O T A


Men ulg'ayganim sari otam cho'kib borayotganidan tashvishlanardim. Men u xohlagan va uning orzusidagi farzand bo'lib yetishayotganimni ko'rib ko'ngli o'sib borar, biroq, jismoniy holati yomonlashayotganligi sabab yuzidagi tashvish ifodasi oshib borar, azob berayotgan og'riqlarga bardoshi kamayib borardi. Otamning salomatligi yomonlashayotganini ko'rib ko'nglim cho'kar edi.  
Onam shu kunlarda tez-tez yig'laydigan odat chiqardi. Har bir yig'isining daqiqalari oshib boraverdi. O'sha kun aniq esimda, 2016-yil 10-fevral sanasi. Mana shu kunda otam saraton degan kasallikka uchraganini bilgan edik. Men ancha kichkina edim, onam nega ko'z yosh to'kayotganini tushunmasdim. Onam titroq ovozda otang kasal bo'lib qoldi, dedi-da boshqa gapirmadi. O'sha payti otam televizor ko'rayotgan edi. Men yoniga borib otamni quchoqlab televizordagi "Hayvonot dunyosi" ko'rsatuvini tomosha qildim. Ekranda sher yovvoyi to'ng'izlar to'dasini ta'qib etar, goh u, goh bu to'ng'izni quvar, o'ljalarini tez-tez almashrirardi. Nihoyat, sher ulardan birini tanladi va kuchli ta'qib qila boshladi. Ancha masofagacha ulardan birini izma-iz quvladi. Yashab qolish va jon talvasasida qochayotgan o'lja sherga taslim bo'ldi. O'lja sherning bolalariga kechki ovqatga aylandi.
Tomoshaning davomini ko'ra olmadim, o'z xonamga ketdim. To'g'risi, to'ng'izga rahmim keldi... Ertasiga nonushta payti otam mendagi ma'yuslikni sezgan ko'rinadi: "Qizim to'ng'izga rahming keldimi, sherning bolalariga esa achinmadingmi?",-dedi. Men indamadim, bu tomoni xayolimga kelmabdi, o'ylab ham ko'rmagan ekanman. Shunda otam: "Kuch birlikda, agarda to'ng'izlar to'dasi birgalikda sherga qarshi turganida bunday bo'lmasdi. Qizim ikki narsa har doim yodingda bo'lsin. Birinchisi, kuch - birlikda. Ikkinchisi, hech qachon ojiz va taslim bo'lma",- dedi.  
...Hovlimizni egallab olgan ertalabki qalin qirov quyoshning o'tkir nurlari ostida tovlanardi. Otam menga o'zi ishlatadigan rumolchani berdi. Peshonamdan o'pib qo'yib, buni qattiq ehtiyot qilishimni tayinladi. Men bu so'zlarga tushunmadim, lekin nima uchun deb ham so'ramadim. 
2017-yil 10-fevral. Tong otguncha qishning vahimali tungi daqiqalari bizning yuragimizni ezg'ilab turardi. Otamning toblari qochdi. "Tez yordam" kelgunga qadar otam tinmasdan muzlab ketayotganini ta'kidlar, ustiga qalin ko'rpalarni yopgan bo'lsak-da ular foyda bermayotganini aytar, choynakdagi qo'lni kuydiradigan qaynoq suvni bir ho'plashda ichib qo'yardi. Otam menga ma'yus boqar, unga yordam berolmaganimga o'zimni aybdordek his qilardim. Otamning so'ngi nigohi menga qaratilgan edi. U nigoh hech qachon ko'zimning oldidan ketmaydi. Otamning ro'molchasi: "Men yo'q bo'lsam shu ro'molchaga qarab, uni hidlab har doim yonida ekanligini anglatib turishini" tushunishimni istagan ekanligini sezdim. 
Bir kuni otam tushimga kirdi va uzoqdan menga kulib turib: "Kel qizim",- dedi. Men ko'zda yosh bilan sizdan xafaman, dedim. Uning yuzidagi kulgu bilan meni o'ziga chorlashi g'ashimga tegardi. Bu g'ashlik sog'inch, qo'rquv, iztirob va kuchli muhabbat ifodasi edi. 
- Siz meni tashlab ketishga haqqingiz yo'q edi, men sizning mehringizga hali to'ymagan edim,- deb aytdim-da, uyg'onib ketdim. Negadir shundan so'ng otamni qayta tushda ko'rmadim. Qancha urinsamda baribir otam o'zini ko'rsatmadi. Tushimda bo'lsa-da qattiq quchib, sog'inganimni, ichimda otamga aytmoqchi bo'lgan gaplarimni aytishga urinmoqchi edim. 
Gohida o'ylab qolaman, tushlarimda ham otam meni tashlab ketdi...
Parinoz Samadova, 
1-umumta'lim maktabining 10-sinf o'quvchisi.   
Мавзуга оид: