oktyabr - O'qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimizdan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilaymiz.    Doimo sog'-omon bo'ling, aziz ustozlar!
 Gulsara TINIBEKOVA.