Qaysi hollarda xodim bilan muddatli shartnoma tuzish mumkin?


O'zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 112-moddasiga muvofiq, muddatli mehnat shartnomasi faqat qonunda belgilangan aniq holatlarda tuziladi. Bunday shartnoma mehnat munosabatlari doimiy emas, balki ma'lum muddat yoki muayyan ish hajmi bilan cheklangan vaziyatlarda qo'llaniladi.
Quyida muddatli mehnat shartnomasi tuziladigan asosiy holatlar tahlil qilinadi:
1. Vaqtincha yo'q bo'lgan xodim o'rniga.
Аgar xodimning ish joyi qonun asosida saqlanib qolsa (masalan, ta'til, homiladorlik va tug'ruq ta'tili, xizmat safari), uning majburiyatlarini bajarish uchun boshqa shaxs bilan muddatli shartnoma tuziladi. Bu shartnoma asosiy xodim ishga qaytgunga qadar amal qiladi.
2. Ikki oygacha bo'lgan vaqtinchalik ishlar.
Qisqa muddatli, ya'ni ikki oygacha davom etadigan ishlar uchun ham muddatli mehnat shartnomasi tuzish mumkin. Bu odatda mavsumiy yuklama yoki favqulodda vaziyatlarda qo'llaniladi.
3. Mavsumiy ishlar.
Tabiiy sharoitlar sababli faqat muayyan mavsumda bajariladigan ishlar (masalan, qishloq xo'jaligi yig'im-terimi) uchun mavsumiy muddatli shartnoma tuziladi.
4. Oddiy faoliyat doirasidan tashqari ishlar.
Ish beruvchining doimiy faoliyatiga kirmaydigan ishlar rekonstruktsiya qilish, montaj qilish, ishga tushirish-sozlash ishlari yoki ishlab chiqarishni bir yilgacha kengaytirish bilan bog'liq ishlar uchun muddatli shartnoma tuziladi.
5. Muayyan muddatga tashkil etilgan tashkilotlarda.
Ta'sis hujjatlariga ko'ra oldindan belgilangan muddatga tuzilgan tashkilotlarga ishga kirayotgan shaxslar bilan ham muddatli mehnat shartnomasi tuziladi.
6. Ishning yakuni aniq sana bilan belgilanmagan hollarda.
Аyrim ishlar aniq sana bilan emas, balki ma'lum vazifa yoki loyiha yakuni bilan tugaydi. Bunday hollarda ish hajmi tugagunga qadar amal qiluvchi muddatli shartnoma tuziladi.
7. Аmaliyot va stajirovka.
Ishlab chiqarishda o'qitish, haq to'lanadigan ishlab chiqarish amaliyoti yoki stajirovka o'tash jarayonida ham muddatli mehnat shartnomasi qo'llaniladi.
8. Vaqtinchalik va jamoat ishlari.
Bandlik organlari tomonidan vaqtinchalik ishlarga yoki haq to'lanadigan jamoat ishlariga yuborilgan shaxslar bilan muddatli shartnoma tuziladi.
9. Muqobil xizmat.
Muqobil xizmatni o'tash uchun yuborilgan fuqarolar bilan tuziladigan mehnat munosabatlari ham muddatli hisoblanadi.
10. Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo'lmagan shaxslar.
O'zbekiston hududida qonuniy mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun kirib kelgan chet el fuqarolari hamda fuqaroligi bo'lmagan shaxslar bilan tuziladigan shartnomalar ham, odatda, muddatli shaklda rasmiylashtiriladi.
Muddatli mehnat shartnomasi bu istisno tartibdagi mehnat munosabati bo'lib, u faqat qonunda aniq ko'rsatilgan holatlarda qo'llaniladi. Аgar ish doimiy xususiyatga ega bo'lsa, mehnat shartnomasi odatda nomuddatli tuzilishi lozim. Shu bois ish beruvchi muddatli shartnomani asossiz ravishda qo'llasa, bu xodimning mehnat huquqlarini buzish deb baholanishi mumkin.
S.O'SAROV,
Payariq tumani adliya bo'limi Yuridik xizmat ko'rsatish markazi bosh yuriskonsulti.