SINOVLI DUNYO (Hayotiy voqea)

Madina juda go'zal qiz edi. Uni ta'rifini keltirganlar: "Sochi bir qiz, o'zi bir qiz", "Oshig'i sochidan ham ko'p",- deb havas bilan qarardilar. Talabgorlarning ichidan u Umarni tanladi. Kamtarona to'y qilishdi. Umar Madinaning ko'ngliga qarar, ular bir- birini so'zsiz tushunardi. Yillar ketidan yillar bir- birini quvlab o'taverdi, ularga Olloh farzand bermadi. Bormagan joyi, davolanmagan shifokori qolmadi. Atrofdagilar yangilik bormi, deb so'ray-so'ray, oxiri so'ramasdan qo'yishdi: "Ajrash, qachongacha mevasiz daraxtga termulib o'tirasan, sen qatorilarni bolasi uylanyapti". Bu kabi ta'na-dashnomlardan ikkisi ham zada bo'lib ketdi. Bu orada Umarning ukasi Saidning xotini ikkinchi farzandini tug'ib, bu yorug' olamni tark etdi. Shifokorlar Saidni xotiniga tug'ish mumkinmasligini, yurak parogi borligini ta'kidlasalarda, fikridan qaytmadi. Bitta bo'lsada o'g'lim bo'lsin deb birinchisini dunyoga keltirdi. Biroz vaqtdan keyin bitta farzandim ikkita bo'lsin deb ota-onasi-yu shifokorlarning so'ziga quloq solmasdan ikkinchisiga homilador bo'ldi. Uni dunyoga keltirdi-yu o'zining ahvoli og'irlashdi. Ko'rsatilgan tibbiy yordamlar naf bermadi, kelinchak vafot etdi, onaizori bag'rini dog'lab qolaverdi.

Chaqaloq juda nimjon - raxit kasalligi bilan tug'ilgan edi. Kattalar kelishgan holda Saidni bolasini Umarga olib berdilar. Bundan Madina xursand bo'ldi. Bola kasalmand bo'lsada, ularning oilasida ham quvonch paydo bo'ldi. Unga yaxshi niyatlar bilan Murod deb ism qo'ydilar. Katta e'tibor va g'amxo'rliklar bilan kechalarni bedor o'tkazib bolaga mehr berdilar, atrofida parvona bo'ldi. Bola ham ancha sog'ayib, ulg'aya boshladi. 

Murod maktabga bordi, yaxshi baholarga o'qiy boshladi. Uyda uning bilim olishiga Madina qattiq e'tibor qilardi. Shu zaylda Murod 9-sinf bo'ldi. 

Murodga tuqqan onasidan yurak parogi "meros" bo'lib o'tgan edi. Tinimsiz muolajalarga qaramasdan, yuragining betobligidan Murod ham bu yorug' olamni tark etdi. Madina va Umarga bu yorug' dunyo qorong'u bo'lib ketdi, ohu nolasi hammani yuragini ezib yubordi. Murodning ma'rakalarini o'tkazib olgandan so'ng Madina qanchalik azobli bo'lsada, turmush o'rtog'iga va uni yaqinlariga so'nggi qarorini aytdi: "Men sizlardan roziman, sizlar ham mendan rozi bo'linglar. Men endi ketaman, xo'jayinim bilan shuncha yil yashadik, shuncha sinovlarga bardosh berdik",-dedi. Umarga qarab: "Siz yaxshi bir qizga uylaning, farzandli bo'ling, sizga baxt tilayman", - dedi-yu o'kirib yig'lab yubormaslik uchun tezda chiqib ketdi. Yaxshi-yomon kunlariga guvoh bo'lgan uyi ortda qoldi. Umar ham ketma deb qolaverdi. Kelinidan bunday jasoratni kutmagan qarindoshlari esa qol deyishini ham, qolma deyishni ham bilmasdan qolaverdi.

Madina ota-onasi o'tgan uyga bordi. Ukasi va kelini bilan yashay boshladi. Ukasi ham opasining qarorini ma'qulladi. Lekin, Madina uchun azobli tunlar va kunlar boshlandi. Hammasidan birato'la mahrum bo'ldi, ammo hayot davom etaverdi. Umar ham bu yo'qotishlardan ancha esankirab qoldi, yeyishida ham, ichishida ham ma'no qolmadi. Qarindoshlari uni uylantirish taraddudiga tushib qolishdi. Yoshi kattaroq, "o'tirib" qolgan qizlardan surish-tirishdi. Nihoyat bitta qizni topib to'y qilishdi. Umar yangi kelinga ko'ngli bo'lmasada, asta-sekin kelinchakka ko'nika boshladi.

Madina Umarni uylanayotganini eshitib zor-zor yig'ladi, uni qarg'ab emas, unga baxt tilab, zora farzandli bo'lib ketsa hammani oldida yuzi yorug' bo'lsa, deb umid qilib, o'zini-o'zi yupatdi. Sevgan insoniga baxt tilab, tunlari yostig'i bilan sirlashdi. Odamlarga qo'shilsam balki, dardim ariydi deb, fabrikaga ishga kirdi. Bir yilga qolmasdan Umarning o'g'illi bo'lganini eshitgan Madina ko'z yoshlarini tiya olmadi. Turmush o'trog'ini yuzi yorug' bo'lganidan, boshqa bir ayoldan bo'lsada, farzandli bo'lganidan xursand bo'ldi. Umarga baxt tiladi.

Madinani ham yaqinlari farzandlari uyli-joyli bo'lib ketgan bir insonga uzatishdi. U inson ham, uning farzandlari ham Madinani yaxshi kutib oldilar. Madina ularga mehr berib, mehr oldi.

Hayot turli xil sinovlarga, turli tasodiflarga  boy. Inson uchun nima xayrli bo'lishini Yaratganning o'zi bilguvchi. Biz esa insoniyligimizni yo'qotmasdan bu sinovlar ichra go'zal yashaylik.

Amina XURRAMOVA.