Bolalarni barcha turdagi zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risida qonun imzolandi

Bolalarni barcha turdagi zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risidagi qonunda zo'ravonlik turlari aniq belgilab berildi. Qonunga ko'ra, bolaning hayotiga, sog'lig'iga, jinsiy daxlsizligiga, sha'niga, qadr-qimmatiga hamda qonun bilan himoya qilinadigan boshqa huquqlari va erkinliklariga tajovuz qiladigan, jismoniy yoki ruhiy azob yetkazayotgan yoki yetkazishi mumkin bo'lgan hamda asosiy ehtiyojlariga zid bo'lgan, shu jumladan telekommunikatsiya tarmoqlaridan va Internet butunjahon axborot tarmog'idan foydalangan holda amalga oshiriladigan, qasddan sodir etiladigan harakat (harakatsizlik) bolalarga nisbatan zo'ravonlik deb e'tirof etiladi. Jismoniy zo'ravonlik, jinsiy zo'ravonlik, ruhiy zo'ravonlik, g'amxo'rlik ko'rsatmaslik, ekspluatatsiya qilish va ta'qib etish (bulling) bolalarga nisbatan zo'ravonlikning shakllari bo'lib hisoblanadi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi boshqa davlat organlari bilan hamkorlikda zo'ravonlikdan jabr ko'rgan bolalarni aniqlashda ishtirok etadi, bunday bolalarni hisobga oladi va bolalarni zo'ravonlikdan himoya qilish bo'yicha individual choralar qo'llanilishini ta'minlaydi.
Xulosa o'rnida aytishimiz kerakki, mazkur qonun nafaqat bolalarni himoya qilishdagi muhim huquqiy asos, balki butun jamiyat uchun ma'naviy dastur bo'lib xizmat qiladi. Chunki har bir bolaning baxtiyor va xavfsiz hayoti - mamlakatning barqaror va farovon kelajagi kafolatidir. Barcha bolajonlarni yovuzliklardan asrash - biz erishishimiz lozim bo'lgan eng oliy maqsaddir. Zulmga barham berish - faqatgina huquqiy emas, insoniy burchimizdir. Chunki bolalarning begonasi bo'lmaydi.
G.POLVONOVA,
tuman "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazi Bolalarni ijtimoiy himoya qilish sho'basi mudiri.