SADOQAT VA VAFO TIMSOLI

Har yili bahorning ilk kuni - o'zbekning ardoqli shoirasi Zulfiyaxonim tavallud ayyomi keng nishonlanadi.
Bu nazm bog'iga kirolmas xazon,
Bizni mahv etolmas zavol lashkari,
Men ketsam mung'aymas umrim
hech qachon,
Bu bog'lar… bir bog'lar bo'ladi hali…
Zulfiya Isroilova 1915-yil 1-martda Toshkentda hunarmand-degrez oilasida tug'ildi. Uning bobosini Muslim degrez der edilar va u Degrezlik mahallasida yashar edi. Olov va temir bilan toblangan otasini shoira shunday xotirlaydi: "Otam zahmatkash temirchi edi. Men hamma vaqt uni ish kaftida ko'rar edim. O'sha vaqtda bolalarini boqish, ro'zg'or tebratish uchun odamlar juda ko'p mehnat qilishlari zarur ekanligiga sira aqlim yetmasdi. Otamning hamma vaqt olovga yo'ldosh kasbidan faqat zavq va shavqni ko'rar edim".
Onasi Xadicha opa juda ko'p qo'shiq, ertak, afsona va dostonlarni bilar va bolalariga aytib berardi. "Bu sehrli afsona va dostonlar,- deb yozadi Zulfiya,- bizga benihoya huzur bag'ishlar, o'ziga rom qilib olar, har safar yangi jilva kasb etar edi… so'zga shaydolik hissini mening qalbimda onam uyg'otgan".
1928-yilda boshlang'ich maktabni tugallagan Zulfiya Toshkent xotin-qizlar pedagogika bilim yurtiga o'qishga kiradi. Ana shu yillardan boshlab, Zulfiyaning adabiyotga bo'lgan qiziqishi kuchayadi. U Navoiy va Pushkin, Shekspir va Bayron, Lutfiy va Fuzuliy, Nekrasov va Lermontov asarlarini sevib mutolaa qiladi. H.Hakimzoda, S.Ayniy, A.Qodiriy va G'ayratiy asarlarini ixlos bilan o'rganadi, adabiyotda endi o'z mavqeiga ega bo'layotgan Oybek, G'.G'ulom, Uyg'un, H.Olimjon, K.Yashin kabi yozuvchilarning ijodini qiziqib kuzatadi. O'qish va o'rganish o'z navbatida shoiraning qo'liga qalam olishga ilhomlantiradi. Uning badiiy iste'dodi namoyon bo'la boradi.
1930-yildan boshlab "Ishchi", "Yosh leninchi" gazetalari, "Kolxozchi bolalar", "Yangi yo'l" jurnallarida yosh shoiraning dastlabki she'rlari ko'rinadi. 1932- yilda o'n sakkiz yoshli shoiraning birinchi she'rlar to'plami -"Hayot varaqlari" bosilib chiqqan. Zulfiya doimo izlanishda, o'qish -o'rganishda davom etadi. U bilim yurtini tugallagach (1933), Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika institutida tahsil ko'radi (1933-1935), 1935,1938-yillarda esa A.S.Pushkin nomidagi Til va adabiyot ilmiy tekshirish instituti aspiranturasida o'qiydi. 1938,1940-yillarda Respublika bolalar va yoshlar adabiyoti nashriyotida redaktor bo'lib ishlaydi.
1938,1939-yillarda adibaning ikkita she'rlar to'plami: "She'rlar" va "Qizlar qo'shig'i" chop etiladi. Bu to'plamlardagi she'rlar Zulfiyaning badiiy mahorati ancha yuksalganidan dalolat beradi. "Hojar","Nishondor","Seni sevardim", "Studentka" kabi she'rlarida xotin-qizlar tushunchasida qaror topishayotgan yangilikning g'alabasini, ularning istiq-bolga dadil intilishini yorqin ifodaladi.
Zulfiya she'riy ijodining nurlanishi "Uni Farhod der edilar"(1943), "Hijron kunlarida"(1944) va "Hulkar"(1947) to'plamlari bilan bog'liq.
Ayniqsa, H.Olimjonning bevaqt vafotidan keyin (1944) yozilgan, ruhiy silsilalar va qalb iztiroblari bilan to'la she'rlar shoira ijodida jiddiy o'zgarishlar sodir bo'lganidan darak berdi. Zulfiya shaxsiy fojeasi tasviri orqali 2-jahon urushidan katta talofat va yo'qotishlar bilan chiqqan xalqning dard va alamlarini ifodaladi.
50- yillarning ikkinchi yarmida Zulfiya Osiyo va Afrika yozuvchilarining tinchlik va xalqaro birdamlik shiori ostida o'tgan harakatida faol qatnashib, jahonning ko'pgina mamlakatlarida bo'ldi.
Hindiston, Misr, Yaponiya va qo'shni respublikalarga qilgan safari shoira ijodida chuqur iz qoldirdi. "Mushoira","O'g'lim, sira bo'lmaydi urush","Qozog'iston o'lanlari" singari she'rlari shoiraga shuhrat keltirdi. Zulfiya hayotining muhim bir qismini H.Olimjonning adabiy merosini o'rganish va nashr etish ishiga bag'ishladi. Ana shu jarayonning uzviy qismi sifatida u shoirning "Semurg' yoki Parizod va Bunyod" dostoni asosida qo'g'irchoq teatri uchun "Semurg'" pyesasi hamda "Zaynab va Omon" operasi librettosini yozdi. A.S.Pushkin, M.Yu.Lermontov, N.A.Nekrasov, M.Voqif, L.Ukrainka, M.Dilboziyning asarlarini o'zbek tiliga tarjima qilgan. Zulfiya asarlari ko'plab chet tillarda, shuningdek, qardosh turkiy xalqlar tillarida nashr etilgan.
Shoira xalqaro J.Neru (1968),"Nilufar"(1971) mukofotlari hamda Hamza nomidagi O'zbekiston Davlat mukofoti (1970) laureati. Shuningdek, u Bolgariyaning "Kirill va Mefodiy"(1972) ordeniga sazovor bo'lgan.
O'zbekiston hukumatining 1999-yil 10- iyundagi farmoniga binoan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti ta'sis etildi. Davlatimiz rahbarining 2007-yil 13-sentyabrda qabul qilingan "Toshkent shahrida O'zbekiston xalq shoirasi Zulfiyaning haykalini o'rnatish to'g'risida"gi qarori xalqimizning sevimli farzandi, taniqli jamoat arbobi Zulfiyaning milliy adabiyotimizga qo'shgan ulkan hissasi, betakror ijodiy merosi va ibratli faoliyatining yana bir amaliy e'tirofi bo'ldi. 2008-yil 1-mart kuni poytaxtimizda O'zbekiston xalq shoirasi Zulfiyaning haykali ochildi.
Achinmay qo'ydim
Hayot kitobimni bexos varaqlab,
Men o'tgan umrga achinmay qo'ydim.
Tabassum o'rnida kuldim charaqlab,
Suyish kerak bo'lsa - telbacha suydim.
Kiyganim ipakmi, chitmi yo kimxob,
Yurak boyligidan qilmabman parvo.
Meni og'ushlagan hayot naq oftob,
Yangi qo'shiq talab unda har saboq.
Men o'tgan umrga achinmay qo'ydim,
Hech kimda ko'rmayin umrimga o'xshash:
Suydim,
Erkalandim,
Ayrildim,
Kuydim,
Izzat nima - bildim.
Shu-da bir yashash!..
Ko'rganmiding ko'zlarimda yosh?
Sog'inganda izlab bir nishon,
Qabring tomon olar edim yo'l.
Keltirarding menga bir zamon,
Endi har chog' men eltaman gul.
Keldim. Uzoq qoldim men sokin,
Sening aziz boshingda yolg'iz,
Osmon tiniq edi va lokin,
Parcha bulut yetib keldi tez.
Ko'kda mening boshimda turib,
Go'yo yuragimda qalqdi u.
Kozimdagi yoshimni korib
U ham to'kdi yoshini duv-duv.
Biz yig'ladik tepangda shu kun,
Keldingmi deb ko'tarmading bosh.
Ayt-chi, senla baxtiyor onlar
Ko'rganmiding ko'zlarimda yosh?
Sen qaydasan yuragim
Qalb bo'lganda yiroqda
Iroda ekan ojiz.
Do'stlar ham ko'p atrofda,
Ammo men yakka-yolg'iz...
Birdan qalbim keksarib,
Qon ham qochdi yuzimdan.
Sen, sirdoshni axtarib,
Xayol ketar izingdan.
Qayga ketding, yuragim,
Bitdi bardosh va toqat.
Suhbatingdir tilagim,
Tilda hasratim qat-qat.
Ko'pdir aytajak so'zim,
O'gitlaringga zormen,
Yig'laysan deb do'stlarim
Ta'na qilar. Netay men?
Sovush bermaydi menga
Yoqib ketganing olov.
Netay, yetmayman senga,
O'rtaga tashlangan g'ov.
Ishqqa maskan yuragim,
Topib ber deb qistaydi.
Nima qilay, berahm-
Ruhim seni istaydi.
SOG'INIB
Shu kunlarda bahorga zorman,
Navjuvonlik o'ti tanda yo'q.
Kuz singari za'far ruxsorman,
Mevalar ham shoxlardan uzuq.
Shu kunlarda bahorga zorman,
Tanxastalik ezadi ruhim.
Tanho emas, qatorda borman,
Yana neni izlaydi suqim?
Shu kunlarda bahorga zorman,
Shaffof, yorqin kuy tilar ko'ngul.
Yaxshiyamki, qalamga yorman,
So'zlab turar bor dilimni ul.
Shu kunlarda bahorga zorman,
O'z bahorim kabi bemisol.
Bahor qaytmas, yonuvchi qorman,
Yo no'noq qo'l butagan nihol.
Shu kunlarda bahorga zorman...

Nodavlat tashkilotlari qanday faoliyat yuritadi?
- 25 янв, 13:30

Seni kuylayman hayot
- 01 мар, 14:41

SHE'R QANDAY YOZILADI?!
- 12 авг, 14:00

21-oktabr O`zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun
- 21 окт, 10:27