Pedagogning maqomi maxsus qonun bilan belgilanmoqda

2024-yil 1-fevralda O'zbekiston Respublikasining 901-sonli Pedagogning maqomi to'g'risidagi qonuni qabul qilindi. 
Mazkur qonunga ko'ra ta'lim tashkilotida qonunchilik hujjatlariga muvofiq tuzilgan mehnat shartnomasi asosida ta'lim va tarbiya sohasida kasbiy faoliyatni amalga oshiruvchi hamda tegishli ma'lumotga, kasbiy tayyorgarlikka va ma'naviy-axloqiy fazilatlarga ega bo'lgan jismoniy shaxs pedagogdir.
Mazkur qonun bilan pedagoglarga bir qancha imtiyozlar va kafolatlar berilmoqda. Jumladan, pedagogning kasbiy faoliyatiga aralashish, uning faoliyatini asossiz ravishda tekshirish, pedagog tomonidan ta'lim oluvchilarning bilimlarini to'g'ri va xolis baholashga ta'sir ko'rsatish, shuningdek unga o'z xizmat majburiyatlarini bajarishga to'sqinlik qilish;
pedagogni kasbiy faoliyati bilan bog'liq bo'lmagan ishlarga, shu jumladan, hududlarni obodonlashtirishga va qishloq xo'jaligi ishlariga jalb qilish taqiqlanadi.
Pedagogni biron-bir shaklda mehnatga ma'muriy tarzda majburlash, shuningdek pedagogning kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki uning o'z xizmat majbu-riyatlarini bajarishiga to'sqinlik qilish qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo'ladi.
Davlat ta'lim tashkilotlarining pedagoglarga davomiyligi ko'pi bilan ellik olti kalendar kundan iborat bo'lgan haq to'lanadigan har yilgi asosiy uzaytirilgan mehnat ta'tili kafolatlanadi.
Pedagoglarning farzandlari davlat maktab-gacha ta'lim tashkilotlariga imtiyozli tarzda qabul qilinadi.
Davlat maktabgacha, umumiy o'rta va o'rta maxsus ta'lim tashkilotlarining hamda boshqa tashkilotlarning bevosita bolalarga ta'lim va tarbiya berish bilan band bo'lgan pedagoglari davlat sog'liqni saqlash muassasalarida majburiy tibbiy ko'rikdan bepul o'tkaziladi.
Mazkur qonun bilan quyidagi shaxslarning pedagogik faoliyat bilan shug'ullanishiga yo'l qo'yilmaydi:
qonuniy kuchga kirgan sud hukmiga muvofiq pedagogik faoliyat bilan shug'ullanish huquqidan mahrum etilgan shaxslar;
qonunchilikda belgilangan tartibda sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar;
psixiatriya yoki narkologiya muassasalarida hisobda turgan shaxslar.
Qasddan sodir etilgan jinoyat uchun ilgari sudlangan shaxslarni pedagogik faoliyat bilan bog'liq lavozimlarga qabul qilish man etiladi.
J.XOLNAZAROV,
 tuman adliya bo'limi yuridik xizmat ko'rsatish markazi bosh yuriskonsulti.