INTERNET TEZKOR, MATBUOT ESA ISHONCHLI: O'QITUVCHI TANLOVI QANDAY BO'LISHI KERAK?
Axborot texnologiyalarining jadal rivojlanishi insonlarning bilim olish, yangiliklardan xabardor bo'lish va kasbiy malakasini oshirish usullarini tubdan o'zgartirdi. Bir paytlar gazeta va jurnallar o'qituvchilarning asosiy axborot manbasi hisoblangan bo'lsa, bugungi kunda ularning o'rnini internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlar va turli messenjerlar egallab bormoqda. Bu holat o'qituvchilarning matbuotga bo'lgan qiziqishi pasayishiga sabab bo'lmoqda.Bugungi kunda istalgan yangilikni bir necha soniya ichida telefon orqali o'qish mumkin. Telegram, Facebook, YouTube va boshqa platformalar tezkor axborot tarqatadi. Natijada o'qituvchi gazeta yoki jurnal chiqishini kutishni ortiqcha deb hisoblaydi.
Zamonaviy o'qituvchining ish hajmi sezilarli darajada oshgan. Dars tayyorlash, elektron jurnal yuritish, hisobotlar, attestatsiya, malaka oshirish kurslari, ilmiy maqolalar yozish va oilaviy mas'uliyatlar sababli gazeta yoki jurnalni mutolaa qilishga yetarli vaqt qolmaydi. Buning ustiga ba'zi gazeta va jurnallarda berilayotgan maqolalar o'qituvchining amaliy faoliyatiga bevosita yordam bermaydi. Takroriy, eskirgan yoki nazariy ma'lumotlarning ko'pligi o'quvchini qiziqtirmaydi. O'qituvchi esa o'ziga kerakli ma'lumotni internetdan tezroq topa oladi.
Bizga ma'lumki ko'plab ilmiy va metodik jurnallar endi elektron shaklda chop etilmoqda. PDF formatdagi maqolalar, elektron kutubxonalar va onlayn bazalar bosma nashrlarga ehtiyojni kamaytirdi bu esa gazeta va jurnallarga obuna bo'lish ma'lum xarajatlardan qutilishga sabab bo'ldi. Ayrim o'qituvchilar ushbu mablag'ni boshqa ehtiyojlari uchun sarflashni afzal ko'rmoqda.
Qisqa videolar, tezkor xabarlar va ijtimoiy tarmoqlardagi qisqa postlar uzoq matnlarni o'qishga bo'lgan odatni sustlashtirmoqda. Bu nafaqat o'qituvchilar, balki jamiyatning deyarli barcha qatlamlarida kuzatilayotgan holatdir. Masalan, tarix o'qituvchisi ilgari yangi metodik tavsiyalarni pedagogik jurnallar orqali olgan bo'lsa, bugun u Telegram kanalidan bir necha daqiqada videodars yoki taqdimotni yuklab oladi. Yoki boshlang'ich sinf o'qituvchisi yangi dars ishlanmasini jurnal sahifalaridan izlash o'rniga internet qidiruv tizimlari orqali topishni afzal ko'radi.
Yosh pedagoglarning aksariyati ilmiy maqolalarni ham elektron bazalar orqali yuklab olib o'qimoqda. Natijada bosma nashrlarga murojaat qilish tobora kamaymoqda.
Bu holatning ijobiy tomonlari axborotga tezkor kirish imkoniyati.
Elektron manbalarning qulayligi.
Qidiruv tizimlari orqali kerakli ma'lumotni tez topish.
Dunyoning istalgan nuqtasidagi ilmiy yangiliklardan tez xabardor bo'lish.
Salbiy oqibatlari. Gazeta va jurnallarni o'qimaslik ayrim muammolarni ham yuzaga keltiradi.
Birinchidan, o'qituvchilarda chuqur mutolaa qilish odati susayadi. Qisqa xabarlar ko'pincha masalani yuzaki yoritadi.
Ikkinchidan, tahliliy fikrlash va tanqidiy mushohada qilish ko'nikmalari zaiflashishi mumkin.
Uchinchidan, ishonchsiz internet manbalaridan foydalanish xavfi ortadi. Har bir internetdagi ma'lumot ilmiy asoslangan yoki tekshirilgan bo'lavermaydi.
To'rtinchidan, milliy matbuot rivojiga salbiy ta'sir ko'rsatadi. Obunachilar sonining kamayishi gazeta va jurnallarning iqtisodiy barqarorligiga ta'sir qiladi. Buning natijasida kelajakda agar bu tendensiya davom etsa, bir necha muammolar yuzaga kelishi mumkin:
Bosma pedagogik gazeta va jurnallar soni qisqaradi.
Professional metodik tajriba almashinuvi sustlashadi.
Yosh avlodda kitob va matbuot mutolaasi madaniyati yanada pasayadi.
O'qituvchilarning faqat qisqa axborot bilan cheklanib qolish xavfi ortadi.
Ishonchsiz axborotlarga ishonish holatlari ko'payishi mumkin.
Mazkur muammoni bartaraf etish uchun quyidagi choralar maqsadga muvofiq:
Gazeta va jurnallarni zamonaviy dizayn hamda qiziqarli mazmun bilan boyitish.
Bosma nashrlar bilan bir qatorda elektron versiyalarni rivojlantirish.
O'qituvchilar uchun amaliy metodik tavsiyalar, dars ishlanmalari va innovatsion tajribalarni ko'proq yoritish zarur deb o'ylayman.
Ta'lim muassasalarida mutolaa soatlari va matbuot haftaliklarini tashkil etish.
Eng yaxshi maqolalarni rag'batlantirish va ommalashtirish kerak.
Gazeta va jurnallarning o'qilmay qolishiga faqat o'qituvchilarni ayblab bo'lmaydi. Bu, avvalo, raqamli texnologiyalar rivoji, vaqt tanqisligi va axborot iste'moli madaniyatining o'zgarishi bilan bog'liq jarayondir. Biroq bosma va elektron matbuot bir-birini inkor etmasdan, aksincha, bir-birini to'ldirishi zarur. O'qituvchi ishonchli, tahliliy va ilmiy asoslangan manbalardan muntazam foydalanishi nafaqat uning kasbiy mahoratini oshiradi, balki ta'lim sifati va jamiyatning intellektual salohiyatini yuksaltirishga ham xizmat qiladi.
Dildora Abulqosimova,
Samarqand Davlat Tibbiyot Universiteti Ijtimoiy va gumanitar fanlar kafedarasi o'qituvchisi.
Мавзуга оид:
Nodavlat tashkilotlari qanday faoliyat yuritadi?
- 25 янв, 13:30
KITOBLAR VA INTERNET OLAMI
- 31 июл, 10:14
BINOLARNING YONG’INGA CHIDAMLILIGI
- 21 июн, 13:21




