Saida Zunnunova - yangi zamon ayollar o'zbek adabiyotining asoschilaridan biri ELIMIZNING SEVIMLI IJODKORI
Iste'dodli shoira, jozibali nasriy asarlar muallifi Saida Zunnunova 1926-yili Andijon shahrida xizmatchi oilasida dunyoga keldi. Otadan erta yetim qolgan Saida 1941-1943 yillarda Andijon pedagogika institutida tahsil oldi. Andijon maktablarida muallima, gazeta tahririyatlarida adabiy xodim bo'lib ishladi. Saida Zunnunovaning birinchi she'ri 1945-yili "Paxta fronti" gazetasida bosilgan. Adabiyotga muhabbat yosh shoirani O'rta Osiyo Davlat universiteti (hozirgi O'zbekiston Milliy universitet)ning filologiya fakultetiga yetakladi. U o'qishni tamomlab, "Gulxan" jurnali, "O'zbekiston madaniyati" gazetasi va Badiiy adabiyot nashriyotida, shuningdek, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasida maslahatchi bo'lib xizmat qildi. U yozuvchi Said Ahmadning sevimli rafiqasi edi. Ularning yolg'iz qizlari va nabiralari bor. Shoiraning yoshlik sururi, Vatan shukuhi va mehnat nashidasini tarannum etuvchi "Qizingiz yozdi" (1948), "Yangi she'rlar" (1950), "Gullar vodiysi" (1954), "Qizlarjon", "Bir yil o'ylari" (1967) she'riy to'plamlari kitobxonlar tomonidan katta quvonch bilan qabul qilindi. Saida Zunnunova nasrda ham sermahsul ijod etgan adibadir. Uning "Gulbahor" hikoyalar to'plamida (1956) ishchilar hayoti, oila va muhabbat mavzulari aks etgan bo'lsa, "Gulxan" (1958) qissasining asosiy qahramoni ayollar bo'lib, ularning yigirmanchi yillardagi kurashi o'ziga xos badiiy bo'yoqlarda ifodalangan. Adiba yozgan "Olov" (1962), "Bo'ylaringdan o'rgilay" (1972), "Direktor" kabi asarlarining qahramonlari ham ayollardir.Saida Zunnunova go'zal lirik she'rlar bilan bir vaqtda "Sodiq va Anor" (1947), "Xayrixon" (1949), "Surat bilan suhbat" (1966), "Qo'shnilarim" (1968) singari dostonlar ham yaratgan. Uning "Gulbahor" (1956), "Povest va hikoyalar" (1957), "Gulxan" (1959), "Do'stlik" (1960), "Qanot" (1961), "Olov" (1962), "Ko'chalar charog'on" (1965), "Bo'ylaringdan o'rgilay" (1972) singari nasriy kitoblarida xotin-qizlar hayoti haqqoniy badiiy tajassumini topgan. "Yangi direktor", "Olov", "Odamlar orasida" qissalari, "Ona" (1966) va "Ko'zlar" (1968) pyesalari ham bor.
Turmush o'rtog'i - Said Ahmad, o'zbekiston xalq yozuvchisi, dramaturg, qizi - Nodira Husanxo'jayeva. "Hurmat belgisi" nishoni bilan mukofotlangan.
Adabiyotimizning ikki buyuk namoyondalarining hayoti, muhabbat va sadoqati aks ettirilgan, O'zbekiston san'at arbobi, marhum Shuhrat Abbosov va Nodira Husanxo'jayeva (Said Ahmadning qizi) ssenariy mualliflari hisoblanmish "Said bilan Saida" filmi "O'zbekkino" milliy agentligi buyurtmasiga ko'ra 2018-yilda tasvirga olingan.
Saida Zunnunova ayni kamolot yoshida 1977-yili og'ir xastalikdan keyin vafot etgan. Shoira Chig'atoy qabristoniga dafn etilgan. Toshkentdagi ko'chalardan biri va 224-sonli maktabga, shuningdek, Andijon shahridagi ko'cha va maktablardan biriga hamda Bo'z tumanidagi akademik litseyga Saida Zunnunova nomi berilgan. 2013-yilning 10-iyun kuni Toshkentdagi O'zbekiston milliy bog'ida Saida Zunnunova va Said Ahmadlarning haykali barpo etilgan. 2026-yil 28-mayda Saida Zunnunova "Fidokorona xizmatlari uchun" ordeni bilan mukofotlangan.
QIZLARJON
Sevgi o't tashlasa yuragingizga,
Oydin tun bermasa tinchlik va uyqu.
Olam kuylaganday ko'rinsa sizga
Hamda asir etsa ajib bir tuyg'u
Tasalli izlaysiz hislaringizga,
G'azallar yodlaysiz varaqlab kitob.
Guldek qalbingizni yashnatar shunda
Sevgi satrlari bo'lib oftob.
Shunday kezda, qizlar, pok ishqingizga
Tarjimon bo'lolsa bironta baytim,
Sirdosh bo'lib qolsam hamisha sizga,
Shu mening orzuyim, shodligim, baxtim.
* * *
Yoshimni so'rama, bema'ni bu oq
Oralay berarkan sochlarga har vaqt.
Shu o'tgan ozgina umrimga biroq,
Hech vaqt achinmayman, shuning o'zi baxt.
Xiyonat, g'ybatni bilmadim sira,
Nodonlik yo'liga qo'ymadim oyoq.
Ishqim bo'lsin, dedim, nurdek pokiza,
Balki shuning uchun sochimdagi oq.
* * *
Yo'qlamagan har kuning yilcha bo'lurmi,
hay-hay,
Shunchalik shafqat bilmas dilcha bo'lurmi,
hay-hay.
Xush surating bir nafas tark etmas xayolimni,
Ko'z shahlo-yu, qosh esa nilcha bo'lurmi,
hay-hay.
Har so'zda yuz andisha qilg'um
donolig'ingdan,
Ko'nglingning nozikligi qilcha bo'lurmi,
hay-hay.
Goh xanjar, goh asaldek so'zlaringdan
dog'damen,
Jon olib, jon berguvchi tilcha bo'lurmi,
hay-hay.
Vaslingning umidida dunyodan o'tib borgum,
Qanoatda Saida filcha bo'lurmi, hay-hay.
* * *
Gullar yuzida xanda - bu bog'dan yor o'tdimi,
Odatin qilmay kanda, yana bedor o'tdimi?
Yellar nechun sarsari, ketolmaydilar nari,
Ko'nglimning moh paykari ko'zi xummor
o'tdimi?
Rayhonga rashk qilib gul, bag'ri qon
bo'pti butkul,
Yana rayhon hidlab ul, bundan takror o'tdimi?
Har narsada nur, viqor, hatto tuproq baxtiyor,
Bir-bir bosib beozor, ul beozor o'tdimi?
Dilda takrorlab otin, tilab umru davlatin,
Soyasi bo'lib tag'in Saida zor o'tdimi?
* * *
Hayotdan nolisa birov, suymayman,
Ayniqsa, sog' bo'lsa qo'li oyog'i.
Hayot siylar bizni quvonch, baxt bilan,
Ne ajab bo'lsa goh alami, dog'i.
Kurashsiz, mehnatsiz shodlik, kulguni
O'g'irlik mol deyman, qilaman hazar.
Qalbimning parchasi singmasa agar
Rozimasman birov hadya etsa zar.
G'amimni aytmasam, toki o'zganing
Ko'ngliga bir on ham g'ashlik solmasam,
Baxtimni do'stlarga xushnud yoysamu
Lekin uni hech vaqt yig'ib olmasam.
Hayot to'lqinida bir xasdek ojiz,
Uvol atalishga qilmasman toqat.
Umrimning bir oni o'tmasa beiz,
Xuddi ana shunday yashasam faqat.
SO'NGGI YO'L
Qadamlar, sharpasiz og'ir qadamlar,
Ko'zlar pardasiga qalqqan achchiq yosh.
Ens so'nggi safarga kimni uzatar,
Hamkasbmi, qo'shnimi yoki qarindosh?
Gullar husni shuncha sovuqmi asli,
Visol damidagi ko'rki qayerda?
Bugun tabiatning qanaqa fasli,
Hech kim payqamaydi, ko'zlari yerda.
Mayliga, ranglar ham o'chsin bir nafas,
Mayliga, oftob ham berkinsin bir dam.
Mayliga, bir zum yo'qolsin havas,
Mayliga, zil yukday tuyulsin qadam,
Axir oramizda ketmoqda odam!
Motam sukutidan yurak qiynoqda,
Yurak qiynoqdaki, bermagunday tob.
Ammo, men istardim, yurak shu topda
O'z-o'ziga shunday berolsa hisob:
Dardin eshitdingmi tirikligida?
Biron shodlik kuni gul tutganmiding?
Yoki o'sha kunni unutganmiding?
Qadriga yetdingmi tirikligida?
Shu so'roqqa tutsa ko'nglimiz bizni,
Balki o'lim yana ketardi yiroq.
Odamlar! Qadrlang bir-biringizni,
Gul ham, muhabbat ham tirikka kerak.
QALB
Har narsaga kuyma, deyishar menga,
Kuymagan yurakni nima qilaman.
Ortiqcha yuk qilib uni tanaga,
Yonmagan yurakni nima qilaman.
Men-ku, shoir axir, har bir inson ham,
Bebaxtdir qalbining qo'ri bo'lmasa.
Chiroq ardoqlanmas edi dam-badam,
Parpirab yonmasa, nuri bo'lmasa.
Мавзуга оид:
SHE'R QANDAY YOZILADI?!
- 12 авг, 14:00
Mustaqilligimiz fidoyilari
- 11 авг, 10:23
SADOQAT VA VAFO TIMSOLI
- 01 мар, 10:26
MILLIY MADANIYATIMIZ KO‘ZGUSI
- 17 дек, 15:04



